Yog‘ingarchilikni raqamlashtirish
Shaharni suv bosishi muammosini Toshkent qanday hal qilmoqchi?
Toshkent hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti poytaxt irrigatsiya-drenaj tizimi obyektlarini elektron xaritaga tushirdi. Mutaxassislar ushbu tizim nimalardan iborat ekani, nega Toshkentni muntazam suv bosayotgani va mazkur muammoni qanday hal qilish rejalashtirilayotgani haqida “Gazeta.uz”ga so‘zlab berdi.
Toshkent hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti poytaxt irrigatsiya-drenaj tizimi obyektlarini elektron xaritaga tushirdi. Mutaxassislar ushbu tizim nimalardan iborat ekani, nega Toshkentni muntazam suv bosayotgani va mazkur muammoni qanday hal qilish rejalashtirilayotgani haqida “Gazeta.uz”ga so‘zlab berdi.
Sharros yomg‘irlar Toshkentning muntazam ravishda suv ostida qolishiga sabab bo‘lmoqda. Aprel boshidagi davomli jala oqibatida ko‘p qavatli uylarning hovlilari va yerto‘lalari suv ostida qoldi. Rasmiylar shahar drenaj tizimini ta’mirlash haqida 2015-yildan beri gapiradi. Bahorda prezident bu muammoni bartaraf etish dasturini ishlab chiqish haqida yana bir bor ko‘rsatma berdi. Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti ushbu og‘riqli masala ustida 2021-yildan buyon shug‘ullanib kelmoqda.

Departament direktori Aleksey Xen va uning o‘rinbosari Kamoliddin Fayzullayev “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida drenaj, irrigatsiya va yomg‘ir suvlarini oqizish tizimlari, ular bir-biridan qanday farqlanishi, ularni o‘rganish davomida mutaxassislar qanday muammolarni aniqlagani va endi ularni qanday hal qilmoqchi ekani haqida so‘zlab berdi.
Raqamli rivojlanish departamenti qanday qilib irrigatsiya-drenaj tizimiga bog‘lanib qolgani haqida so‘zlab bersangiz.
Aleksey Xen: Departamentimiz 2021-yildan beri mavjud. U avvalboshdanoq shaharni boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida tashkil etilgan. Biz, jumladan, barcha infratuzilma obyektlarini ham raqamlashtiramiz, irrigatsiya-drenaj tizimlari esa shahar infratuzilmasining bir qismi hisoblanadi.

Muhandislik nuqtai nazaridan, drenaj, irrigatsiya va yomg‘ir suvlarini oqizish tizimlari — shahar infratuzilmasining eng murakkab jabhasi. Ularni raqamlashtirish qulay turmush sharoitlarini yaratishga va kattagina budjet mablag‘larini tejashga yordam beradi.

Ikki yil avval, matbuotda shaharni suv bosayotgani haqidagi xabarlar chiqqach, men kartograflarimizga mazkur masalani o‘rganish haqida topshiriq bergandim. Biz darhol tizimni raqamlashtirishga kirishgandik.
реклама
реклама
Kamoliddin Fayzullayev: Gap shundaki, tizim obyektlarining ma’lum bir qismi yer ostida joylashgan. Ular 1970−1980-yillarda qurilgan bo‘lib, sxemalari cheklov griflariga ega va faqat xizmat doirasida foydalanish uchun mo‘ljallangan. Bu sxemalarni o‘zida saqlab kelayotgan tashkilotlar ularning griflarini hali ham qayta ko‘rib chiqqan emas.
Loyiha institutlarining oldiga ham shaharni suv bosishi muammosini hal qilish vazifasi qo‘yilmaganmi?
Aleksey Xen: Men irrigatsiya va drenaj tizimi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash loyihasining bir qismini ko‘rgandim. Uni 2014-yil 30-maydagi jaladan keyin 2015-yili “UzGASHKLITI” instituti ishlab chiqqan. Ammo Toshkentdagi jadal qurilishlarni inobatga oladigan bo‘lsak, hozir bu hujjat qanchalik dolzarb, degan savol ham tug‘iladi.

Kamoliddin Fayzullayev: Ular qandaydir rekonstruksiya variantini taklif qilgan bo‘lsa kerak, ammo ularning takliflariga, aftidan, ko‘p ham e’tibor berishmagan.
Biz yangi ma’lumotlar yo‘qligini tushunib yetgach, ularni o‘zimiz to‘play boshladik. Shu maqsadda Toshkentning irrigatsiya, drenaj va yomg‘ir suvlarini oqizish tizimlariga u yoki bu darajada aloqador barcha tashkilotlarning mutaxassislarini taklif qildik.

Bunday tashkilotlar naq 25 ta ekan! Ular uchtasi Avtoyo‘l qo‘mitasi tarkibidagi, ikkitasi shahar hokimligi tizimidagi, 8 tasi Toshkent shahar Obodonlashtirish boshqarmasi tizimidagi, 12 tasi esa tuman obodonlashtirish boshqarmalari tarkibidagi tashkilotlar edi.

Ushbu tashkilotlarning mutaxassislari o‘zlari javobgar bo‘lgan ariqlar, kollektorlar, kanallar, gidropostlar va boshqa obyektlar qayerda joylashganini ko‘rsatib berdi. Kimdir o‘z chizmalarini ko‘tarib keldi, boshqalar esa shahar xaritasidan ko‘rsatib berdi. Departamentimiz geodezisti Qobil Karimboyev barcha ma’lumotlarni bazaga kiritdi va har bir uchastkaga mas’ullarni, obyekt turlarini, tarmoqlarning yo‘q qilib yuborilgan qismlari va boshqa ma’lumotlarni raqamli xaritaga chiqarib berdi.
Aleksey Xen: Ya’ni, javobgar ko‘p, lekin qarorlarni tezkor qabul qilib, vazifa va topshiriqlarni barcha mas’ullar o‘rtasida taqsimlab turadigan yagona muvofiqlashtiruvchi yo‘q ekan.
Muammolarga o‘tishdan avval irrigatsiya-drenaj tizimi o‘zi nima, nimalardan iborat ekani haqida aytib bersangiz.
Kamoliddin Fayzullayev: Unday bo‘lsa, keling, tarixdan boshlaymiz. Odamlar 2000-yil avval Toshkentni qurishga kirisharkan, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanish qulay bo‘lgani uchun ham shu hozirgi joyni tanlagan. Toshkent suvning butun shahar bo‘ylab bir xil — shimoli-sharqdan janubi-g‘arbga tomon oqishiga imkon beradigan yaxshi relefga ega.

Toshkentga asos solgan odamlar aholida suv bo‘lishi uchun maxsus bir kanal qazigan. Biz hozir bu kanalni Bo‘zsuv deb ataymiz. U Chirchiq daryosidan suv oladi. Toshkentda Bo‘zsuv dalalarni sug‘orish uchun ko‘plab ariqlarga bo‘linib ketgan. Shahardan chiqib, ular yana bir butunga aylanadi va Sirdaryoga quyiladi.
Mana shunday sug‘orish tizimi 1960-yillarga qadar o‘zgarishsiz saqlangan. 1966-yilgi zilziladan keyin shaharda drenaj va yomg‘ir suvlarini oqizish tarmoqlari qurila boshlagan va maishiy kanalizatsiya rekonstruksiya qilingan.

Maishiy kanalizatsiya nima ekanini hamma bilsa kerak. Boshqa atamalar nimani anglatishini aniqlab olaylik. Irrigatsiya tarmog‘i sug‘orish va yashil hududlarni suv bilan ta’minlash uchun kerak.

Drenaj tizimi esa yerosti suvlari darajasini optimal ko‘rsatkichda saqlab turish uchun zarur. Yog‘ingarchilik tuproqqa singgan vaqtda yerosti suvlarining darajasi ko‘tariladi. Agar suv yer sathiga yaqin kelib qolsa, tuproqning sho‘rlanishi boshlanadi. Bu esa binolar holati va o‘simliklar qoplamiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Va aksincha — agar yerosti suvlarining darajasi normadan pastlab ketsa, ko‘p yillik daraxtlar qurib qolishi mumkin.
Drenajlar ikki xil bo‘ladi: gorizontal va vertikal. Gorizontal drenaj — bu yer sathidan ancha pastda joylashgan handaq (transheya) bo‘lib, suv shu yerga to‘planib, keyin oqib ketishi kerak. Ba’zida shu transheyalar tomon teshiklari bor quvurlar yotqiziladi va ko‘mib yuboriladi. Suv teshiklar orqali quvurga tushadi va u yerdan odatda katta qilib tayyorlanadigan va kollektor deb ataladigan transheyalarga borib tushadi.

Vertikal drenaj esa artezian qudug‘iga o‘xshaydi. Farqi — quduqning chuqurligida: artezian quduqlar chuqurroq bo‘ladi. Yerga quvur qoqiladi, chuqurlik nasosi o‘rnatiladi. U suvni yuqoriga haydaydi va shu tariqa mazkur uskuna atrofidagi tuproqda suv miqdori pasaya boshlaydi.
реклама
реклама
Yog‘ingarchiliklar vaqtida irrigatsiya tizimi va drenaj tarmog‘i suvni chiqarib tashlash uchun ishlatiladi, chunki suv bu tarmoqlarning qaysi biri yomg‘ir suvlarini oqizish tarmog‘iyu, qaysi biri sug‘orish tiziminiki ekan, deb ajratib o‘tirmaydi. Suv o‘ziga fizika qonunlari asosida yo‘l topib ketaveradi. Ammo shaharning shunday qismlari borki, bunday joylarda yomg‘ir suvlari o‘z holicha kollektor yo kanallarga oqib chiqib keta olmaydi. Bunday joylarda, odatda, inson tomonidan qurilgan inshootlar yoki hududning mikrorelefi suv yo‘liga to‘g‘anoq bo‘ladi. Mana shunday nuqtalarda yomg‘ir suvlari uchun mo‘ljallangan kanalizatsiya quriladi. U beton lotok (ariq)lar, kollektorlar, nasos stansiyalari va boshqalardan iborat bo‘ladi.
Chilonzor-12 mavzesi. 1965-yilgi suratda (chapda) bu yerdan kanal o‘tganini ko‘rish mumkin. 2016-yili chorrahada “G” harfi shaklidagi (kulrang tomli) bino qurildi.
Chilonzor-12 mavzesi. Qattiq jala vaqtida ushbu bino va unga yaqin joylashgan turar joylar orasini suv bosadi, chunki asosiy ko‘chadagi yomg‘ir suvlarini oqizib ketuvchi ariqqa qo‘shimcha ariqchalar solinmagan.
Drenaj va irrigatsiya tarmoqlarini va yomg‘ir suvlarini oqizish kanalizatsiyalarini loyihalashtirish va qurish o‘ziga yarasha murakkab jarayon. Buning uchun muhandislik-texnik o‘rganishlar olib borib, barcha yerosti kommunikatsiyalar va relefni hisobga olgan holda joyning aniq topografik rejasini tayyorlash kerak.
Sizdagi ma’lumotlar bo‘yicha, hozir Toshkentda necha kilometr shunday tarmoq bor?
Kamoliddin Fayzullayev: Ushbu tizimlarga aloqador 25 tashkilot balansida 60 km drenaj, 206 km kollektor, 533 km ariq va kanal, 1213 km sug‘orish lotoklari bor. Yana 18 km inshoot esa yomg‘ir suvlari kanalizatsiyasi hisoblanadi.
Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi mutaxassis birgina ularning ixtiyorida 1500 km lotok borligini aytgandi.
Kamoliddin Fayzullayev: Biz ma’lumotlarimizni ushbu barcha tashkilotlarning mutaxassislari ishtirokida o‘tkazgan xatlovlarimiz asosida olganmiz. Imkoniyatdan kelib chiqib, ushbu obyektlarni 1977 va 1992-yilgi xaritalar bo‘yicha tekshirib ham chiqdik. Obodonlashtirish boshqarmasi ixtiyorida qog‘ozda balki shuncha obyekt bordir, ammo joyida-chi? Kim va qachon inventarizatsiya o‘tkazgan? O‘sha 1500 km lotokning xaritasi bormi?

Bundan tashqari, biz Toshkentdagi kollektorlarning 5,8 kilometri va ariqlarning 28,3 kilometri egasiz ekanini aniqladik. Bu uchastkalarning borligini hamma biladi, ammo ular uchun hech kim javob bermaydi. Katta ehtimol bilan, ushbu obyektlar aynan shu tashkilotlarning balansida bo‘lgan, ammo bugungi kunga kelib qandaydir sabablarga ko‘ra bu joylar unutilgan. Bundan tashqari, turli qismlariga har xil tashkilotlar egalik qiladigan obyektlar ham bor. Shu tufayli, ularga xizmat ko‘rsatishda qiyinchiliklar yuzaga keladi.
Ko‘p xonadonli uylar hovlilari va mahallalardagi lotoklar — alohida mavzu. Ular yuqorida sanab o‘tilgan tashkilotlar balansida emas. Avvallari ko‘p qavatli uylar oldidagi lotoklarga turar joy-xizmat ko‘rsatish idoralari (JEKlar) qaragan. Ular davlat budjeti tomonidan moliyalashtiriladigan davlat tashkilotlari edi. Hozir mahallalar va uy-joy mulkdorlari shirkatlari (UJMSh)lar bunday obyektlarga qarab, zarurat tug‘ilsa qura oladimi? Shudir masala.
Nega shaharni suv bosyapti?
Aleksey Xen: Sabablar har xil. Biz har bir jaladan keyin suv toshgan joylar haqidagi ma’lumotlarni to‘playmiz. Axborotni ijtimoiy tarmoqlardan, “Xalq nazorati”ga kelgan xabarlardan va suv bosishi holatlarini bartaraf etayotgan xizmatlarning ma’lumotlari asosida to‘playmiz.

Suv bosgan joylar xaritada ballik tizim asosida aks etadi: toshqin ko‘lami qanchalik katta bo‘lsa, indikator ham shunchalik katta bo‘ladi; bu joyni qanchalik ko‘p suv bosayotgan bo‘lsa, dumaloqcha ham shunchalik qizg‘ish bo‘ladi.
Har bir muammoga imkon qadar fotosuratini ham ilova qilishga urinamiz. Bundan tashqari, tushgan yog‘in miqdorini ham ko‘rsatamiz. Hokimlikning o‘ziga tegishli 10 ta meteostansiyasi bor. Hozir ulardan ikkitasiga (“Yangi O‘zbekiston” parkida va Xalqlar do‘stligi maydonida) har soatda tushgan yog‘in miqdorini millimetrlarda o‘lchaydigan datchiklar o‘rnatilgan. Masalan, 2-aprel kuni 4 soatda 24 mm yog‘in tushgan — bu bir oylik normaning uchdan biri.
Xalqlar do‘stligi maydonidagi meteostansiya ma’lumotlari
Biz har bir nuqtadagi muammo sabablarini aniqlay olamiz. Masalan, yodingizda bo‘lsa, 2022-yil mayida qattiq jala oqibatida Mirzo Ulug‘bek tumanida Akusherlik va ginekologiya ilmiy-tadqiqot instituti oldidagi chorrahani suv bosdi. U yerda suv chiqib ketishi uchun yo‘l yo‘q edi, shu bois, kollektor qurilganicha, vaqtinchalik yechim sifatida yomg‘ir kanalizatsiyasi maishiy kanalizatsiyaga ulab qo‘yildi.
Olovrang chiziq — maishiy kanalizatsiya, yashil — beton lotoklar, qizil — yomg‘ir kanalizatsiyasining quvuri
Nima uchun bunday qilmaslik kerak?
Aleksey Xen: Chunki tozalash inshooti faqat kanalizatsiya oqovalarini qabul qiladi va uning quvvati ma’lum bir yuklama va aholi soniga moslashtirilgan.

Bundan boshqa sabab ham bor. Maishiy kanalizatsiyadan oqib borgan hamma suvlar yig‘iladigan tozalash inshootlarida kanalizatsiya suvini tozalaydigan bakteriyalar yashaydi. Ular najasli chiqindilardan oziqlanadi va oxiri o‘ladi, o‘lgach balchiqqa aylanadi. Bu maishiy kanalizatsiyani tozalashning tabiiy jarayoni. Aynan mana shu bakteriyalar faoliyati natijasida tozalangan va tindirilgan suvni kanallarga oqizish mumkin bo‘ladi.

Bakteriyalar yashab qolishi uchun kanalizatsiyada najasli chiqindilarning ma’lum bir nisbatdagi miqdori bo‘lishi lozim. Agar suvning nisbati belgilangan ko‘rsatkichlardan oshib ketsa, bakteriyalar oziqlanishi uchun “yegulik” yetmay qoladi. Shu tariqa kanalizatsiya suvlarining tozalanish jarayoni buziladi.
реклама
реклама
Boshqa bir uchastkani ko‘rib chiqsak. Aprel boshida ijtimoiy tarmoqlarda bir kishi qayiqda suzib, suv bosgan chorrahada qolib ketgan mashinalardan yo‘lovchilar va haydovchilarni olib chiqayotgani tasvirlangan video tarqalib ketdi. Bu chorraha Qoraqamishda joylashgan. Uning yonidan Obodonlashtirish boshqarmasi va Kanallar boshqarmasining balansida bo‘lgan kanal oqib o‘tadi.
Chorrahaning bir tarafida kanal yo‘q. Uni xususiy uy-joy qurish vaqtida shunchaki ko‘mib yuborishgan. 2-apreldagi jala vaqtida kanal hozircha mavjud bo‘lgan qismidan to‘lib, ko‘chaga toshib chiqqan, chunki suvning oqib ketishi uchun boshqa yo‘l bo‘lmagan.
Nuqtali chiziq bilan kanalning qurilish vaqtida ko‘mib yuborilgan qismi ko‘rsatilgan.
Kamoliddin Fayzullayev: Hozirda mavjud butun irrigatsiya-dranej va yomg‘ir suvlarini oqizish tizimlarining aksariyati 1970-yillarda loyihalashtirilib, 1990-yillargacha qurilgan. Shundan so‘ng, ayniqsa, 1997-yildan keyin shahar kengaya boshlagan. O‘sha yili Eski shaharda ommaviy buzish ishlari olib borilgan, uning aholisiga esa kompensatsiya sifatida Qoraqamishdan yerlar berilgan. Ushbu uchastkada turar joylar qurilganiga hali unchalik ham ko‘p bo‘lmagan.

Aleksey Xen: 2008-yildan keyin xususiy uy-joy qurilishiga qo‘yiladigan talablar soddalashtirilgan. Tashkilotlar ham, aholi ham suv qayerga chiqib ketishini loyiha bosqichidayoq inobatga olishlari kerak, albatta. Ammo shaxsiy manfaat yo‘lida umumshahar mulkiga mas’uliyatsiz va befarq munosabatda bo‘lish oqibatida suv oqib ketishi uchun mo‘ljallangan obyektlar ko‘mib yuborilgan.
Sergeli tumanidagi “Nomdanak” va “Xonobod” mahallalari. Nuqtali chiziq bilan kanalning ko‘mib yuborilgan qismi ko‘rsatilgan.
Kamoliddin Fayzullayev: Loyiha institutlari qayerdan qaysi kanal oqib o‘tishi, qayerda qaysi kollektor joylashganini aslida yoddan biladi. Ammo ushbu kommunikatsiyalarni saqlab qolishning amaliy mexanizmi yo‘q. Nima qilish mumkin emasligi esa hech qayerda yozilmagan. Mabodo qayerdadir yozilgan bo‘lsa ham, bu normalar ishlamaydi. Kanallarni yopib, ko‘mib tashlashda jismoniy va yuridik shaxslarga hech narsa xalal bermaydi.

Aleksey Xen: Agar elektr, gaz, suv, telefon kabi muhandislik kommunikatsiyalariga ulanmoqchi bo‘lsangiz, buning uchun ruxsat olasiz, qaysi transformator yoki gaz taqsimlash punktiga ulanishingiz mumkinligini so‘rab surishtirasiz. Ammo drenaj va yomg‘ir suvlarini oqizish tarmoqlariga ulanish tartibi shunchaki unutib yuborilgan. Kanallar boshqarmasi eng yaqindagi kanal yoki kollektor joylashuvidan kelib chiqib, qayerdan ulanish mumkinligini aytadi, ammo bu ishlar qanday bajarilganini yakunda kim nazorat qiladi? Bu masala tegishli tashkilotlar tomonidan qurilish bosqichida ham, obyektni davlat qabuli jarayonida ham monitoring qilib borilishi kerak.
Kanal, ariq va kollektorlarni o‘z balansida saqlovchi tashkilotlar ixtiyorida ta’sir ko‘rsatish vositalarining yo‘qligi ham alohida bir mavzu. Agar suv tarmog‘i ko‘mib yuborilgan bo‘lsa, ular bor-yo‘g‘i uchastka inspektoriga yoki ekologiya boshqarmasiga shikoyat qilishi mumkin, xolos. Ammo kanal, ariq va kollektorlarni o‘z balansida saqlovchi tashkilotlarning bildirishicha, ularning shikoyatlariga odatda hech kim tayinli munosabat bildirilmaydi.

Ekologiya boshqarmasida jarimaga tortish huquqi bor. Ular bayonnoma rasmiylashtirib, so‘ng jarima soladi. Masalan, daraxtlar bo‘yicha. Ammo suv tarmoqlarini o‘z balansida saqlovchi tashkilotlarda bunday vakolat yo‘q.
Al-Xorazmiy va So‘galli ota ko‘chalari kesishmasi. Yashil chiziq bilan ariqlar ko‘rsatilgan. Ular ko‘mib tashlanmagan, ammo suv baribir chorrahada to‘planadi, chunki ariqlargacha bo‘lgan yo‘lni topolmay qoladi. Chorraha atrofida qurilish ishlari amalga oshirilgan, ammo ariqlargacha lotoklar yotqizilmagan.
Bu muammoga qanday yechim taklif qilasiz?
Kamoliddin Fayzullayev: Biz birinchi galda drenaj, yomg‘ir suvlarini oqizish va irrigatsiya tizimiga mansub barcha obyektlarni xatlovdan o‘tkazishni taklif qildik. Buning uchun joyiga chiqib, mazkur obyektlarning ahvoliga baho berish, sozligini tekshirish, obyektlarni pasportlashtirish ishlarini amalga oshirish kerak — tarmoqning uzunligi necha kilometr, obyekt qanday materialdan qurilgan, qaysi qismlari yo‘q qilingan — shu kabilarni aniqlash kerak. Ushbu o‘rganishlarni egasiz uchastkalarda — mahalla va mavzelarning ichkarisida ham olib borish kerak. Shundan so‘ng bu obyektlarni o‘z balansida saqlovchi yangi — bir yo ikkita tashkilotni belgilash kerak. Qancha kam bo‘lsa, shuncha yaxshi.
реклама
реклама
Aleksey Xen: Raqamli rivojlanish departamenti relef, qurilmalar hamda shaharning asfalt va beton qoplamasidan kelib chiqib, yomg‘ir suvlarini oqizib ketish tizimining 30 yillik istiqbolga mo‘ljallangan simulyatsion modelini ishlab chiqadi.

Yomg‘ir suvlarini oqizib ketish tizimi uchun mo‘ljallangan simulyatsion modelning ish prinsipi transport modelinikiga o‘xshash. Biz unga shahar relefi xaritasini, irrigatsiya-drenaj va yomg‘ir suvlarini oqizib ketish tizimlari bo‘yicha o‘zimizda mavjud barcha ma’lumotlarni kiritamiz, shaharning me’moriy qiyofasi (qurilishlari) keyingi 5, 10, 15, 20, 30 yil qanday bo‘lishini ko‘rsatamiz.

Model suv qayerga qarab oqishini va tarmoq qancha miqdordagi suvga bardosh bera olishini ko‘rsatib beradi. Har bir davr uchun yog‘ingarchiliklar miqdori va jadalligi bo‘yicha turlicha ssenariylarni tanlaymiz. Model shahar qay ahvolda qolishi mumkinligini va Toshkentni suv bosmasligi uchun nimalar qilish kerakligini ko‘rsatib beradi, ya’ni, model turli yechimlarni taklif qiladi. Qayerdadir kollektor qurish kerak, yana qayerdadir 500 millimetrlik quvurlarni 1000 millimetrliklariga almashtirishga ehtiyoj bor, yana bir joyda esa nasoslar o‘rnatish yoki borini modernizatsiya qilish zarur bo‘ladi.
Kamoliddin Fayzullayev: Yechim taklif qila olish uchun mutaxassislarimizni shunday simulyatsion modellardan faol foydalanadigan mamlakatlarga o‘qishga yuborish kerak. Masalan, uzoq davom etadigan yomg‘irlar mavsumi bor Janubiy Koreya yoki Singapurga.

Hozirda modellashtirish masalalari bilan geoinformatsion tizimlar va kartografiya bo‘limi boshlig‘i O‘tkir Shermanov shug‘ullanmoqda. U The EPA Storm Water Management Model dasturiy ta’minotidan foydalanadi.
Aleksey Xen: Simulyatsion modellar hukumatning katta miqdordagi mablag‘larni tejab qolishiga yordam beradi. Masalan, biz Minskning obodonlashtirish boshqarmasi tajribasini o‘rganganimizda, shunday modellar bilan shug‘ullanuvchi kompaniya shahar budjeti mablag‘larini tejab qolishga qanday yordam bergani haqida hikoya qilib bergandi.

Ularning mutaxassislari Belarus shaharlaridan biridagi mavzeni suv bosishi bilan bog‘liq muammoni bartaraf etish bo‘yicha loyihaning asosini tayyorlagan. Loyihani amalga oshirish uchun shahar ma’muriyati xalqaro donordan salkam 600 ming dollar miqdorida kredit olmoqchi bo‘lgan. Kompaniya tayyorlab bergan model esa mavzedagi muammoni hal qilish uchun atigi 20 ming dollarlik kichik bir o‘zgarishni amalga oshirish kifoya ekanini ko‘rsatgan.

Kamoliddin Fayzullayev: Toshkentning relefi — suv butun shahar bo‘ylab faqat bir tomonga oqishi — kanalizatsiyalar va yomg‘ir suvlarini oqizish tizimlarini modellashtirish uchun juda qulay. Masalan, gir atrofi tepaliklar, tog‘lar bilan o‘ralgan shaharlar bor. Ularda bunday tizimlarni qurish juda qiyin va qimmat.

Optimal loyihani iqtisodchilar, quruvchilar, loyihachilar va gidroinshootlar bo‘yicha mutaxassislar bilan birgalikda tanlaymiz. Turli modellarni tahlil qilib chiqishimiz va iqtisodiy jihatdan asoslangan variantni tanlashimiz kerak bo‘ladi.
Aleksey Xen: Har yomg‘ir mavsumi oldidan yomg‘ir suvlarini oqizib ketish tizimini sinovdan o‘tkaza olsak ham yaxshi bo‘lardi. Avvallari Toshkentda kuz va bahor mavsumlarida ariqlarga — suv oqizish tarmog‘ining birinchi darajasiga — suv chiqarilar va u o‘ziga qanday yo‘l topayotgani kuzatilardi. Qayerdadir lotok yo kollektor to‘lib qolgandir, uni tozalashga zarurat bo‘lishi mumkin. Tizimni bu yo‘sinda tekshirish xuddi issiqlik markazlarida o‘tkaziladigan sinovlarga o‘xshaydi. Bari tozalanib, tuzatilgach, hamma narsa mavsumga shay, desa bo‘ladi.
Modomiki bu sohada shunday muammolarimiz bor ekan, modelni amalga oshirish samarali bo‘lishi uchun normativ bazani kuchaytirishga ham zarurat bo‘lsa kerak?
Aleksey Xen: O‘tgan yili barcha tizimlarning egasini (o‘z balansida saqlovchisini) aniqlash, ularning sonini qisqartirish, tarmoqning alohida qismlari, masalan, mavzelarning ichkarisidagi bo‘laklariga xizmat ko‘rsatishni autsorsga berishni nazarda tutuvchi hujjat loyihasi tayyorlangan edi.

Unda barcha muammolar bayon qilingan, jarimalar tizimi ko‘zda tutilgan, drenaj va yomg‘ir suvlarini oqizish tizimlariga ulanishning texnik shartlarini olishning yangi mexanizmi tavsiflangan.
Matnni Sabina Bakayeva tayyorladi.
Suratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting