FOTO: DЕNIS SINYAKOV
Mayning 13 lahzasi
Andijonning 18 yil avvalgi va hozirgi manzaralari
FOTO: DЕNIS SINYAKOV
Mayning 13 lahzasi
Andijonning 18 yil avvalgi va hozirgi manzaralari
2005-yilning 13-mayga o‘tar kechasi O‘zbekiston tarixiga «Andijon voqealari» nomi bilan kirgan eng qonli hodisalardan biri boshlangan edi. «Gazeta.uz» ushbu hodisa oqibatlari aks etgan 13 manzarani tanlab olib, ularni 2023-yil may oyida yana o‘sha nuqtalarda olingan suratlar bilan taqqosladi.
2005-yilning 13-mayga o‘tar kechasi O‘zbekiston tarixiga «Andijon voqealari» nomi bilan kirgan eng qonli hodisalardan biri boshlangan edi. «Gazeta.uz» ushbu hodisa oqibatlari aks etgan 13 manzarani tanlab olib, ularni 2023-yil may oyida yana o‘sha nuqtalarda olingan suratlar bilan taqqosladi.
2005-yilning 13-may kuni Andijon shahrida ko‘plab odamlarning qurbon bo‘lishiga hamda fuqarolar va davlat mulkiga katta moddiy zarar yetkazilishiga olib kelgan fojiali hodisalar yuz bergan edi.

O‘zbekiston rahbariyati ushbu hodisalarni terakt deb baholagan. Andijondagi voqealarga bag‘ishlab 17-may kuni o‘tkazilgan va prezident Islom Karimov ham qatnashgan matbuot anjumani haqidagi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) axborotida, jumladan, shunday deyiladi: «Islom Karimov qat’iy ta’kidladiki, bo‘lib o‘tgan voqealarning tinch namoyishga hech qanday aloqasi yo‘q, bu haqda gap ham bo‘lishi mumkin emas. Bu haqiqiy terrorchilik harakatidir».
Andijonning Navoiy shoh ko‘chasida joylashgan viloyat IIB binosi oldidan ko‘rinadigan manzara. Bunda daraxtlarning siyraklashganiyu, temiryo‘l ko‘prigiga ilingan shiordagi o‘zgarish e’tiborni tortadi. 2005-yili, aynan qonli voqealar yuz bergan vaqtda u yerda shunday yozuv bor edi: “Xalqimizga tinchlik va osoyishtalik, ertangi kunga ishonch kerak”. 2023-yil mayida ko‘prikda shunday shiorni ko‘rish mumkin edi: “Yangi O‘zbekiston yoshlari - kelajak poydevori”.
Alisher Navoiy nomidagi viloyat madaniyat va istirohat bog‘ining kirish joyi.
Andijon viloyati hokimligi oldidagi aylanma yo‘lning Navoiy shoh ko‘chasi tarafdan ko‘rinishi.
Andijon voqealari vaqtida yoqib yuborilgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon viloyat musiqali drama teatri binosi 2007-yilda qayta ta’mirlangan
Oradan to‘rt oy o‘tib, Bosh prokuratura mamlakat rahbariyatining nuqtai nazarini tasdiqlagan: “Tergov davomida Andijondagi terrorchilik harakatlari tashqi buzg‘unchi kuchlar tomonidan O‘zbekistonning mustaqil siyosatiga, uning milliy manfaatlariga qarshi puxta rejalashtirilgan va tashkil etilgan xuruj bo‘lib, mavjud konstitutsiyaviy tuzumni o‘zgartirish va bu kuchlarning geosiyosiy manfaatlariga to‘liq javob beradigan islom davlatini tuzishga qaratilgani aniqlandi”.
реклама
реклама
Andijon viloyati hokimligi binosining O‘zbekiston shoh ko‘chasidan ko‘rinishi. 2005-yili bino peshtoqida “O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat” degan shior ilingan bo‘lsa, hozir u yerda shunday yozilgan: “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik”.
O‘zbekiston shoh ko‘chasida joylashgan Abbos Bakirov nomli kinoteatr binosi Andijon voqealari vaqtidagi yong‘in oqibatida jiddiy zararlangani uchun keyinchalik buzib tashlangan. Hozir uning o‘rnida faqat maydon bor.
Andijon viloyati hokimligi oldidagi aylanma yo‘lning Bobosadin ko‘chasi tarafdan ko‘rinishi.
IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti 2-mintaqaviy hudud 3-son tergov hibsxonasi binosi oldidagi aylanma yo‘l. Ushbu yo‘l shaharning Dukchi Eshon ko‘chasida joylashgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Andijon voqealari davomida 73 ta avtomobilga, 20 ta binoga o‘t qo‘yilgan. “Terrorchilik harakatlari oqibatida jami 187 kishi halok bo‘lgan, ulardan 60 nafari tinch aholi bo‘lib, ularning ikkitasi voyaga yetmagan bola va bittasi ayoldir. Terrorchilar tomonidan 31 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimi va harbiy xizmatchi o‘ldirilgan. Jinoyatchilar 70 kishini garovga olib, ulardan 15 nafarini vahshiyona o‘ldirgan”, - deyiladi idoraning 2005 yil sentyabridagi hisobotida. Yana 287 kishi (ularning 91 nafari tinch aholi, 49 nafari organ xodimlari) yaralangan.

Qurbonlar soniga doir rasmiy raqamlar xalqaro jamoatchilik tomonidan ko‘p marta shubha ostiga olingan. Bu shubhalar va tanqidlar O‘zbekiston rasmiylari tomonidan rad etilgan. “Andijonda 500 ta, 1000 ga yaqin odam halok bo‘ldi degan gaplar – noto‘g‘ri”, – degandi Andijon voqealari vaqtida O‘zbekiston rahbariyati tomonidan tuzilgan shtabga boshchilik qilgan va qurollangan shaxslar bilan muzokaralar olib borgan IIVning o‘sha vaqtdagi rahbari Zokirjon Almatov.
реклама
реклама
Andijon viloyati hokimligi binosining Navoiy shoh ko‘chasidan ko‘rinishi.
Andijon davlat tibbiyot institutining akademik litseyi binosi. Ushbu o‘quv muassasasi Andijon viloyat hokimligi yaqinida joylashgan.
Andijon voqealaridan so‘ng Bobur maydonida jiddiy o‘zgarishlar yuz bergan. Xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur haykali 2007 yili temiryo‘l vokzali oldidagi maydonga ko‘chirilgan. 2005 yilgi voqealar markazi bo‘lgan maydonda hozir Bobur haykali o‘rniga O‘zbekiston davlat bayrog‘i osilgan flagshtok turibdi.
Andijon viloyati hokimligi oldidagi aylanma yo‘lning Navoiy shoh ko‘chasi tarafdan ko‘rinishi.
Viloyat hokimligi va viloyat musiqali drama teatrining orqa tarafida joylashgan Abdurauf Fitrat ko‘chasidagi novvoyxona. “Andijon voqealari bo‘lgan vaqtlarda bu hovlining yarmi novvoyxona, qolgani masjid edi. Choyxona bo‘lganini eslolmayman. Bu yerda hozir ham o‘nlab novvoylar tirikchilik qiladi. Mahallaning eng gavjum joylaridan biri”, – dedi ismi sir qolishini so‘ragan mahalla faoli “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda.
500 dan ziyod tinch aholi vakili halok bo‘lgani, odamlarga qarata o‘t ochish haqida buyruq berilgani haqidagi gap-so‘zlarni 2005-yildayoq prezident Islom Karimov ham, O‘zbekistonning o‘sha vaqtdagi bosh prokurori Rashid Qodirov ham rad etgan. Oradan 15 yil o‘tib bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova “Qalampir.uz”ga bergan intervyusida tinch aholi o‘qqa tutilganini tan olgan. O‘z navbatida, Zokirjon Almatov “Kun.uz”ga bergan intervyusida tinch aholi o‘qqa tutilgani haqidagi gaplarni yana bir bor rad etgan.

“Tinch aholiga o‘q uzilgan deyishadi. Yo‘q. 12 soat oldin ularning 600-700 nafar oila-a’zolarini Qirg‘izistonga chiqarib yuborganmiz. Bular kelayotganda harbiy qismdagi kapitanni otib qo‘yishgan. Keyin oddiy askarlar nima qiladi? Ikki tomon o‘rtasidagi otishma sabab bitta joyda 100 kishi o‘lgan. Ularning ichida bizning xodimlar ham, terrorchilar ham bo‘lgan. Jami 187 kishi o‘lgan. Allohning oldida rost gapni gapiraman – bu aniq raqamlar”, – degan Zokirjon Almatov.
Materialni tayyorlaganlar: Mirolim Isajonov, Madina A’zam, Ma’murjon Obrahmatov, Muhrim A’zamxo‘jayev.
“Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting