Foto: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”
Kosiblik osonmi?
18 yildan beri Milliy teatr ustaxonasida ishlab kelayotgan etikdoʻzlar hikoyasi

“Gazeta.uz” turli kasb egalarining koʻpga nomaʼlum, zahmatli va masʼuliyatli faoliyati haqida hikoya qiluvchi “Professional” loyihasini davom ettiradi. Navbatdagi qahramonlar — ota-oʻgʻil kosiblar Baxtiyor Valiyev hamda Gʻayrat Zohidov.
Косиблик осонми? 18 йилдан бери
Миллий театр устахонасида ишлаб
келаётган этикдўзлар ҳикояси

Ustaxona
Oʻzbek Milliy akademik drama teatri hovlisining bir burchagida eshigiga rus tilida “Poyabzal taʼmirlash” degan yozuvli lavha ilingan ustaxona bor. Haqiqiy poyabzal taʼmirlash va ishlab chiqarish ustaxonasi: burchaklarda tayyoru yarim tayyor oyoq kiyim uyumlari, javonga bir xil qoliplar tizib qoʻyilgan (bu yerda eng koʻp koʻradiganingiz ham aynan shu — yillar davomida toʻplangan qoliplar), gilam ustida qirqilgan va chizilgan charmlar, iplaru mixlar.

Hatto devorlar va deraza tokchalari ham “bekor turgani yoʻq”: hammasi gʻaltak iplar, eskiz namunalariyu, turfa matolar bilan toʻla. Futbolga befarq boʻlmagan odamlar ishlaydigan (devordagi Oʻzbekiston bayrogʻi aynan futbol boʻyicha milliy terma jamoa gʻalabalari sharafiga ilingan) bu ustaxona betartibdek koʻrinsa-da, aslida ortiqcha narsaning oʻzi yoʻq. Masalan, devorlardagi qizil gilamlar qishda zaxdan, yozda esa ortiqcha issiqlikdan saqlaydi.
Dahlizda ustaxonaga tortiq qilingan poyabzallardan iborat “muzey”ni tomosha qilish mumkin. “Eksponat”lar orasida “Adolat fasli” spektaklidagi Amir Temur askarlarining etiklari va Bibixonimning tuflisi, “Jaloliddin Manguberdi” va “Novvoy” spektakllarida foydalanilgan poyabzallar, gruzincha, surxoncha raqs uchun tikilgan oyoq kiyimlar, Qashqadaryo va Surxondaryo teatrlari uchun tikilgan tuflilar ajralib turadi.
Ustaxonaning kirish va oʻrta qismida poyabzallar tikiladi va taʼmirlanadi. Yelimdan koʻp foydalanilgani uchun ish boshlanganidan bir necha soat oʻtib ustaxonani yelim hidi tutib ketadi. Kosiblar bu hidga oʻrganib qolgan, ammo kichkina bir darchasi bor joyda bu muhitda uzoq qolish mumkin emas. Shu bois ustalar vaqti-vaqti bilan tashqariga chiqib, havo almashtirib keladi, muntazam sut mahsulotlari isteʼmol qiladi.
Tashqaridan pastqam va koʻrimsizdek koʻringan bu goʻsha xizmat koʻrsatganu xalq artistlarining qadami arimaydigan, bir piyola choy ustida gurunglashib, shaxmat oʻynab, koʻngil yozadigan makoni ham.

Ustaxonada muxbirlarni koʻrgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Farhod Abdullayev, kosiblarni maqtarkan: “Endi shu mashhurlikni ham bizdan olib qoʻyib, non qoldirishmas ekan-da”, deb hazil qiladi. Taʼmirlatishga bergan poyabzallarini olib ketishga kelgan Oʻzbekiston xalq artisti Erkin Komilov esa shunday dedi: “Bu ustalarning qoʻli gul!”.
Usta
Qoʻli gul deya taʼriflangan bu ustalar — Baxtiyor Valiyev va uning oʻgʻli Gʻayrat Zohidov uchun kosiblik ota kasb boʻlganidanmi, hunarning sir-asrorlarini oʻrganib, mustaqil ish boshlash jarayonlari oʻxshash. Ikkisi ham taxminan 4-5 yoshidan yelim surtish, mashinada tikishda dadasiga yordamlashib, dastyor boʻlgan. Eʼtiborga molik tomoni, Baxtiyor akaning otasi kosiblik bilan koʻp ham shugʻullanmagan, ammo bolakay Baxtiyorda bu kasbga mehr uygʻonishi uchun shu qisqa fursatning oʻzi yetarli boʻlgan.
“1960-yillar oxiri edi. Dadam ham universitetda oʻqib, ham poyabzal fabrikasida ishlar, kechqurun uyda oyoq kiyim tayyorlab, Qoʻyliqda yashirincha sotib kelardilar. Ochiq sotish mumkin emasdi — qoʻlga tushib qolganning boʻyniga jarima ilib, qamatib yuborishlari hech gap emasdi. Universitetni tamomlaganlaridan keyin oʻz mutaxassisliklari boʻyicha ishga kirib, kosiblikni tashladilar. Men esa bu kasbni mahkam tutdim”, — deb eslaydi Baxtiyor Valiyev.

U maktabni bitirgunicha ustaxonalardan buyurtma olib, uyda poyabzal tayyorlab yurgan, keyin sexlarda malaka oshirgan. Armiyaga borib kelgach, ogʻaynilari bilan birga issiqxonachilik bilan shugʻullanib koʻrgan, ammo bundan foyda chiqmagan. Kayfiyatsiz yurgan kunlari “Ishing yurishmasa, otangning kasbini qil” degan maqol miyasida aylanaverib, yana kosiblikka qaytgan. 1995-yili kosib doʻstlari bilan kelishib, nisbatan kattaroq sex ochgan. Ish yurishgandan yurishgan — shu sex ortidan bir yilda imoratlarini bitirib, mashina ham olgan.

реклама
реклама
“20 dan ortiq kosib har kuni 300-400 juft poyabzal tayyorlab, sotishga berardik. Daromadimiz atrofdagi koʻpchiliknikidan yuqori edi, oʻsha vaqtlar kasbimdan chinakamiga faxrlanardim. Tanish-bilishlar ham havas qilardi”, — deb eslaydi Baxtiyor aka. Ammo, maʼlum fursat oʻtib, Xitoydan arzon oyoq kiyimlar koʻp miqdorda import qilina boshlagach, sex sinib, Baxtiyor aka ham ishsiz qoladi. Uni “Olmazor” metrosi bekati yaqinidagi 2-poyabzal fabrikasiga ish yurituvchilikka taklif qilishadi — u yerda ikki yilcha ishlaydi.

2005-yilda bir kosib doʻsti Milliy teatrda sahna rollariga oyoq kiyim tikuvchi va taʼmirlovchi usta uchun boʻsh oʻrin borligini aytib qoladi. Milliy teatr etikdoʻzlik ustaxonasi bor yagona teatr boʻlgani bois, Baxtiyor akaga boshqa teatrlar, ansamblu raqs jamoalaridan ham koʻplab buyurtmalar tusha boshlaydi. Bu orada teatrlarga aloqasi yoʻq odamlardan ham buyurtmalar keladi. Hammasiga ulgurish imkonsiz edi — aynan shu lahzada Baxtiyor akaning yoniga oʻgʻillari kiradi. Ustaning katta oʻgʻli keyinchalik boʻlak sohani tanladi, kichigi Gʻayrat esa kosiblikda qolib, hozir oilaviy kasb davomchisi.
“Ehtimol, menda dadamdan uzoqlashish uchun sabab yoʻqligi uchun ham kosib boʻlgandirman. Lekin, ishontirib aytamanki, dadam biror marta shu sohani tanla deb majburlamaganlar. Hozir oʻzimning ham ikki farzandim bor. Agar ular ham kosiblikka qiziqqudek boʻlsa, bilganlarimning barini oʻrgataman, kelajakda kasbimni davom ettirishlari uchun qoʻlimdan kelganicha yordam beraman”, — deydi u.

Gʻayrat kosib buyurtmalardan ortib oila aʼzolari uchun ham oyoq kiyim tayyorlab beradi - hozir yarim tayyor poyabzallar orasida jiyanlari uchun tikayotgan tuflilar ham bor. U shu vaqtga qadar bozordan poyabzal olib kiyganini eslolmaydi — oʻziga doim oʻzi oyoq kiyim tikadi.

Poyabzal
Gʻayrat kosibning aytishicha, poyabzallar oʻz egalari haqida “gapiradi”. Masalan, oyoq kiyimini ehtiyotlab kiygan odamlar batartib va sokin boʻladi. Aksincha boʻlsa — poyabzalning egasi shoshib yuradigan, hayoti ham bir qadar tartibsizroq odam.
Oʻzi oddiy yirtiq boʻlsayu, lekin poyabzalning bitishi choʻzilaversa, injiq kishining oyoq kiyimini taʼmirlayotgan boʻlaman. Ayrim poyabzallarning tayyor boʻlishiga, masalan, tag qismini almashtirish zarur boʻlsa, 2-3 kun muddat qoʻyamanu, lekin ustaxonaning biror burchagidan aynan shu uchun ataylab olib qoʻyilgandek tayyor mahsulot chiqib qoladi — ishni 3-4 soatda bitirib tashlayman. Shunda egasi ham koʻngli ochiq, bagʻrikeng va sabrli boʻlsa kerak, degan xayolga boraman
Gʻayrat kosib
Baxtiyor kosibning soʻzlariga koʻra, osti ezilib, ichlari kengayib ketgan oyoq kiyimning egasi vazndorroq boʻladi. Poyabzalning bir cheti ichki qismiga kirib ketgan boʻlsa, sohibi — yassioyoq.
Poyabzal qay ahvolda olib kelinganiga qarab egasining farosatiga ham baho berish mumkin. Ayrimlar tozalamay, chang-loyi bilan koʻtarib keladi. Fahm-farosatli, madaniyatli kishilarning oyoq kiyimi esa top-toza keladi
Baxtiyor kosib
Taʼmirlash uchun olib kelingan poyabzallar olib ketilmasligi ham mumkin: ayrimlar yangi oyoq kiyim olgach, eskisidan voz kechib yuboradi, boshqalar esa shunchaki unutib yuboradi yo kelgani vaqt topolmaydi. Shunga qaramay, “tashlandiq poyabzallar” tashlab yuborilmay, ustaxona omborida saqlanadi. Kosiblarning aytishicha, poyabzalini toʻrt yil oʻtgach soʻrab kelganlar ham boʻlgan. Shuncha vaqt kiyilmay yotgan poyabzal baribir taʼmirga muhtoj boʻladi — oyoq kiyim qancha uzoq vaqt kiyilmay qolib ketsa, tag qismi oʻz-oʻzidan qoʻporilib, charmi yupqalashib boraveradi.
Kosibning bir kunlik ish hajmi qaysi turdagi oyoq kiyimini tayyorlayotganiga bogʻliq. “Etik boʻlsa — bir kunda oʻrtacha 5 juft, tufli boʻlsa — 10 juft, mahsi boʻlsa — 15 juft tayyorlay olishim mumkin”, — deydi Gʻayrat kosib.

Bir juft poyabzal bir sutkada toʻliq bitadi — yelimning qurish jarayoni koʻproq vaqt talab qiladi. Buyurtma qachon tayyor boʻlishini kosibning oʻzi aytadi. Masalan, teatr buyurtmalari ijrodan kamida 10-15 kun, koʻpida bir-ikki oy oldin berilishi kerak.

“Lekin zarur boʻlsa, kechqurun uxlamay, ishxonada qolib boʻlsa ham bitkazib berishga harakat qilaman. Buyurtmani vaqtida bajarish — asosiy majburiyatlardan biri”, — deydi Gʻayrat kosib.
Poyabzal qanday tikiladi?
1
Mijozning oyoq oʻlchami olinadi
2
Eskiz chiziladi
Ayrimlar nima xohlayotganini oldindan aniqlab, tayyor namunalar bilan keladi. Teatr yoki ansambllarning buyurtmalarida eskizlar kostyumlar boʻyicha rassom tomonidan taqdim etiladi - bezaklar, ranglar va boshqa oʻziga xosliklarni kosib va rassom kelishib olishi kerak.
3
Doʻkondan kerakli charmlar keltiriladi
4
Charmlar modelga moslab kesib olinadi
Bu jarayonda oʻta sinchkov boʻlish kerak — detallar bir-biriga hamohang tushmasa, poyabzal notoʻgʻri chiqishi mumkin. Yurganda boʻrtib qolmasligi uchun poyabzalning old va orqa tomonidagi qattiq turadigan qismlari pichoq bilan tarashlab, yupqalashtiriladi.
5
Kesilgan charm mashinada tikiladi
6
Poyabzalning ost va ust qismlarini birlashtiruvchi astar qismi maxsus qolipga yopishtiriladi
Oyoq kiyimning turi, qolaversa, mijozning oʻlchami, jinsi va u xohlagan eskizga mosligiga qarab qoliplar ham oʻzgaradi. Astar mijozlarning xohish va imkoniyatiga qarab charm yoki kartondan boʻlishi mumkin. Karton ishlatilgan poyabzalga suv tekkanda yoki oyoq terlaganda ivib qoladi. Charmda esa hech qanday oʻzgarish boʻlmaydi.
7
Tayyor ustki qism qolipga yelimlab, biriktiriladi
8
Yelim mahkam turishi uchun qolipning ostidan mixlar ham urib chiqiladi
Shu holatda toʻliq bir kun turgach, oyoq kiyimning shakli paydo boʻladi.
9
Endi mixlarni sugʻurib tashlab, qolipni ajratib olish mumkin
10
Qolipdan ajratilgan ustki qismdagi charm torayib, ostki qismga mahkam yopishishi uchun maxsus pechkada qizdirib olinadi
11
Ost va ustki qismlar yelim bilan yopishtiriladi va tikib chiqiladi
12
Ehtiyoj boʻlganda oyoq kiyim kengaytirib, egasiga moslab beriladi
Tayyor poyabzal egasining oyogʻiga toʻgʻri kelmay qolishi ham mumkin. Asosan etiklar oyoqdagi shishlar hisobiga bir urinishda oyoqdan oʻtmay qoladi. Shunda kosiblar maxsus qoliplari yordamida oyoq kiyimni kengaytirib, egasiga moslashtirib beradi. Shu bilan jarayon toʻliq yakunlanadi.
Odatda tikish ishlari Baxtiyor kosibning chekiga tushadi. Qolgan ishlar Gʻayrat kosib va ularning uchinchi sherigi — Hakim kosibning zimmasida. Aslida ularning har uchalasi ham oyoq kiyimni boshidan oxirigacha tayyorlay oladi, lekin buyurtma koʻpligi uchun samaradorlikni oshirish maqsadida ish taqsimlangan.

Koʻchadan keladigan buyurtmalarning aksariyati erkaklardan. Katta yoshli ayollarni aytmasa, oʻrta yoshli xotin-qizlardan kamdan-kam buyurtma tushadi. Sababi — erkaklardan farqli oʻlaroq, ayollar poyabzalni tez-tez almashtiradi va xilma-xil qilib kiyadi. Doʻkonlarda tanlov kattaligiga qaramay, odamlar hali ham kosiblarga poyabzal buyurtma qildirayotganining sababini Gʻayrat kosib shunday izohlaydi:
реклама
реклама
Doʻkonlarda sifatli oyoq kiyim juda qimmat. Arzonrogʻining yo ustki, yo tag qismi sifatsiz, bir necha oy, uzogʻi bir mavsum kiyishga moʻljallangan boʻladi. Aksar hollarda 2-3 haftada biror joyi ochilib ketishi, yirtilishi yoki yorilishi mumkin. Bundan qochgan odamlar bizga buyurtma beradi. Biz ikki tarafini ham sifatli mahsulotdan tayyorlab berishga harakat qilamiz. Bu oyoq kiyimlar chidamliligini bir necha yilgacha saqlab qoladi
Gʻayrat kosib
Gʻayrat kosibning qayd etishicha, ustaxona birinchi qoʻl boʻlgani uchun ham sifatli poyabzalni ikkinchi yo uchinchi qoʻl hisoblangan doʻkondan koʻra arzon sotadi (yangi poyabzal qancha koʻp “qoʻl”dan oʻtsa, narxi ham shuncha oʻsib boraveradi). Ayni vaqtda, ular doʻkonlar bilan ishlamaydi, chunki poyabzallar sotilmay qolsa, doʻkon egalari ularni ancha vaqt oʻtkazib, ezilgan va yomon ahvolda qaytarib olib keladi.

Bir xil ish uchun bir kosib past, boshqasi yuqori narxda xizmat koʻrsatishi mumkin. Kimdir buni Xitoydan keladigan mahsulotlar narxi oshgani bilan, boshqa birov dollar kursi oʻsgani bilan bogʻlaydi.

“Biz imkon qadar turgʻun ushlab turishga harakat qilamiz. Taʼmirlash yoki tayyorlashga ketgan mahsulotlarning umumiy narxiga 20 ming soʻm mehnat haqqimizni qoʻyamiz. Mijozlar shu paytgacha narxlarimizdan norozilik bildirmagan”, — deydi Gʻayrat kosib.
Ustalar teatr ustaxonasida ishlash koʻchada kosiblik qilishdan yaxshiroqligini aytadi.

“Biz oʻzimizga tanish odamlar bilan ishlaymiz. Koʻchma yoki muqim ustaxonasi bilan koʻchada oyoq kiyim taʼmirlovchilarning mijozlari notanish, feʼl-atvori ham turfa boʻladi. Qolaversa, tekshiruvlar juda koʻp — “u yerdan keldik, pul toʻlang”, “bu yerda keldik, toʻlovni amalga oshiring” deb eshik qoqib kelaverishadi. Bir soʻz bilan aytganda, koʻchadagi kosiblarning egasi koʻp. Teatrda esa rahbariyat bunday tekshiruvlarni bizgacha oʻtkazmaydi”, — deydi Baxtiyor Valiyev.
Kelajak

Avvallari ishga kirishishdan avval charmni oshlash — qalin boʻlsa, yupqalashtirish, yupqa boʻlsa, qalinlashtirish; yopishtirishda foydalaniladigan yelimlarni tayyorlash uchun ikki-uch xil suyuqlikni aralashtirish kerak boʻlardi. Bu ishlarning barini ustalarning oʻzi qilardi.

“Kerakli materiallarni faqat Yangiobod bozoridagi “obuvnoy bunker”dan topardik. Shunda ham faqat Xitoyniki, cheklangan miqdorda boʻlardi”, — deydi Gʻayrat kosib.
Zamona zayli, texnologiyalar rivoji bilan hozir kosiblarning ishi ham birmuncha yengillashgan.

“Hozir tayyor material va yelimlarni ishlatamiz. Tanlov ham koʻp. Soha rivojlanib, doʻkonlar koʻpaydi. Oʻzbekistonning oʻzidan ham yaxshi materiallar chiqyapti, shu bois Xitoy mollariga boʻlgan talab ancha kamaygan”, — deya qoʻshimcha qiladi usta.
Ish bir qadar yengillashganiga qaramay, bugun bu sohaga asosan yoshi kattalar kirmoqda, shunda ham majburlikdan — vaqtincha pul topish maqsadida. Ëshlar orasida qiziquvchilar juda kam. Shu vaqtgacha koʻplab shogirdlar chiqargan Baxtiyor kosib yaqinda ishsiz besh yigitni ish oʻrgansin deb yoniga olgan, yoʻlkira, tekin tushlik tashkil qilib bergan. Ammo yigitlar bir oy ham sabr qilmay, ketib qolgan.
“Biz bir hunarni oʻrganish uchun ustalarga ovqat olib borardik, ikki yilgacha tekin ishlardik”, — deb achchiqlanadi Baxtiyor aka. Hamma kosib boʻlishi shart emas, ammo ishsiz yurgandan hunarli boʻlgan yaxshi-ku. Yaxshi oʻrgansa, xohlasa teatr ustaxonasida qolishi, xohlasa yaxshiroq haq toʻlanadigan joyga ketishi yo oʻz ustaxonasini ochishi mumkin. Ustaning maqsadi — yangi avloddan ham, sanoqli boʻlsa-da, professionallar chiqsin, kasb davom etsin.
Ayni vaqtda, ular bugungi kunda etikdoʻz kasbiga ehtiyoj nisbatan pasayganini ham tan oladi.
Arzon poyabzallar koʻpayib, odamlar bitta sifatli oyoq kiyim oʻrniga 4-5 ta sifati haminqadarrogʻini olib, yirtilsa boshqasiga almashtirishni odat qilganidan beri kosibga ehtiyoj kamaygan
Gʻayrat kosib
“Avvallari biz tikkan poyabzallarni 4-5 yillab kiyishgan, tiq etmasdi. Raqobatda bizning poyabzallar ustunligiga shubham ham yoʻq. Odamlar oʻrtacha 300-400 ming soʻmga chetdan kelgan oyoq kiyimni oladi. Chiroyli, sifatli qilingandek koʻrinadi, lekin aksari toza charmdan qilinmagan, bir yilga qolmay yaroqsizga aylanadi. Shu pulga oʻzimizda toza charmdan sifatli qilib tikilgan muqobil poyabzalni olmaydi”, — deydi Baxtiyor usta.
Lekin ustalar nolimaydi — topish-tutish chakki emas. Milliy teatr uchun tayyorlangan oyoq kiyimlar uchun oylik maosh toʻlanadi, boshqa barcha buyurtmalar uchun ishbay haq olinadi. Ota-oʻgʻil kosiblar boshqa ishlar bilan ham shugʻullanishi mumkin, lekin bilagida kuchi-quvvati bor ekan, kosiblikni tashlashni oʻylab ham koʻrmaydi.
“Kosiblik qozonni doimiy qaynatib turadigan kasb. Ayrim ishlar mavsumiy boʻladi. Biz esa yozda shippak, qishda etik, kuz va bahorda tufli tayyorlaymiz. Ayrimlar bu sohaga pulni deb vaqtincha kiradi. Koʻzlagan pulini toʻplagach yoki, aksincha, ishi yurishmasa, boshqa ishga oʻtib ketadi. Men esa shu kasbning ortidan baraka topdim, farzandlarimni oʻqitib, uyli-joyli qildim. Maʼlum vaqt dam olishim mumkin, lekin hech qachon voz kechmayman”, — deydi Baxtiyor kosib.
реклама
реклама
“Mehnatim sahnada ijro etilayotgan rolning bir boʻlagi ekanini koʻrganimda, oyoq kiyimini olib ketayotgan odamlar “rahmat, qoʻlingiz dard koʻrmasin, baraka toping”, deb duo qilganida bekorga yashamayotganim, kimdir uchun muhim va foydali ish qilayotganimni his qilaman. Qoʻlimda taʼmirlanadigan poyabzal turar ekan, hech qachon kosiblikni tashlash xayoliga ham bormayman. Tashqaridan zerikarlidek koʻrinishi mumkin, lekin mening haqiqiy zavqim shunda mujassam. Oʻzim xohlaganday oyoq kiyim tayyorlasam, oʻsha kuni mendan xursand odam yoʻq”, — deydi Gʻayrat kosib.
Kun avvalida ustalarning yamoq kiyimlari eʼtiborni tortgan boʻlsa, qosh qorayganida ularning moydan qora boʻlgan qoʻllari kosiblik mashaqqatidan soʻzlardi. Xayrlashar chogʻi “Kasbingiz yoʻqolib ketishi mumkinmi?” deb soʻradik. Baxtiyor kosibning javobi shunday boʻldi: “Odamlar oyoq kiyim kiyishda davom etarkan, bu kasb yoʻqolmaydi, toʻxtamaydi”.
Materialni Ziyoda Ramazonova tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Madina A'zam.
Video operator va montaj ustasi: Ma'murjon Obrahmatov.
Muharrir: Muhrim A'zamxoʻjayev

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting