Davlat tili: 33 yillik javobsiz savol
Faqat 21-oktabrdagina eslanadigan muammolar
Davlat tili haqidagi qonun qabul qilinganiga 33 yil bo‘ldi. Avvaliga qadamlar dadil tashlandi: atama qo‘mitasi yangi so‘z, iboralarni qabul qilish bo‘yicha matbuotda muntazam chiqishlar qildi, lug‘atlar tayyorlandi, tilshunoslarning taklif-taqdimotlari tinglandiyu, negadir keyinchalik qonun qayta-qayta tahrilanadigan, unda belgilangan vazifalar ortga suriladigan, sal o‘tib amalga oshmaydigan ham bo‘lib qoldi.

Bunga-ku ko‘ndik-ko‘niktirildik, lekin endi savodi chiqayotgan avlodning aro yo‘lda qolayotgani yomon. «Gazeta.uz» oktabrni «O‘zbek tili oyligi» deb eʼlon qilgandi. Shu munosabat bilan 33 yil davomida har yilning 21-oktabridagina eslanadigan, maqom-martabasini hamon mustahkamlolmayotgan, shuncha yildan beri muammolari kamaymay, qog‘ozda boru amalda qadri yo‘q ona tilimiz ertasi, qilinishi zarur vazifalar haqida ziyolilar fikrini so‘radi.
Davlat tili haqidagi qonun qabul qilinganiga 33 yil bo‘ldi. Avvaliga qadamlar dadil tashlandi: atama qo‘mitasi yangi so‘z, iboralarni qabul qilish bo‘yicha matbuotda muntazam chiqishlar qildi, lug‘atlar tayyorlandi, tilshunoslarning taklif-taqdimotlari tinglandiyu, negadir keyinchalik qonun qayta-qayta tahrilanadigan, unda belgilangan vazifalar ortga suriladigan, sal o‘tib amalga oshmaydigan ham bo‘lib qoldi.

Bunga-ku ko‘ndik-ko‘niktirildik, lekin endi savodi chiqayotgan avlodning aro yo‘lda qolayotgani yomon. «Gazeta.uz» oktabrni «O‘zbek tili oyligi» deb eʼlon qilgandi. Shu munosabat bilan 33 yil davomida har yilning 21-oktabridagina eslanadigan, maqom-martabasini hamon mustahkamlolmayotgan, shuncha yildan beri muammolari kamaymay, qog‘ozda boru amalda qadri yo‘q ona tilimiz ertasi, qilinishi zarur vazifalar haqida ziyolilar fikrini so‘radi.
Sevara Alijonova
Jurnalist
Umidbaxsh yomg‘ir

Har yili oktabr yo oktyabr oyida bir gapirib oladigan mavzuimizning yana mavridi kelibdi. Xuddi bu sahroga yog‘iladigan bir martalik umidbaxsh yomg‘irga o‘xshaydi.

Tug‘ilishimizdanoq «o‘zbekcha» hamma narsani inkor etishga, undan uyalishga yo‘naltirilganmiz. Ismni — hech kim qo‘ymagan, ajnabiyroq, jarangdorroq, noodatiyroq bo‘lsin, kiyimni — chet elniki, dori, oziq-ovqat, taʼlim... Uch yashar bola ruscha (ingliz, turk, arab, xitoy) gapirsa — qoyil! Ko‘kka ko‘tarib, olqishlaymiz, ammo kuchugimiz o‘zbekcha gapirsayam bunchalik hayron qolmaymiz. O‘zbekchalashtirish, o‘zbek bo‘lish bir-ikki sheʼr yo maqola yozgan bilan, o‘zbek tilida besh-olti asarni mutolaa qilish yoki imloviy xatolar ustidan kulish bilan hal bo‘lib qolmaydi.

Eng oddiy hol — nom tanlash (firma, kompaniya, do‘kon)dan to fan-teknika, qonun tili bo‘lishgacha bo‘lgan talab qatʼiy etib belgilansagina, o‘zbek tilini chuqurroq o‘rganish, o‘rgatish va targ‘ib etishga ehtiyoj chindan paydo bo‘lsagina, eng muhimi, tizimlilik, birlikka erishsakkina, deyarli keraksiz bo‘lib ulgurgan tilimizni hayotga qaytarishimiz mumkin.
реклама
реклама
Savol – o‘zbek tilini bilish nima beradi va nimaga kerak?

Magistraturaga kirish uchun ham, biror ishga joylashish uchun ham, xorijda tahsil olish uchun ham ingliz tilini bilish bo‘yicha sertifikat so‘ralayotgan bo‘lsa, o‘zbekcha kimga kerak?! Qonunlar, hujjatlar rus tili bilan murosa qilsa, o‘zbekcha kimga kerak? Qorin g‘amidagi olomonga bu til fikrini tushuntirib berishgagina kifoya qilsa, o‘zbekcha kimga kerak? Bir ziyoli, tilchi, baxshiga kerakmi?!

O‘zbek bo‘la turib, ingliz tilidan imtihon topshirib, o‘qishga, ishga joylashish qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi? Kulgili, ham achinarli emasmi? Nega o‘sha imtihon o‘zbek tilidan qilinmaydi? Insho yozdirib, kitobxonlik darajasini, nutqini tekshirib, kundalik so‘zlashuvda foydalanilmaydigan, izohli lug‘atlarda ishlatilishini kutib yotgan so‘zlar izohidan so‘ralmaydi? Qaysi eshikni taqillatsak, o‘zbek tili bilan bog‘liq talabga taq etib peshonamiz urilib qolavermaydi? Til kitoblardan, lug‘atlardan, qonunlardan chiqib, hayotga, kundalik hayotimizga kirmas ekan, bu muammolarning adog‘i ko‘rinmaydi.

Davlat idoralarida til maslahatchisi degan yangi lavozim joriy qilindi. Atay, til rivoji uchun. Shunchalik holimiz harobmidi? Ota-onasi o‘zbek bo‘lgan, O‘zbekiston degan yurtda yashovchi odamning vujudiga sut, alla bilan kirgan tilda bexato yozolmasligi, ravon gapirolmasligi... Bu o‘ziga va yurtiga hurmatsizlik bo‘lmay, nima?
O‘zbek tilini bilish talablari, uni buzganlik uchun choralar qatʼiylashmas, uni o‘rganishga bo‘lgan aniq sabab, ehtiyoj bo‘lmas ekan, oh-vohimizdan foyda yo‘q.

Elektron qidiruv tizimi Google`ga beixtiyor ingliz yoki rus tilida savol yo‘llashimiz, ilmiy, badiiy asarlarni o‘zbek tilida topolmasligimiz, tarjima masalalari va uning sifati kabilar esa alohida mavzu, alohida og‘riq.
Yorqinjon Haydarov
«Hilol-nashr» nashriyoti bosh muharriri
Qatʼiyat va iroda zarur

Til va alifbo masalasi men uchun ham og‘riqli masala. Chunki o‘zim asli tilshunosman, litsey, kollej, universitetda dars berganman, hozir nashriyotda muharrirman, yaʼni ish faoliyatim bilan bog‘liq ravishda tilimizga aloqador muammolar meni ham o‘ylantirib keladi.

Respublikamizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish masalasi allaqachon hal qilingan bo‘lishi kerak edi. Bu yerda qatʼiyat va iroda zarur, ortiqcha izohga hojat yo‘q. Bu bevosita taʼlim va kadrlar sifatiga daxldor masala. Hozir taʼlim jarayonlari va davlat idoralarida ish yuritish boshqa-boshqa alifboda olib borilayotgani hech kimni ajablantirmay qo‘ydi. Aslida bu yo‘l qo‘yilmasligi kerak bo‘lgan holat. Maktab yoki universitetni tamomlab ishga kelgan xodim o‘zi taʼlim jarayonida foydalanmagan alifboda ishlashga majbur.

Tilshunos olimlardan biri: «Deyarli bir asr davomida o‘zbek yozuvi va imlosini isloh qilish yoki almashtirish bilan bog‘liq tadbirlar (1922, 1934, 1940, 1956, 1993, 1995) yozma o‘zbek tilini surunkali beqarorlikka duchor etdi. Buning oqibatida madaniyatimizda matn tanazzuli hodisasi yuz berdi. Islohotlar oralig‘ida yaratilgan lingvodidaktik matnlar orasida yozuv, imlo, talaffuz, punktuatsiya va uslub jihatidan ilgari shakllangan yoki shakllanayotgan uyg‘unlik uzluksiz ravishda buzilib bordi...

Har safar lingvodidaktik namuna sindirilib, yangisini yaratish uchun vaqt, mehnat va pul sarf qilinaverdi. Har safar o‘zbeklar lisoniy ongiga o‘zgartirish kiritilib, lisoniy ongning kodifikatsiyalangan normani his qilish, saralash va nazorat qilish qobiliyati qayta shakllantirilaverdi. Bu hol standart o‘zbek tilining (yozma va og‘zaki lingvodidaktik namunaning) mavjudlik shakliga taʼsir etmay qolmadi», (Aziz Jo‘rayev. Standart o‘zbek tili, 2017-yil) degandi.

Bugun nashriyotlarda chop etilayotgan aksar adabiyotlar (80-90% atrofida) kirill alifbosida (albatta darsliklar istisno). Buni kitob do‘konlariga kirgan odam darrov payqaydi. Bozor talabidan kelib chiqib nashriyotlar shunday qilishga majbur, lotinchada chop etilgan kitoblar yaxshi sotilmaydi.
O‘zbek tili nufuzini yilda bir marta tadbirlar o‘tkazish, ijtimoiy tarmoqlarda roliklar tarqatish bilan oshirib bo‘lmaydi. Buning uchun o‘zbek tilida turli sohalarga oid minglab adabiyotlar yaratilishi kerak. Hech bo‘lmaganda turli sohalarga oid eng muhim kitoblar dunyo tillaridan o‘zbekchaga tarjima qilinishi va o‘quvchilarga yetkazilishi kerak. Avval yozilgan badiiy yoki publitsistik asarlarga yangi to‘n kiydirib qayta nashr qilish bilan ish bitmaydi.
Takliflar

Vaziyatga real qarasak, bugungi kunda unday adabiyotlarga ijtimoiy talab ham katta emas. Nazarimda, mualliflar va kitobxonlar klublari, tarjimonlar jamiyati, muharrirlar guruhlari tuzilishi, ularning ishlari muvofiqlashtirilishi, targ‘ib qilinishi, asosiysi, moddiy rag‘batlantirilishi kerak.

O‘zbek tili unda so‘zlashuvchilar miqdori nuqtai nazaridan katta nufus (aholi)ga ega. Lekin o‘zbek tilida yozilgan va unga tarjima qilingan materiallar (maqolalar, kitoblar, audio va video-materiallar) jihatidan holat qoniqarli emas afsuski. Aholi sonining tez o‘sib borishi fonida jamiyatning tilimizga aloqador bugungi ehtiyojlarini qondirish uchun quyidagi loyihalarni ham amalga oshirish suv va havodek zarur deb o‘ylayman:

— O‘zbek tilining izohli lug‘atini interaktiv ishlaydigan sayt shaklida internetga joylash. Bu lug‘at PDF formatida internetda bor, lekin undan foydalanish juda noqulay, foydalanuvchilar buni yaxshi tushunadi.

— O‘zbek tilining milliy korpusini yaratish (bu borada ishlar boshlagan deb eshitdim). Mana bu tilshunoslar va IT sohasi mutaxassislarini jamlagan jamoa bilan qilinadigan katta loyiha bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tarkibidagi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamkorlikda shunday jamoani shakllantirib Innavatsion rivojlanish vazirligi yordamida mana shu loyiha ustida ish olib borsa, aʼlo bo‘lardi.

— O‘zbek tilidagi audio materiallarni matn ko‘rinishiga o‘tkazib beradigan dastur yaratish (voice to text converter). Bu ham haqiqiy ilmiy tadqiqot va tajribalar talab qiladigan ish. Kerak bo‘lsa shu yo‘nalishda nom qozongan unisersitetlarga yosh tilshunoslar va innovatsion texnologiyalar yo‘nalishidagi talabalarni yuborib o‘qitish kerak, shu ishlar bilan shug‘ullanayotgan kompaniyalar bilan hamkorlik qilish kerak.
Dinara Mo‘minova
Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), bolalar yozuvchisi
Lotin yoki kirill?

Farzandlarimizni deyaril 15 yildan buyon musofirchilikda katta qilyapmiz. O‘zga muhitda ularning birinchi tili o‘zbek tili bo‘lishi uchun ko‘p harakat qildik. Farzandlarimiz katta bo‘lganida o‘zbek tilida nafaqat so‘zlashishlari, balki shu tildagi kitoblarni o‘qiy olishlari ham biz uchun muhim. O‘zbekistondan olib kelgan adabiyotlar ikki xil o‘zbek alifbosida yozilgan. Qizimning: «O‘zi qaysi o‘zbek alibfosi to‘g‘ri? Lotin yoki kirill?», degan savoliga afsus, na ona, na pedagog, na bolalar yozuvchisi sifatida tayinli javobim yo‘q.
Ilmiy tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, har bir insonga aynan ona tili genetik jihatdan kerak. Uni mukammal bilgan taqdirdagina biz boshqa bilim va tillarni o‘zlashtirishda qiynalmaymiz. Tilimizni bilmay, uni rivojlantrimay turib hech qachon madaniyatimiz va qadriyatlarimizni yetarlicha hurmat qila olmaymiz. Buning salbiy asoratini esa o‘lchab ham bo‘lmaydi.
реклама
реклама
Deyarli uch avlod «vaqtinchalik» o‘zbek alifbosi bilan katta bo‘ldi

Inson o‘zligini, asliyatini anglamay turib o‘zini dunyoda, jamiyatda topa olmaydi. Til esa o‘zlikni anglashdagi eng asosiy instrument. Tilimiz mustahkam bo‘lmaganda, eʼtiqodimiz ham shunga yarasha qolaveradi. Deyarli uch avlod noaniq, «vaqtinchalik» o‘zbek alifbosi bilan katta bo‘ldi. Kitob do‘konlarida ikki xil o‘zbek alifbosida nashr etilgan kitoblar bisyor. Men o‘qiy oladigan kirill alifbosidagi kitobni lotin alifbosini o‘rgangan farzandim o‘qiy olmaydi, lotin alifbodagisini esa topa olmaydi. Bu nafaqat avlod savodxonligiga, balki millatning o‘ziga bo‘lgan ishonchiga salbiy taʼsir ko‘rsatib kelmoqda.

Xalqi milliarddan ortiq bo‘lgan va bugungi kunda keskin rivojlanib borayotgan Xitoy ham o‘zining xitoy tili naqadar kuchli va izchil ekanidan fahrlanadi. Dunyoda shunday kichik elatlar borki, ularning alifbosi 12 tagina harfdan iborat. Lekin u harflar necha-necha avlodlarning savodini chiqarib, yillar davomida ishlatib kelinadi. O‘zgartirilmaydi! Biz-chi? Boy tarixga ega buyuk millatimiz tilini xor qilib yubormadikmi?

Farzandlarim musofir yurtlarda tug‘ilganiga qaramay, «o‘zbekman», deya g‘ururlanishini istayman. Lekin bu so‘zni «O‘zbekman», «Özbekman», «Õzbekman», «Ózbekman», «Ôzbekman» yoki «O‘zbekman» deb yozishi kerakligini ularga aniq ayta olmayapman.

Bugun biz o‘zbek tili alifbosida bir izchilikka kelmas ekanmiz, savodimizni IELTS imtihoni ballari bilan o‘lchaydigan xalqqa aylanib qolishimiz hech gap emas.
Aʼzam Obidov
Butunjahon sheʼriyat harakati (WPM)ning O‘zbekistondagi koordinatori, shoir, tarjimon
Notiqlik va savodli yozish kurslarini ko‘paytirish kerak

Menimcha, o‘zbek tilini o‘rganmoqchi bo‘lganlar uchun, ko‘p bo‘lmasa-da, onlayn va oflayn resurslar paydo bo‘ldi, o‘zbekcha o‘rgatamiz degan reklama va eʼlonlar ko‘zga tashlanmoqda.

Masalan, bu borada yaqinda linguee.uz sayti ishga tushdi. Bunga qo‘shimcha ravishda, balki notiqlik va savodli yozish kurslarini ham ko‘paytirish kerakdir, chunki institut ko‘rgan yoshlar va sho‘ro davrida taʼlim olganlarning aksari chiroyli jumla tuzish va to‘g‘ri gap yozishni unutib qo‘yayotganday.
Tillaniso Eshboyeva
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tadqiqotchisi, shoira
33 yil davomida til bo‘yicha sezilarli o‘zgarish bo‘lmadi

Lotin yozuviga o‘tamiz dedik, hali ham o‘tolmadik. Davlat tili sifatida tilimizning o‘rnini mustahkamlaymiz dedik, lekin 33 yildan beri tilimizni boyitadigan, qadrini ko‘taradigan falsafiy, ilmiy, adabiy kitoblarni davlat dasturi asosida ona tilimizga tarjima qilmadik. Qo‘shni Qozog‘iston qozoq tiliga har yilda 100 kitob loyihasi asosida turli ilmiy, falsafiy, badiiy kitoblarni qozoq tiliga tarjima qilyapti. O‘zbek tilida atama-tushunchalar bilan bog‘liq katta muammo bor. Ilm-fandagi ko‘plab tushunchalar o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan. Litseydosh dugonam Toshkent tibbiyot akademiyasida diplom ishini rus tilida yoqlagandi. Buning uchun oldin rus tilini o‘rgandi. Nega bunday qilding desam, o‘zbek tilida qiynalardim, tibbiyot atamlarining tarjimasi juda kam dedi. Demak, tilimiz ilmiy tilga aylana olmayapti.

O‘zbek tilida maishiy muloqotni ifoda etamiz, hatto badiiy, publitsistik tilimizdan ham ko‘ngil to‘lishi mumkin, lekin ilmiy tilga kelganda tilimiz yordamga muhtoj. Tushunchalar, atamalar tiliga aylanishi kerak tilimiz. O‘zbekcha vikipediyada bitta holat kuzatiladi – maqola, matn o‘zbek tilida bo‘lsa ham, matnning sarlavhasi (masalan, Einstein) ingliz tilida berilyapti.
Ha desang, o‘zbek tilida ismlar yo atamalarni qaysi asosga ko‘ra yozishning aniq qoidasi ishlab chiqilmagan deyishdi. Bizda atamalar qo‘mitasi, til deparmenti bor. Bor deb aytamizu, nima qilayotganidan xabarimiz yo‘q. Eng katta savollar shularga bo‘lishi kerak.
Til faqat davlatniki emas, hammamizniki-ku!

Yana bir muhim narsa. Hozir jamiyatga haqiqiy jadid ziyoli yetishmayotganini ham tan olish kerak. XX asr boshida o‘zbek adabiy tili, ilmiy tilini ishlab chiqqan odamlar jadidlar edi. Asosan Fitratning mehnati.

Lotin-krill muammosi. Buni yechishni har kim o‘zidan boshlashi kerak. Til va adabiyot universitetlarida ustozlar talabadan krillda yozishni talab qiladi ilmiy ishni. Hozir o‘qishga kirish uchun talaba birorta chet tilini mukammal o‘rganish talabi qo‘yilganda, nahotki ustozlar boshqa yozuvda o‘qishni o‘rganolmasa?! O‘zimizdan boshlaylik.

Kitob chiqarayotgan odam lotinda chiqarsin. Blog yuritayotgan odam lotinda yozsin. Tv, matbuot, saytlar lotinga o‘tsin. Talab qilishni, norozi bo‘lishni bilamiz, lekin ijtimoiy masʼuliyatni ham olish kerak. Til bu jonli narsa. U faqat davlatniki emas, hammamizniki-ku!
реклама
реклама
Oz bo‘lsada, harakat bor

Til borasida xursand bo‘ladiganim – har holda tilning qadrini oshiradigan ishlar oz bo‘lsa ham, qilinayotgani. Vikipediya loyihasi kabi.

Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda til nazorati kuchaytirilgani. Masalan, supermarketlarda mahsulot nomi ruschaligini tanqid qilish ortidan hozir baʼzi katta supermarketlar o‘zbek tilini qo‘llaydigan bo‘ldi. Bu ham bir yaxshi qadam. Demak, o‘zbek tilini , mayli, rivojlantirish, boyitishni chetga suraylik, o‘z mavqeyiga qaytarishda jamoatchilikning roli katta.

Yilda bir marta eslanadigan bayram, deymizu, lekin mening kuzatishim – oxirgi vaqtlarda tilimiz o‘z mavqeyiga qaytishi uchun ko‘pchilik yil davomida jon kuydirib keladi. Bu o‘tgan yilgidan bu yil ortdi masalan. Jon kuydiradiganlar faqat tilchilar, tarjimonlar, jurnalistlar emas, dasturchilar ham bunga qo‘shildi. Elektron lug‘atlar yaratilyapti. Ammo bu ishlar ham hali yo‘l boshida. Aynan til bo‘yicha loyiha qilayotgan dasturchilar uchun davlat grantlari ajratishni taklif qilgan bo‘lardim.
Charos Nizomiddinova suhbatlashdi.
Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / «Gazeta.uz».
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting