JCh-2022`da ishlash taklifi tushganda, beradigan oyligiga ham qaramadim
Alisher Nikimbayev — Qatar futbol assotsiatsiyasi va Osiyo futbol konfederatsiyasida texnik ekspert. «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida u 20-noyabrdan 18-dekabrgacha Qatarda bo‘lib o‘tadigan JCh-2022`ga tayyorgarlik jarayonlari, qolaversa, o‘zbek futboli muammolari va istiqbollari haqida so‘zlab berdi.
Alisher Nikimbayev — Qatar futbol assotsiatsiyasi va Osiyo futbol konfederatsiyasida texnik ekspert. «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida u 20-noyabrdan 18-dekabrgacha Qatarda bo‘lib o‘tadigan JCh-2022`ga tayyorgarlik jarayonlari, qolaversa, o‘zbek futboli muammolari va istiqbollari haqida so‘zlab berdi.
Xorijdagi o‘zbekistonliklar

«Gazeta.uz» tahririyati «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida xorijda tahsil olayotgan yoki xorijiy oliy o‘quv yurtlarini tamomlab, chet elda ishlayotgan hamyurtlarimiz bilan suhbatlarni eʼlon qilib boradi. Biz vatandan uzoqdagi hayot, xorijiy taʼlimni tanlash sabablari va qahramonlar duch kelgan sinovlar haqida suhbatlashamiz.

Xorijga ketishdan oldin O‘zbekistondagi hayot haqida
Men 1970-yilda Toshkent shahrida tug‘ilganman. 20 yoshimda «Sport» gazetasida faoliyat olib bordim. Oradan bir yil o‘tib «O‘zbekiston yoshlari», «Gol» gazetalariga ham yoza boshladim va u yerda 1997-yilgacha ishladim, qolaversa, 4 yil televideniyeda ham mehnat qildim

O‘zbekiston futbol federatsiyasida (hozirda O‘zbekiston futbol assosiatsiyasi — tahr.) 14 yil — 1997−2011-yillarda faoliyat yuritdim. Yarim stavkada federatsiya matbuot kotibi sifatida ish boshladim, 2000-yildan Musobaqalar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga ko‘tarildim.

Rostini aytish kerak, o‘sha 2000-yillar orasida O‘zFFda ro‘yxatda bo‘lganmanu, lekin deyarli ishlamasdim. Chunki, o‘sha paytda federatsiyadagi rahbarlar bilan ozgina munosabatlarim yomonroq bo‘lgan. Negaki, o‘shanda bir maqolamda «Agar o‘z ishlarimizga o‘zgartirish kiritmasak, o‘sha vaqtda Livanda bo‘ladigan Osiyo kubogida bizda mag‘lubiyat bo‘lishi mumkin» deb yozgandim.

Turnirga saralash bosqichida biz yutganmiz, lekin natija sportchilar tayyorgarligiga bog‘liq edi, u esa unchalik darajada bo‘lmadi. Qolaversa, federatsiyada pul bo‘lmagan. Hatto, 2000-yillarda ham yoshlar va o‘smirlar terma jamoalarga saralash turnirlarida qatnashamiz, desa «yig‘inlarga pul yo‘q, o‘zlaring homiy topsanglar, yig‘inga borasizlar» degan gaplar bo‘lgan. Shu sabab men yozgan maqolada vaziyat o‘zgarmaguncha oldimizda katta mag‘lubiyatlar bo‘laveradi, degandim.
Surat Alisher Nikimbayevning shaxsiy arxividan olindi.
Mening professional hayotim 2010-yilda ko‘tarila boshlangandi, o‘sha vaqtda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti yordamchisi sifatida ish boshlaganman. O‘shanda O‘zbekistonda 20 yoshgacha bo‘lgan ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionatini qabul qilishni ham qo‘limizga olgandik. Bu paytga kelib, men Osiyo futbol konfederatsiyasiga ishga o‘tdim. Shu bilan ko‘p ishlar to‘xtab qoldi. Chemionat ham O‘zbekistonda emas, Yaponiyada bo‘lib o‘tdi.

Orzuim xalqaro chempionatlarda ishlash edi. 2022-yilgi JCh Qatarda bo‘lishi ham aynan 2010-yilda maʼlum bo‘ldi. Shu yili Osiyo futbol konfederatsiyasi (Asian Football Confederation, OFK — tahr.) prezidenti Muhammad bin Hammamdan menga taklif tushdi. 2011-yilning martidan shu yerda ish boshladim. Bu vaqtda OFK bosh ofisi Kuala-Lumpur shahrida joylashgandi. Oradan 2 yil o‘tib, Birlashgan Arab Amirliklariga ishga o‘tdim, o‘sha yerda birinchi marta 17 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatining tashkiliy qo‘mitasida ishlab ko‘rdim. Bu shaxsan o‘zim uchun dastlabki katta qadam edi.
реклама
реклама
Nihoyat 2017-yilda Qatarga ko‘chib kelganimda men 40 yoshga kirgandim. Deyarli 5 yildan beri shu yerda yashab, joriy yilda o‘tkaziladigan Jahon chempionatih-2022‘ning tashkiliy qo‘mitasida ishlayapman.

Rasmiy faoliyatim ham OFKda, ham QFAda davom etyapti. JCh tugasa ham, asosiy shartnomam QFA bilan davom etaveradi. Hozircha Qatarda qolish va ishni davom ettirish niyatidaman.
2022-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining tashkiliy qo‘mitasidagi ish haqida
Tashkiliy qo‘mitaning o‘zida 200 nafarga yaqin ruslar, yuzdan ortiq ozarboyjonliklar, o‘zbek va qozoqlardan ham 3 nafardan vakil faoliyat yuritadi. Shu sababli yo rus, yo ingliz tilida suhbatlashib ketaveramiz.

Men topadigan daromadga keladigan bo‘lsak, avval aytganimdek, ikki tashkilot OFK va QFAda ishlayman va ikki joydan maosh olaman. Qisqa qilib aytganda, bir oylik maoshimga O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan Cobalt yoki Lacetti mashinasini sotib olsa bo‘ladi. Oylik unchalik katta emas, sababi bundanda katta voqea — JChda ishlash taklifi tushganda, men unga qaraganim ham yo‘q. Balki boshqa chet eldan kelgan mutaxassis bu maoshga qanoatlanmagan bo‘lardi.

Men musobaqalarni tashkillashtirish bo‘limida ishlayman. Biz maydonning sifati, uning atrofiga o‘rnatilgan kameralar pozitsiyalari, futbolchilar mashq qiladigan maydonlar, yechinish xonalar tayyorligi, o‘rindiqlarni oldindan joylashtirishlarini nazorat qilamiz. Qolaversa, o‘sha yerda ishlayotgan xodimlarga barchasini o‘rgatish ham bizning vazifamiz.
Surat Alisher Nikimbayevning shaxsiy arxividan olindi.
Qatarda hozir 8 ta stadion bor. Uning har birida alohida guruh ishlaydi. Musobaqalar o‘tkazish bo‘limimizning qiladigan ishi bu jamoalarning stadionga kirgunidan tortib, to chiqqunicha ular bilan ishlashdan iborat.

Musobalarga oz qoldi, uning yakunigacha har bir stadionni ikki nafardan iborat FIFA delegatsiyasidan tashqari, Qatar futbol assosiatsiyasining kamida 3 nafardan rasmiy vakil nazorat qilib turadi. Ular orasida FIFA tomonidan vakil o‘zbekistonlik Avazbek Berdikulov ham bor. Yana 5 nafardan volontyorlar ham bo‘ladi. Shunda jami 10 nafar vakil faqat o‘yinni o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.

FIFA‘ning 8-stadionida ishlaydigan xodimlari. Surat Alisher Nikimbayevning shaxsiy arxividan olindi.

Bugungi kunda 8 ta stadion testdan o‘tkazildi. Muammolar ham yo‘q emas. Hozir eng katta masala stadion tashqarisida. Bular sirasiga o‘yinni ko‘rishga keluvchilarning stadionga kirib-chiqishi, yo‘llar, metro harakati, stadionga yetib kelish kabilar kiradi.
Sababi, chempionat vaqtida kuniga to‘rtta o‘yin bo‘ladi: soat 13:00, 16:00, 19:00 va 22:00 da. Avvalgi musobaqalarda JChni ko‘rishga kelganlar bir stadiondan ikkinchisiga o‘tish uchun boshqa shaharlarga borishi kerak edi, masalan, Rossiya va Janubiy Afrikada o‘tgan JChlari kabi. Qatarda esa hamma stadion bir shaharda qurildi. Odamlar bir mehmonxonada turib boshqa o‘yinlarga ham boraversa bo‘ladi.
Lekin, bir tarafi borki, bitta stadionda guruh o‘yinlari paytida har ikki kunda bir o‘yin bo‘ladi. Bunaqasi hali JCh tarixida deyarli bo‘lmagan. Bu esa bizga chaqiruv, negaki, maydonni yangi o‘yinga tayyorlash uchun bizda faqatgina bir kun qolyapti.
реклама
реклама
Qatardagi va boshqa davlatlardagi jahon chempionatlari o‘rtasidagi farq haqida
Qatar— juda qimmat davlat. Rostini aytaman, JCh vaqtida narxlar juda osmonga chiqqan. Hattoki baʼzi mehmonxonalar kuniga $1000 atrofida pul so‘rashyapti. Men Yevropadagi do‘stlarimga iloji bo‘lsa Dubayda turishini taklif qilyapman. Chunki, u yerda bir kun uchun $150−200 ga mehmonxona topish mumkin.

Aytgancha, Jahon chempionati o‘yinlarini ko‘rish uchun Qatarga kelgan har kim Fan-ID («muxlis pasporti») olishi kerak bo‘ladi. Bu Qatarga kirish uchun VISA o‘rniga ishlovchi elektron hujjat hisoblanadi. Fan-ID`da har bir fuqaroning ism-sharifi, fuqaroligi va QR-kod bor. Ular shuni skanerdan o‘tkazilgan holda stadionga kiritiladi.
Surat Alisher Nikimbayevning shaxsiy arxividan olindi.
Aynan JCh o‘tishi bois 1-noyabrdan Qatarga istalgan turdagi VISA bilan kirish to‘xtatiladi. Faqat ushbu Fan-ID bilan kirgan odam 1-noyabrdan 23-yanvargacha Qatarda bemalol tursa bo‘ladi. Mazkur “pasport”ga ega muxlis o‘zi bilan uch nafargacha insonni olib kelishi mumkin, misol uchun oila aʼzolari. Ularning barchasi Qatarga yagona Fan-ID yordamida kirishi mumkin, biroq, uchrashuvlarni birgalikda kuzatisha olmaydi.

Shu vaqtda Fan-ID bilan BAAdagi Dubayga ham, Saudiya Arabistoniga ham borsa bo‘ladi, u VISA o‘rniga ishlayveradi. Biroq, JCh vaqtida Saudiya Arabistoni chegarasidan mashinada o‘tishga ruxsat berilmaydi. Agar u yerdan mashinada kelishni istaganlar bo‘lsa, avtomobilni chegaradagi avtoturargohda qoldirib, avtobusda Dohaga yetib olishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari kemalardan ham mehmonxona tariqasida foydalanishadi, u yerda 3000 tagacha xonalar bo‘ladi.

Muxlislar uchun har bir o‘yinni kirib, tomosha qilish pulli. Bunda o‘yinlar kategoriyalarga ajratiladi. Chipta narxi ham shunga qarab qimmatlashaveradi.

Chiptalar narxi Qatar rialida hisoblangan. Chiptalar narxi haqida batafsil FIFA‘ning rasmiy saytida qayd etilgan (FIFA saytiga o‘tish uchun surat ustiga bosing).

Bundan tashqari, stadion tashqarisida FanZona tashkil qilinib, konsertlar ham bo‘lib o‘tadi. Ular kamida 2 xil turda: Biri spirtli ichimliklar ichish mumkin bo‘lgan hudud, ikkinchisi esa aksincha bo‘ladi. Sababi, Qatarda spirtli ichimliklar ichish bo‘yicha juda qattiq qoidalar bor. Shunday ekan muxlislar o‘z xohishiga qarab, joyini tanlab olishi mumkin bo‘ladi.
O‘zbekiston futbolining muammolari va istiqbollari
Jahon chempionati haqida gap ketganda, mendan O‘zbekiston haqida ham ko‘p so‘rashadi: «JChga chiqish O‘zbekiston futboli rivoji uchun asos bo‘la oladimi?». Mening fikrim, Yo‘q!

2010-yilda Shimoliy Koreya Jahon chempionatiga chiqqandi. Xo‘sh, keyin nima o‘zgardi? Jamoa chempionatga mos bo‘lganmidi? Hatto, ular hozir umuman futbol o‘ynamayapti. Aytmoqchimanki, har bir jamoada o‘sish ham, pasayish ham bo‘ladi. Shu sababli, JChga chiqish asosiysi emas. Ammo, qancha ko‘p chiqsak, shuncha yaxshi — tajriba ortaveradi.
Men esa o‘zbek futbolidagi tizimni yaxshilash, uni rivojlantirish uchun avvalo mamlakatda bolalar futbolini moliyalashtirishni taklif qilaman. Chunki, bolalar futbolida pul bo‘lmasa, foydasi yo‘q.

Bizda masalan, hozir futbol klublarini kamaytirmoqchimiz, deyishyapti. Agarda Oliy ligada klublar soni kamaysa, bu avtomotik ravishda ularning qoshidagi akademiyalar va maktablarga pand beradi.

Bizdagi futbolchilarning aksariyati ham rivojlangan klublarning akademiyalaridan chiqqan: «Nasaf», «Paxtakor», «Bunyodkor». Klub qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha bolalar maktablari ko‘p bo‘ladi. Men bunda hammasi davlat byudjetidan barpo qilinsin, demayapman. Aytmoqchimanki, qancha ko‘p pul bo‘lsa, shuncha ko‘p bolalar maktablari bo‘ladi. Aslida, futbol maktablari soni va ularning saviyasi asosiy muammo.
O‘smirlar va kattalarda esa o‘yinlar soni haqida qayg‘urish kerak. Masalan, Toshkentda shahar chempionati bor, u yerda bolalar istagancha o‘ynaydi. Biroq, ayrim viloyatlar borki, hatto viloyat chempionatlari ham o‘tkazilmaydi. Masalan, Qashqadaryoda ham «Mashʼal» va «Nasaf» klublar o‘zaro o‘ynayapti, xolos.

JCh-2022`dan esdaliklar to‘plami. Bu yerdagi eng qimmatli eksponat — sakkizta stadionning barchasi tasvirlangan tangalardir. Surat Alisher Nikimbayevning shaxsiy arxividan olindi.

Chekka tumanlarda bir joydan ikkinchi joyga yetib borish qiyin. Lekin shuning yo‘lini topib, o‘yinlar sonini ko‘paytirish kerak. Hammasi baribir mashg‘ulotlar jarayoniga borib taqalyapti. Talantlarimiz bor, biroq umumiy saviya pasayib ketyapti. Bundan 10−20 yil avvalgi futbolchilarning saviyasiga qarasangiz, ularda balandroq bo‘lgan. Bugungi kunda o‘sha yoshi o‘tgan futbolchilar o‘z klubida haligacha yaxshi to‘p suryapti. Ularning o‘rnini bosadigan futbolchilar esa juda kam. Muammo shunda.

Boshqa muhim shartlardan biri — tayyorgarlik va stadionlarning holatida. Qatarda hozir stadionlarda yangi drenaj tizimi o‘rnatildi. 2020-yil pandemiya paytida biz «Janub stadioni»da Osiyo chempionati finalini o‘tkazdik. Shundan so‘ng stadion yopildi va u yerda vakuum-ventilyatsion tizimni o‘rnatish uchun rekonstruksiya qilishga kirishildi. Bu drenaj sistemaning yangicha darajasi hisoblanadi. Qatarda JCh o‘tadigan 8 ta stadionning hammasida FIFA talablari bo‘yicha mazkur tizim o‘rnatildi. Bunda suv maydonda qolib ketmaydi.
реклама
реклама
Men «Bunyodkor» stadionida hozir qanday drenaj tizimi o‘rnatilayotganini bilmaymanu, lekin FIFA tavsiya qilgan vakuum-ventilyatsion tizim shu stadionda ham qo‘yilishini o‘ylab ko‘rish kerak. Yaqinda O‘zbekiston PFL direktori Diyor Imomxo‘jayev bu stadiondagi yashil maydonda drenaj tizimi shu vaqtgacha umuman ishlamaganini aytgandi.

Chet eldan jalb qilinadigan legioner futbolchilardan tashqari murabbiylarni ham jalb qilish o‘zini yaxshi oqlaydi. Bizning ko‘p murabbiylarimiz bugungi kunda texnologiyalarga, tahlilchilarning ishiga ishonmaydi. «Bu bilan nima o‘zgaradi?» qabilida eski usuli bilan ishlayapti. Chet eldan kelayotganlari esa tahlilga ko‘p eʼtibor berishadi.

Men futbol ichidagi odam bo‘lganim uchun ham aytamanki, bu muhim. Masalan, FIFA yaqinda JChda qatnashadigan har bir futbolchi uchun mobil ilova yaratyapti. Ularning har biri o‘yin tugagach, telefonidagi o‘sha ilovaga kirib, o‘z harakatlarini tahlil qilishi mumkin bo‘ladi. Qancha yugurgani, qanday harakatlar qilganini bilib oladi. Xorijda tahlilga juda katta eʼtibor berishadi. Bizda ham yo‘q emas undaylar, lekin chet eldan olib kelsak, juda yaxshi bo‘lardi. Bunda ham eʼtiborliroq bo‘lish kerak, chet eldan keldi degani doim ham «yaxshi mutaxassis» degani emas. Mongoliya ham chet el hisoblanadi, masalan.

Shu o‘rinda yoshlarga ham chet tillarini yaxshi o‘rganishni tavsiya qilardim. Busiz hech nima bo‘lmaydi. Qolaversa, o‘zim kuzatgan voqealardan biri hozirgi ayrim yoshlar kompyuterda ishlashni yaxshi bilmaydi. Bu masalalarni o‘rganish kerak, bular o‘zlashtirilsa, keyingi ishga moslashish jarayoni oson bo‘ladi.
Matnni Mushtariy Oqboyeva tayyorladi.
Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / «Gazeta.uz».
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting