"Kelmagan bir prezident qoldi, xolos"
Internet yulduziga aylangan va 45 yildan beri gazli suv sotuvchi Abduvosit ota hikoyasi
"Kelmagan bir prezident qoldi, xolos"
Internet yulduziga aylangan va 45 yildan beri gazli suv sotuvchi Abduvosit ota hikoyasi
Toshkentning 8-mart, Mehrjon va Surxon ko'chalari kesishmasi yaqinida, katta bir daraxt soyasida moviy bir budka bor. Ba'zida uning oldida ulkan navbatlar paydo bo'ladi. Bu yerda 30 yildan beri olmoslik Abduvosit Mahmudov qiyomli gaz-suv sotadi. "Gazeta.uz" 75 yoshli otaxonning hikoyasini havola qiladi.
Toshkentning 8-mart, Mehrjon va Surxon ko'chalari kesishmasi yaqinida, katta bir daraxt soyasida moviy bir budka bor. Ba'zida uning oldida ulkan navbatlar paydo bo'ladi. Bu yerda 30 yildan beri olmoslik Abduvosit Mahmudov qiyomli gaz-suv sotadi. "Gazeta.uz" 75 yoshli otaxonning hikoyasini havola qiladi.
«Келмаган бир президент қолди, холос». Интернет юлдузига айланган ва 45 йилдан бери газли сув сотувчи Абдувосит ота ҳикояси
Ishbilarmon va yoshlardek tetik otaxon telefonining ovozini balandlatib qo'ygan, narigi tomonda kimdir undan so'rayapti: "Ota, Chinozdan borayotgandik, manzilni tushuntirib yuboring". Otaxon har kuni kamida 10−15 marta qo'ng'iroq qilganlarga shu gapni takrorlaydi: "Shahar ruhiy kasalliklar shifoxonasidan Qo'yliq tomon kelaversangiz, 3-bekatga yetmay o'ng qo'lda havorang budka bor".

Shunday — Toshkentdagi Mehrjon 2-berk ko'chasining boshida to'q havorang budka bor. Tong sahardan to qosh qorayguncha uning yonidan o'tib qolsangiz, dimog'ingizga barbaris hidi uriladi, qulog'ingizga yuvilayotgan stakan ovozi eshitiladi, yoqimli bir salqinlikni his etasiz. Bu yerda 75 yoshli Abduvosit ota Mahmudov, shinavandalar tili bilan aytganda, ta'mi "30−40 yil avvalgidek tanish" gazlangan suv tayyorlab, sotadi.
"Bir bloger bola kelib, videosini internetga chiqarib yuboribdi. Shundan keyin odam rosa ko'payib ketdi. Avval ham kam emasdi, lekin ular asosan men bilgan va meni biladigan doimiy mijozlar edi-da. Hozir esa o'sha videoni ko'rib, har tarafdan yog'ilib kelishyapti", — deydi u.

Suv ichishga kelganlarning aksariyati: "Internetlarga chiqib, mashhur bo'lib ketibsiz-ku, ota!", degan gaplarini eslab, Abduvosit ota: "45 yil bir joyda ishlagach men mashhur bo'lmay kim mashhur bo'lsin? Faqat qo'shiqchilar mashhur bo'laveradimi?", — deb kulib qo'yadi.
реклама
реклама
Tarix
Abduvosit ota asli Chustning Olmos qishlog'idan. Taxminan 20 yoshlarida Toshkentga kelib, aeroport yaqinidagi limonad sexida ishlay boshlagan.

"Xo'jayinga ishim ma'qul keldi chog'i, yana uch oylik sinovidan o'tsam, gazli suv tayyorlashni o'rgatishini aytdi. Va'dasining ustidan chiqib, suv tayyorlashni ham o'rgatdi, apparatini ham berib qo'ydi. Keyinroq o'zim mustaqil ish boshlash istagini bildirganimda qarshilik qilmadi, apparatni ham sovg'a qilib yubordi", — deb eslaydi u. Otaning aytishicha, nafaqat budka, balki "apparat ham tarixiy — yaqinda 120 yoshga to'ladi".
Zavoddan mustaqil bo'lib chiqqach, Abduvosit ota avvaliga mors, keyinchalik gazli suv sotadi. Otaning ta'kidlashicha, u bu borada butun boshli tarmoq yaratadi — Toshkentning o'zida 13 ta, Chustda ham bir necha shoxobcha ochadi. Poytaxtdagi nuqtalarni qiyom va boshqa kerakli narsalar bilan o'zi ta'minlaydi, Namangandagi "filiallar" boshqaruvini to'laligicha yordamchilariga ishonib topshiradi.

Ammo qaysidir bir yili yo'l yoqalarida savdo bilan shug'ullanish taqiqlangach, barcha shoxobchalarini yopishga majbur bo'ladi. Budkalarining ikki-uchtasiga xaridor chiqadi, ikkitasini Namanganga olib ketadi, bittasi esa hozir ham uyida turibdi. Toshkentda faqat Mehrjondagi budka ishini saqlab qola oladi, xolos.

Ota o'zi qurgan "gazli suv saltanati"ning tor-mor etilishi bilan tugagan bu voqealar haqida nafaqat gapirishni, balki eslashni ham xohlamaydi.
Ishxona
Balandligi to'rt, eni uch metr keladigan budka Abduvosit otaning kamida 30 yillik hamrohi. Avvalboshda bu budka bir zavodning dispetcherlik punkti bo'lgan. 1990-yillarning boshida zavod yopilgan. Ishlamayotgan zavodning budkasini esa Abduvosit ota sotib olib, uni Mehrjon ko'chasidagi gazli suv sotish shoxobchasiga aylantirgan.

Avvallari shoxobcha hozirgi joyidan 100 metrcha narida, avtobus bekati yonida edi.

"Hokim kelib, „ota, budkangiz sal eskiroq ekan, bu yo'ldan har xil rahbarlar o'tadi, shunga budkangizni yangilatib bermoqchiman", dedi. Unamadim. „Yangilab olishga o'zimning kuchim yetmaydi deb kim aytdi? Odamlarga faqat suvimni emas, muhitni ham berishni xohlayman. Yangilatsam, budkaning tarixiyligi qayerda qoladi?", deb turib olganimdan keyin yo'l yuzidan chetroqqa olishni taklif qilishdi. Mana shu daraxtning tagi salqin ekan deb, keyin o'zlari ko'chirib qo'yishdi", — deb eslaydi ota.
Budka go'yo Abduvosit otaning uyiga aylanib qolgandek. Mittigina bo'lishiga qaramay, uning ichiga otaga zarur hamma narsa — ventilyatorcha, soat, havo haroratini ko'rsatuvchi termometr, muzlatgich, terminal (plastik kartadan to'lovlar uchun), elektr choynakdan tortib ish jarayonida kerak bo'ladigan gigiyenik qo'lqoplar, namlantiruvchi lattalar, baklajkalar, stakanlar va har xil boshqa idishlar, necha-necha litr qiyomlargacha sig'ib ketgan.
Budka markazidagi kreslo aslida "ish boshqarish" markazi — u Abduvosit ota uchun tana a'zosidek muhim.
Ish
Abduvosit ota bu yil suv sotishni fevraldan boshladi. Savdo odatda oktabrgacha, kunlar iliq bo'laversa, noyabrgacha ham davom etaveradi. Yozda 10−15 kuncha tanaffus olib, tibbiy ko'rikdan o'tadi, sog'lig'iga qaraydi. Bu paytda budkadagi savdoga singlisi va jiyani qarab turadi. Qolgan vaqt dam olish kunisiz ishlaydi, ertalab 9:00 dan kechki 21:00 ga qadar — kuniga 12 soat tinim bilmaydi. Chillada ish soat 8:00 da boshlanib, kech soat 22:00—23:00 largacha davom etishi mumkin.

Ishga vaqtli kelib, uyga kech qaytishda, asbob-uskunalarni, sex buyurtma asosida maxsus tayyorlab beradigan yuzlab baklajkalarni tashishda unga haydovchisi yordam beradi. Hozirgi haydovchisi bilan ishlayotganiga 5 yil bo'lgan. "Shu paytgacha uch-to'rt haydovchi almashtirdim. Bo'lmaydiganini qaytaraman, ishonchimga kirganini olaman", — deydi ota.
реклама
реклама
Ishdan kechki 10 larda ketsam, uyga borib yuvinaman, ovqatlanaman, bir soat televizor ko'raman, shular bilan soat 12 bo'lib qoladi. Keyin bir soat telefonda ijtimoiy tarmoqlarni kuzataman, yangiliklardan xabardor bo'laman, shu bilan soat tungi 2 bo'ladi. Yoshim katta bo'lgani bilan zamondan orqada qolishni xohlamayman. Suvga kelganlarga kun mavzusida, kayfiyatida muomala qilgim keladi
Abduvosit Mahmudov
Tongda ish kela solib xaridorgir gazli suvni tayyorlashdan boshlanmaydi. Ota ish kiyimi — oq xalatini kiyib, avvaliga budka va uning atrofini tozalaydi, ishlatilgan suvlarni mahalladagi chuqurchaga tashlab keladi. "Toza narsani toza joyda sotish kerak", — deydi ota. Sanitariya talablariga rioya qilinmasa, toza bo'lmasa, shaharning uzoq bir burchagidagi budkada tayyorlanayotgan suvni ichish uchun shuncha odam navbatga turmasdi, deb qo'shimcha qilib qo'yadi.
"Tayyorlagan suvimga kafolat bor. Toza bo'lmasa, yaxshi bo'lmasa, narxidan kelib chiqqanda ham odamlar bu suvni tanlamasdi. Masalan, har kuni 200−300 baklajka sotiladigan 1,5 litrlik qiyomli suvimiz 16 ming so'm — 1,5 litrli kola ham bundan arzonroq, 12 ming, 13 ming so'm turadi. Oddiy gazli suvimiz ham do'kondagidan qimmat — do'konda 4 ming, bizda esa 7 ming so'm", — deya tushuntiradi Abduvosit ota.

Hammayoqni tartibga keltirgach, daraxtga ilib qo'ygani va ichi baklajkalarga to'la to'rvaxaltalarini olib, ichkari kiradi va mitti ventilyatorchasini yoqadi-da, "Bismilloh!" deya suv tayyorlashga kirishadi. Har holda, budka eshiklari ochilib, to tayyorgarlik yakuniga yetgunicha bo'lgan 20−30 daqiqa ichida mijozlar ham to'planib, kutib qolgan.
Suv
Katta avlodga eski davrlarni eslatuvchi suvning tarkibi quyidagicha: qiyom va gazlangan suv. Qiyom esa novvot, shakar, maxsus ta'm beruvchi kukunlar va suvdan tayyorlanadi. Qiyomni Abduvosit otaning hovlisida ijarada turadigan yigitlar har kuni kunduzi 50 litrlik qozonda tayyorlab qo'yadi.

Qiyomni tayyorlash jarayoni ko'p ham murakkab emas. Avvaliga novvot va shakar qaynatiladi. "Novvot — issiqlik. Tanadagi sovuqliklarni chiqarib tashlaydi, yo'tal, shamollashlarni yo'qotadi, chanqatmaydi", — deya tushuntiradi ota. So'ng, yarimtayyor masalliqqa gilos, limon, apelsin, mandarin, olcha kabi mevalar ta'mini beruvchi aralashmalar solinadi. Ota bu aralashmalarni Xitoydan buyurtma qildiradi.
"Qiyom tayyorlashda o'ta ehtiyotkor va hushyor bo'lish kerak. Me'yoridan o'tib ketsa taxir bo'lib qoladi, me'yoriga past bo'lib qolsa, u ham bo'lmaydi. 45 yildan beri ustozim o'rgatgan retseptdan tashqariga chiqmayman. Poyezd relsdan chiqsa nima bo'ladi? Ag'anib ketadi. Agar bu suvni ham noto'g'ri qilib qo'ysangiz, odamlar kelmaydi. Nima, boshqa joyda suv yo'qmi? Dunyoning har qadamida suv sotadi", — deydi Abduvosit aka.

Budkadagi muzlatgich qiyom to'ldirilgan bir litrlik baklajkalar bilan limmo-lim. Zarurat tug'ilishi bilan, "120 yillik" apparatning maxsus idishi qiyomga to'ldiriladi. So'ng apparatning o'zida, 10 darajagacha sovitib tayyorlanadigan gazli suvga qo'shiladi. Masalan, bir stakan gazli suvga 10 grammcha qiyom qo'shiladi. Gazli suv, qiyom va yana gazli suv — mana shu ketma-ketlik bajarilgach — barbaris ta'mli, ustida ko'pigi bor yoqimli bir ichimlik tayyor!
Navbat
Odam ko'p. Mijozlarning keti uzilmaydi. Tasavvur qilishingiz uchun — tushlik payti va asrga yaqin navbat katta yo'l yoqasigacha cho'zilib ketadi. Navbat kattalashib ketgach, tabiiyki, unda-bunda bir asabbuzarlik, gal talashish kabi holatlar ham bo'lib turadi. Shunday vaqtlarda ota mijozlardan tartibni, navbatni buzmaslikni iltimos qiladi.
Ba'zan navbat emas, balki suvni baklajkaga solib, yo'lda ichmoqchi bo'lganlar e'tirozga sabab bo'ladi.
Anchadan beri navbatda turgan bir mijoz yana bir xaridor baklajkani to'ldirib qiyomli suv olayotganini ko'rib, oxiri chidab turolmadi.

— Shu yerda ichadiganga navbatsiz bering-da, ota! O'zi issiqda chanqab, suv ichaman deb kelgan odam yarim soatlab kutib tursayu, buyoqda joyida ichmaydiganlar baklajkaga solib olib ketaversa, bu qanaqasi?! Manziliga borguncha, suvning ta'mi yo'qolishini aytsangiz bo'ladi-ku bularga!

— Ha, gazli suvning haqiqiy mazasini his qilish uchun shu yerning o'zida ichish kerak. Lekin quyib bering, yo'lda ichib ketaman deb tursa, qanday qilib ularning ra'yini qaytaraman?, — deb javob beradi ota. Uning ta'rifiga ko'ra, bu suv xuddi palovdek — uni ham qozon boshida yemasang, asl mazasini his qilmaysan.
Ota bir o'zi ishlaydi. Tashqaridan qaragan odamga, otaga kamida bir yordamchi kerakdek ko'rinadi. Shunda, ehtimol, mijozlar oqimini ham ikkiga bo'lsa bo'lar, navbat ham tezroq yurar.
"45 yildan beri ishlayotgan bo'lsam, bu haqda o'zi o'ylab ko'rmagan, deb o'ylaysizmi? O'ylab ko'rganman, sinab ham ko'rganman. Bir-ikki yigitlarga oylab o'rgatsam ham, qunt qilolmagach, yordamchi olish fikridan to'liq qaytganman. O'zi fe'lim juda injiq. Men bilan ishlash ham, yashash ham oson emas. Shunga o'zimni ham, boshqalarni ham qiynagim kelmaydi", — deydi Abduvosit aka.
Lekin bizga ota baribir bir yordamchi olishi kerakdek ko'rinaveradi. U kishining oldiga necha kun suhbatga borgan bo'lsak, ota gaplashish tugul bemalol tushlik qilishga-da vaqt topolmadi. U budkasi joylashgan mahallaga ham qadrdon bo'lib ketgan emasmi, mahalla-ko'y unga osh-ovqat ham chiqarib turarkan.
Bir kuni 12−13 yoshlar chamasi bir bola "dodam berib yubordilar" deb budkaga bir kosa mastava olib keldi, lekin uni bamaylixotir ichib olish uchun Abduvosit otada hech imkon bo'lmadi. Ertasi kuni yana suhbatlashgani borganimizda, ota kecha tushlikka kelgan mastavani kechki ovqat bilan qo'shib tanovul qilganini aytib berdi.

"Odam ko'p-da. Odam kamroqligida bir piyola choy ichib olsam ham menga foyda. Tasavvur qiling, qizim, suv deb shuncha odam navbatda tursayu men ovqat yeb o'tirsam, madaniyatga ham, mas'uliyatga ham to'g'ri kelmaydi. Rahmatli Hojiboyning: „Ikki qo'ling ishda bo'lsayu, ovqatingni bir apparat yedirib ketaversa-da", degan bir hazili bo'lardi. Bizga shunaqa apparat kerak, qizim", — deb mutoyiba qiladi ota.
Ota kun davomida budkadan tashqariga chiqmaydi; muzlatgichdagi qiyomlar to'g'ridan-to'g'ri apparatga quyilmaydi-da, yo'qsa yumshoq kreslosidan ham turmasdi. Lekin nolimaydi. "Odam bir narsadan kechmasa, bir narsa dunyoga kelmaydi. Oyog'im og'riydi deb shu ishni qilmay uyda o'tirsam, kimdir menga bir so'm pul bermaydi-ku. U yerim og'riydi, bu yerim og'riydi desa, nimagadir erishib bo'ladimi?", — deydi u.

Uni onda-sonda bir o'rnidan jiddiy turishga majbur qiladigan narsa — texnika.
"Bu apparatning ham ba'zan bir vagon odam kutib turganida ishlamay qolishi bor. Uni o'zim 80 foizga tushunaman. Ko'pincha shu bilimlarim asosida tuzatishga urinaman. Eplolmasam, ustani chaqiraman — birpasda yetib kelib, to'g'rilab beradi", — deydi Abduvosit aka.
Odamlar nima deydi?
Abduvosit Mahmudov mijozlari uchun "doda", "ota", "amaki". Bu "nevaralar", "jiyanlar" tinmay "qiyomidan ko'proq bo'lsin", "suvidan ko'proq qo'shing", "to'ldirib quying", "shirinroq bo'lsin", "ko'pigi ko'proq bo'lsin" degani degan. Gapga chechan Abduvosit ota: "Qiyomini, suvini, shirinligini, ko'pigini men belgilamayman, avtomat quygani bo'ladi", — deb javob beradi, hech kim e'tiroz bildirmaydi, rahmatlar aytib, muzdek shirin suvni simiradi.

Tinim yo'q, tushlikka ham imkon bo'lmaydi, dedik-ku, ota esa oz emas, ko'p emas, naq 75 yoshda — tushdan o'tib charchab qoladi. Shunday vaqtlarda "sal tezlashtiraylik, doda", deb luqma tashlaganlarga muloyimlik bilan: "Tezlashtirib bo'lmaydi-da, bu apparat, chiqargunicha kutasiz: qo'shadi, aylantiradi, filtrlaydi, keyin tayyor bo'ladi", deb yana yoshi o'zidan ham ulug' apparatiga orqa qiladi.
реклама
реклама
Ota hech kimga qattiq gapirmaydi, charchagan mahali ham, manzil so'rovchilarning ketma-ket qo'ng'iroqlaridan telefonni otib yuborgisi kelgan vaqtida ham shirinsuxan. "Kelganlarning har biriga yaxshi muomala qilish — majburiyatim. Insonlarning hammasiga muomala berish kerak. Shular bor, biz bormiz. Ular kelmasa, bu apparatning ham nima keragi bor?", — deya tushuntiradi.
Navbatda turgan yoshi kattalarning ko'pi eski, doimiy mijozlar. Muxbirlar otadan intervyu olayotganini ko'rib, ular ham gapga aralashadi, otani maqtay ketadi: "Men dodaning suvlarini 5 yildan beri ichaman, gap yo'q!", "20 yildan beri mijozlariman, suvning ta'mi o'sha-o'sha!", degandek.

Yoshlarning aksariyati esa ijtimoiy tarmoqlarda ko'rib kelgan. Biri: "Hozir men sizni sakkiz joydan so'rab, bir sotuvchi aytgani bo'yicha arang topib keldim", desa, boshqasi bu suvning filiallarini ko'paytirish, Qoraqalpog'istongacha yoyish, ko'proq odamlarga o'rgatish kerakligi haqida gapiradi.
Yana birov suvni icha turib, birga biznes qilishni taklif qiladi: "Ikkalamiz sex qilamiz, milliardlab pul ishlaymiz, ota. Men sizga prodyuser bo'laman", deydi. Boshqasi budka yonida qurut, paxlava, shirinliklar ham sotishni taklif qiladi, hammasini o'zi tashkil qilishi mumkinligini aytadi. Ota hech kimga yo'q demaydi, chunki deyarli har kuni bo'ladigan bunday balandparvoz takliflar, quruq gap-so'zlarga o'rganib ketgan — ularning deyarli hech biri qaytib kelmaydi, deydi u.
Rossiyaga ketganlar O'zbekistonga qaytgach, suvingizni ichmaganimga 2−3 yil bo'ldi, bir quying, deb keladi", — deydi ota. Uning aytishicha, Rossiyadagi o'zbekistonlik bir yigit ochgan kafe bor, uning tanishlari har safar Rossiyaga ketar mahali otadan 50 litrlab qiyom olib ketadi. "Rossiyaning yarmi suvingizni biladi, degandi o'sha bola
Abduvosit Mahmudov
"Xitoy, Koreya, Amerikalardan ham izlab kelishadi. Koreyalik bir sayyoh internetga chiqarib yuborgan ekan, Koreyaning har xil joylaridan ketma-ket odamlar keldi. Yaqinda Qozog'istondan to'rt turist keldi. Bir ayol o'zining isroillik ekanini aytib, „sening videongni nevaram yuborgandi, suvingni ichgani keldim", dedi", — deb eslaydi Abduvosit aka.
Talab yuqoriligidan ota hatto koronavirus pandemiyasi davridagi karantinda ham tinmagan. To'g'ri, u ham budkasini hamma qatori yopgan. Ammo vaziyat biroz yumshagach, budkani 100−200 ta yarim litrlik qiyomli suvlarga to'ldirib, eshikni yarim berkitib, savdoni qilavergan.

"Meni ko'rganlarning o'zi bilib-bilib, „ota, suvdan bering", deb kelishardi. Bir kelganda 5−10 talab idishda olib ketishardi. O'zi bu suvning xaridori ko'p, har qanaqa vaziyatda ham sotilaveradi", — deydi u. Shuning uchun bo'lsa kerak, ba'zi mijozlar pandemiyadaki sotilgan narsa savdosini qishda ham to'xtatmaslikni otadan so'raydi (Abduvosit Mahmudov qishni ota yurti Chustda, farzandlari davrasida o'tkazadi).
Odamlar har xil-da, yozning chillasida yarim tunda ham telefon qilib "suv tayyorlab bering", deydiganlar ham bor. "Uyimga kelib, qiyomini olib ketib, o'zlari gazli suvga qo'shib, tayyorlab olishlari mumkinligini aytaman", — deydi ota. Lekin bunda ta'm baribir boshqacharoq bo'ladi, chunki, otaning tushuntirishicha, do'konlardagi oddiy mineral suvning gazi tez, ochgan zahotingiz chiqib ketadi, ta'mi ham achchiqroq — ichganda tomoqni qiradi.

Bo'lsa shu, bo'lmasa "tonggacha sabr qilish kerak". Lekin istisno holatlar ham bor.
Bir kuni ishdan endi qaytgan vaqtim, soat 23:30 lar chamasi, telefonim jiringladi. Ko'tarsam, bir kishi: „Ota, ishdamisiz?", deydi. „Kelinimiz siz tayyorlagan gazli suvga boshqorong'i bo'lgan ekan. Bo'lmayapti-da, ichaman deb turib olgan. Sizni borib olib kelsak, tayyorlab bermaysizm?", deydi. Rozi bo'ldim. Yarim soatlarga qolmay olib ketishdi, tayyorlab berdim
Abduvosit Mahmudov
Boshqa bir safar budkani yopishga taraddudlanib turganida, bir yigit hovliqib kelgan. Uning rafiqasi ham turmushga chiqmasidan avval ota tayyorlagan gazli suvdan ichgan, homiladorligida esa shu suvga boshqorong'i bo'lgan. Eriga suvni qayerda ichganini taxminan aytarkanu, lekin hech anig'ini eslay olmasakan. Yigit bechora ham xotini aytgan mo'ljal bo'yicha borib, qidirib-qidirib, topolmay qaytarkan.
Ayoli „qayerdan bo'lsa ham topib kelasiz!", deb takror jo'nataverarkan. Yigit bir kuni telefonini titkilib o'tirganida tarmoqdagi videolar orasidan mening budkam ham chiqib qolibdi. Shundan keyin manzilimni topib, kun kech bo'lsa ham kelaveribdi. Tayyorlab berdim, albatta
Abduvosit Mahmudov
Otaning hikoya qilishicha, yana bir yigit turmush o'rtog'ining ko'zi yorigunicha har kuni shu suvdan olib ketgan. Bolasi tug'ilib, biroz katta bo'lgach, otani ko'rgani oilaviy budkaga kelishgan. "Bolasi biram shirin bo'lib tug'ilgan, asti qo'yaverasiz. „Ota, sizning suvingizni ichib shunaqa bo'lgan", deyishdi. Kulib, ko'z tegmasin, chiroyli bo'libdi, Alloh xushsifat beribdi dedim", — eslaydi ota xursand bo'lib.
Bir necha yil avval qaysidir bir katta tashkilot xodimlari ota tayyorlagan qiyomli gaz-suvdan ichib, hamkasblariga ham tavsiya qilgan. Suvning dovrug'i oxiri ularning rahbarlarigacha yetib borib, "suvni rosa maqtashyapti, SESda tekshirtirib ko'ringlar, yaxshi xulosa bersa, doimiy ichamiz", degan topshiriq tushgan.
SESda tekshirtirganida suvning tarkibi zo'r chiqqan. Shundan beri hokimbuvasi ham keladi, sudyalar, prokurorlar, ichki ishlar, general-polkovniklari ham keladi, to'lib ketadi. Kelmagan bir prezident qoldi
Abduvosit Mahmudov
реклама
реклама
Ehtimol, tinmay gapga soladigan, turli maqtovlar aytadigan mijozlarining borligi ham Abduvosit akaga shunday tig'iz kun tartibida ham ishlashga kuch berar. U mijozlarining juda odamoxunligi, hatto qishda ham qandaydir ichimlik tayyorlab sotishini ko'p so'rashlarini aytadi.
So'ngso'z o'rnida
"45 yil bir joyda bir ish bilan mashg'ul bo'lish oson emas. Birovning dilida „shuni yo'qotish kerak" degan qasd paydo bo'lishidan saqlab turgan Allohga ming shukr. Ming yomonni ham, ming jallodni ham O'zi jilovlab qo'ya oladi. Menga shahar kerak emas. Oltin zanglamas, deydi. Yaxshi narsani odamlarning o'zi topib keladi", — deydi ota.
Abduvosit Mahmudov bilan xayrlashar ekanmiz, 75 yoshda ham tetik bo'lib ishlash uchun nima qilish kerak deb savol berdik.

"O'zingiz yaxshi bo'lsangiz, Alloh beraveradi. G'oyibidan deydi-ku. Ko'rdingiz, Toshkentning to'rt tomonidan tortib, viloyatlar va hatto chet eldan ham so'rab kelishadi. Ko'chada shuncha odam chanqab yuribdi, ularning chanqog'ini qondirish uchun ham Alloh 80 ga yaqinlashib qolgan odamga kuch-quvvat beryapti", — deya qo'shimcha qildi Abduvosit ota.
Materialni Ziyoda Ramazonova tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Madina A'zam.
Video operator va montaj ustasi: Ma'murjon Obrahmatov.
Muharrir: Muhrim A'zamxoʻjayev

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting