«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. O‘tgan davr mobaynida mazkur yo‘nalishda katta-kichik qadamlar tashlandi, biroq o‘zbek tili maqomini to‘la-to‘kis mustahkamlay olmadi. Til borasida yechimini kutayotgan muammolar hamon kamaymagan. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutq, fiqralarni qayta berib boradi. Bu gal 1989−1991 yillarda O‘zbekiston vazirlar kengashi huzuridagi Respublika Atamashunoslik qo‘mitasining raisi sifatida ishlagan G‘anijon Abdurahmonovning maqolasini havola etamiz.

Muammolar hali ko‘p

Adib Tohir Malik O‘zbekiston SSJning Davlat tili haqidagi qonunining qabul qilinganiga bir yil to‘lishi munosabati bilan «Toshkent oqshomi»da chop etgan maqolasida (1990 yil 21 oktabr) Qonunni bajarish uchun «Tilshunoslar jamiyati» tuzish lozimligi to‘g‘risidagi taklifini bir necha bor ta’kidlab o‘tdi. «Sovet O‘zbekistoni»ning 1990 yil 2 noyabr sonidagi tahririyat maqolasida ham shu masala ko‘tarilgan.

Shu yil 12 noyabr kuni teleko‘rsatuvda ham B. Nazarov Til qonunini amalga oshirish uchun birinchi navbatda tilshunoslar jamiyati tuzish zarurligini aytib o‘tdi. Teleko‘rsatuvda qatnashgan I. Qo‘chqortoyev shunday jamiyat tuzish uchun bir guruh olim va o‘qituvchilar ish olib borayotganligi, hozircha jamiyatning Nizomi tuzilayotgani va shu yil oxirlarida Jamiyat tuzilishini xabar qildi. Bu fikrni «Yosh leninchi» ro‘znomasida 1990 yil 8 oktabrda e’lon qilingan suhbatida ham aytib o‘tgan edi. Vaholanki, B. Nazarov va xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari S. Maxnenkoning tavsiyasi bilan shu yil 17 yanvarda «O‘qituvchilar gazetasi» «O‘zbekiston SSJ Tilshunoslari jamiyati» (yoki «O‘zbek tili ko‘ngilli jamiyati») Nizomi loyihasini e’lon qildi. Galdagi vazifa ana shu «Nizom» loyihasini viloyatlarda muhokama qilish, jamiyatni tuzish, ta’sis majlisiga vakillar saylash va jamiyatni tez orada ta’sis etib olish zarur.

Oshkoralik va demokratiya tufayli hozirgi kunda matbuotda, radio va teleko‘rsatuvlarda yangi so‘zlarni izlash va qo‘llanish jarayoni qizg‘in boryapti. Yangi so‘zlarning ko‘pi atamalar (terminlar) bilan bog‘liq. Yangi so‘zlarni izlashga bemalol kirishish maqtovga sazovor ish. Ularni matbuotda qo‘llashga, albatta, hech kim monelik qila olmaydi. Chunki bunday harakatdan maqsad — necha yillardan beri mute bo‘lib kelgan tilimizni asliga qaytarish, o‘zligimizni anglash va anglatishdir. Axir dunyoga mashhur olim, ulamolarimiz, adiblarimiz o‘zbek tilida so‘zlashgan va yozishgan-ku! Hatto 20-yillarda yurtidan badarg‘a bo‘lib, shu kunlari vataniga qaytib kelgan o‘zbeklarning teleko‘rsatuvlaridagi sof o‘zbekcha so‘z va iboralarini mahliyo bo‘lib, havas bilan eshitamiz.

Yangi so‘z va atama izlagan har bir kishi eng ezgu niyatlarni ko‘zlaydi, maqsadi — hozirgi zamon o‘zbek tilini yangi so‘z va iboralar bilan boyitish, ammo atama tanlaganda juda ehtiyotkorlik, aniqlik kerak. Atama ma’lum tushunchani ifodalab, ilm-fanda, darslik va ilmiy ishlarda qo‘llanadigan so‘zdir.

Atama tanlashda eng avvalo ona tilining ichki imkoniyatlaridan foydalaniladi, jamoatchilik tomonidan qabul qilingan va amalda qo‘llanayotgan so‘zlar tanlab olinadi: aktualniy — dolzarb, aksioner — paychi, arbitr — hakam, arenda — ijara, termin — atama, astrolog — munajjim, birja truda — mardikor bozori, byurokrat — rasmiyatchi, veranda — peshayvon, vznos — badal, vizit — tashrif, tema — mavzu, problema — muammo kabi.

Bundan tashqari, so‘zning ma’no nozikliklarini ifodalash uchun ommabop ishlarda, badiiy adabiyotda ruscha-baynalmilal so‘zlarni ham qo‘llash mumkin.

Ammo idoralarning peshlavhalarida, muhr, hujjat, darslik, ilmiy ishlarda bu atamalarning birinchi shakli ishlatiladi. Masalan, manzil (adres), arxaik (ko‘hna), aeroport (tayyoragoh) kabi.

Nima sababdan ba’zi atamalar ikki shaklda bo‘ladi? Chunki bu atamalar orqali ifodalangan ma’no nozikliklari bir-biridan ancha farqlanadi. Masalan, vannaya — vannaxona, tosxona, vimpel — bayroqcha, vimpel, deputat — deputat, xalq vakili v. b. Bu o‘rinda boy sheva so‘z boyliklaridan foydalanishning ahamiyati katta: g‘ulcha- kichkina ko‘za, idish (ruscha flyagaga o‘xshash. Navoiyda charmdan ishlangan suv idish), g‘o‘lba — suv uzatgich (yoki truba, «Yoshlik» jurnali 10-son, 1987 yil) cho‘chqa — mayda baliq (kilkaga o‘xshash), dayov-kurak, eshkak (veslogo o‘xshash, «Yoshlik» jurnali. 9-son, 1988 yil) v. b.


«Sovet O‘zbekistoni» gazetasi 1990 yil 4 dekabr.

Atamani so‘z va nomlanishdan farqlash muhim ahamiyatga ega. Atamashunoslik fanida ikki xillikka, sinonimiyaga iloji boricha yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilish kerak, deyiladi. Lekin hozirgi sharoit ba’zi hollarda bu qoidaga ayrim istisnolarga yo‘l qo‘yishni taqozo qiladi. Ma’lum bir vaqt o‘tishi bilan bu sinonimlardan biri atama sifatida mustahkam o‘rin egallaydi. (Zotan 30-yillarda ham ko‘p atamalar ikki xil shaklda berilgan: kashshof -pioner, o‘tarava — poyezd, shayton arava — velosiped v. b.). Hozirgi oshkoralik, demokratiya ma’muriy-buyruqbozlik uslubini emas, erkinlikni talab qiladi. Maqbul yangi so‘z yoki atama, iboralarni man etmay, ro‘znoma va jurnallarda tashkil etilgan «Yangi so‘z va atamalar» burchagida muhokama uchun havola qilinsa, mutaxassislar ularni o‘rganib, bir to‘xtamga kelgan bo‘lar edilar.

Yangicha qo‘llanayotgan so‘z va atamalar burchagi

  • broshyura — risola
  • vaxter — posbon
  • vedomost — vedomost
  • Verxovnыy sud — Oliy sud
  • vestibyul — dahliz, vestibyul
  • vrach — vrach, doktor
  • vxodyashiy — kelgan hujjatlar
  • geologicheskaya partiya — geologik guruh
  • demokratiya — demokratiya, xalqchillik
  • diktatura — diktatura
  • dotatsiya — qarzyordam
  • jurnal — jurnal, oynoma
  • jyuri — hakam
  • zayom — zayom
  • zapravka — quyish, to‘ldirish
  • ideologiya — mafkura
  • inventar — inventar, asboblar
  • isxodyaiy — ketgan hujjatlar
  • konselyariya — devonxona
  • kapitalnыy remont — kapital sozlash
  • kassa — kassa
  • kategoriya — daraja
  • kafedra — kafedra, minbar
  • kvartira — xonadon
  • kodeks — kodeks, qoidalar majmui
  • kollegiya-hay’at, kollegiya
  • kollektiv — jamoa
  • komandirovka — xizmat safari
  • komandirovochnoye udostovereniye — xizmat safari guvohnomasi
  • komendant — komendant, binobon
  • konvert — xatjild, konvert
  • kongress — kongress, mashvarat
  • konkurentosposobnыy — raqobatga qobiliyatli
  • konsilium — konsilium, maslahat kengashi
  • konsultant — maslahatchi
  • konferensiya — konferensiya, anjuman
  • konferens zal — majlisxona
  • konsepsiya — fikrlash tizimi
  • kooperativ — shirkat
  • kopiya — nusxa
  • koridor — yo‘lak, koridor
  • korpus — korpus, bino
  • koeffitsiyent- koeffitsiyent
  • kredit — qarz
  • kurs — kurs
  • leksiya — leksiya, va’z
  • letuchka — qisqa majlis
  • lotereya — lotereya
  • mashbyuro-mashina yozuvxonasi
  • mashinistka — mashinistka
  • medsestra — hamshira
  • neft — neft
  • nomenklatura — nomenklatura, lavozim ro‘yxat
  • obligatsiya — obligatsiya, qimmatdor qog‘oz
  • obyekt — obyekt
  • orden — orden, hujjat
  • papka (dlya bumag)-qog‘ozjild
  • pasport — pasport
  • pencioner — pencioner, nafaqachi
  • planyorka — majlis, planyorka
  • pod’ezd — kirish yo‘lak, pod’ezd
  • postanovleniye — qaror, to‘xtam

Muhokama uchun:

  • astma — ziqqa (kasallik)
  • Zakavkaze — Kavkazorti
  • injener elektrik- elektrchi muhandis
  • inturizm — xorijiy turizm, xorijsayohat
  • kalendar — taqvim, kalendar
  • kategoriya — toifa (yuqori toifadagi shifokor)
  • karta — xarita
  • klassik — mumtoz (saralangan, ajralgan, klassik)
  • klassnaya doska- sinf taxtasi
  • illyustratsiya — tasvir
  • knopka — qadama
  • kolxoz — jamoa xo‘jaligi
  • komissionnыy magazin — vosita do‘koni
  • kompozitor — bastakor
  • konditer — shakarpaz, qandolatchi
  • konkurs — tanlov
  • KPZ — hibsxona
  • laboratoriya — laboratoriya, tajribaxona
  • lektor — voiz, lektor
  • letchik-spasatel — qutqaruvchi-uchuvchi
  • limon — limon
  • lichnoye delo — shaxsnoma
  • mayovka — dalasayr, dalasayl
  • marshrut — yo‘nalish

G‘anijon Abdurahmonov, Atamashunoslik qo‘mitasining raisi

Ushbu maqola «Sovet O‘zbekistoni» gazetasining 1990 yil 4 dekabrdagi 277-sonidan olindi.