Rigina Madjitova / «Gazeta.uz»
Odamlarimiz hayotini obinonsiz tasavvur qila olmaydi
Novvoylar – tandirchilar qanday yashashadi va ishlashadi?
Har ishning boshi non bo‘lsa, O‘zbekistonda obinon — boshdagi tojdir. O‘zbeklarning tushlik dasturxoniyu bayram-bazmlarini nonsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Mehmonga borayotganlar obinonlardan ko‘tarib olishsa, Samarqand noni yoki Chig‘atoy patirlarini esdalik sovg‘asi sifatida ham xarid qilishadi. «Gazeta.uz» poytaxtdagi novvoylardan ushbu kasb va mazali non sirlarini o‘rgandi.
Har ishning boshi non bo‘lsa, O‘zbekistonda obinon — boshdagi tojdir. O‘zbeklarning tushlik dasturxoniyu bayram-bazmlarini nonsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Mehmonga borayotganlar obinonlardan ko‘tarib olishsa, Samarqand noni yoki Chig‘atoy patirlarini esdalik sovg‘asi sifatida ham xarid qilishadi. «Gazeta.uz» poytaxtdagi novvoylardan ushbu kasb va mazali non sirlarini o‘rgandi.
Toshkentning qadimiy bozorlaridan biri – Chorsuda erta tongdan hayot qaynaydi. Ikkinchi qavatdagi xilma xil o‘zbek nonlari yopiladigan katta novvoyxonada ish tungi soat birdan boshlanadi. Bu vaqtda novvoylar xamir qorayotgan bo‘ladi. Ertalabki soat 4-5 largacha ilk nonlarni tandirga uzatish boshlanadi.
Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidan bo‘lgan Hasan Ergashev 18 yildan buyon — qariyb maktabni tamomlagan kunidan beri novvoylik bilan shug‘ullanadi. 2018-yilda oilasi bilan Toshkentga keldi. Ergashev nonning xilma xil turlarini tayyorlay olishini, biroq talab yuqori bo‘lgani uchun mamlakatning barcha hududlarida uchratish mumkin bo‘lgan standart “yopgan non” tayyorlashga ixtisoslashganini aytadi. Kuniga o‘rtacha 600-800 ta obinon yopib, 300 ming so‘mga yaqin daromad oladi. Uning o‘zlariga ko‘ra, oylik daromadi besh-olti million so‘mni tashkil etishi mumkin.
«Nonni jiyanlarim sotadi. Maktabda o‘qiydiganlari yozda kun bo‘yi ishlaydi. O‘qimaydiganlari, kattaroqlari esa o‘quv yili boshida ularning o‘rinlarini egallashadi. Bu hunarni egallagan odam ko‘chada qolmaydi. Bu halol mehnat», — deydi novvoy.

Hasan Ergashevning aytishicha, mavsumiylik savdo hajmiga katta taʼsir ko‘rsatmaydi, biroq uning kuzatishlariga ko‘ra, odamlar qishda non sotib olishga moyilroq bo‘ladi.
Novvoy yordamchilaridan biri Sanjar Orolov ko‘rinishidan 15 yoshdan oshmaganga o‘xshaydi. Yigit Toshkentga Qashqadaryodan non yopish hunarini o‘rganish uchun kelgan. Avval non tashib turdi, keyin oshxonaga kirdi. Hozir esa xamir qorishni o‘rganmoqda. Yozda o‘rtacha 1,5-2 million so‘m ishlab topadi.

«Non yopish men uchun — kutilmagan holatlar uchun zaxira variant», — deya tushuntirish beradi temiryo‘lchi yoki futbol sharhlovchisi bo‘lishni rejalashtirayotgan Sanjar.
Ibrohim aka 34 yoshda. U Toshkent to‘y patirlarini yopishga ixtisoslashgan novvoy. Ibrohim aka o‘zining Toshkent to‘y patirini o‘zbek nonining eng qiyin turlaridan biri deb hisoblaydi, chunki hamma narsa qo‘lda qilinadi. Samarqand nonini tayyorlash ham qiyin. Uning bu fikriga «Gazeta.uz»ning boshqa suhbatdoshlari ham qo‘shiladi.
Nonvoylar Buxoro amiri Buxoroda ham Samarqand nonlari yopilishini orzu qilgani haqidagi rivoyatni ko‘p eslashadi. Unga ko‘ra, hukmdor Samarqandning eng yaxshi novvoyini shaharga taklif qilib, uning ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratib beradi. Biroq, har qancha urinishsa ham, nonlar Samarqandda yopilgandek chiqmaydi. Shunda novvoy hamma gap havoda ekanini, bu shaharning havosi boshqachaligini aytadi.
Ibrohim aka bu hunarni otasidan o‘rgangan. U akasi bilan 12-13 yoshidan buyon mustaqil ravishda non yopib keladi. Onasi ularga yordam beradi. To‘y mavsumida oilaviy 150 dona non yopishadi. Qishda talab kamroq bo‘ladi, erta kuzda va bahor kelishi bilan buyurtmalar ko‘payadi.
Non yopish hunari, novvoylarning taʼkidlashicha, og‘ir jismoniy mehnat hisoblanadi. Bu ishni hamma ham eplay olmaydi. Ibrohim akaning so‘zlariga ko‘ra, novvoylar to‘yib uxlamaydi. Ularning asosiy sherigi — tandir — ish kuni davomida qizib turadi. Undagi harorat yuz darajaga yetadi. Nonvoy salgina chalg‘isa yoki beparvolik qilsa, osongina yuz-qo‘lini kuydirib olishi mumkin. Ehtimol, shuning uchun ham bu kasbda ayollar kamroq.

Chorsu bozoridagi novvoyxonada esa ikki nafar ayol-novvoy ishlaydi. Ulardan biri — Manzura Hamroyeva. U Buxoro viloyati Shofirkon tumanidan. Manzura opaning aytishicha, tajriba orttirish maqsadida bir yil avval turmush o‘rtog‘i bilan poytaxtga kelgan. Ayol, mana 12 yildirki, buxoro patiri — «qatlama patir» yopish bilan shug‘ullanadi. Bitta patirning og‘irligi 700 gramm.
«Non yopishni turmush qurganimdan keyin boshlaganman. Lekin o‘z ishimni yaxshi ko‘raman, shuning uchun qiyinchiliklarni unchalik ham his qilavermayman. Non yopishda o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bor: kam uyqu, kuyish bor, yozda issiq, xamiri yomon bo‘lib qolishi mumkin», — deydi Manzura.

Turmush o‘rtog‘iga erining singlisi yordam beradi — o‘zlari ulgurishmaydi. Oilaviy tadbirkorlikda Manzuraning o‘g‘li ham ishtirok etadi. U dam olish kunlari va maktabdan keyin non sotadi. Bola maktabda bo‘lganida Hamroyevlar oilasi sotuvchi yollaydi.

Oila har kuni 200 dan ortiq non yopadi. Kuniga o‘rtacha 400 ming so‘m daromad oladi. Oyiga esa 12 million so‘m ishlab topadi.

Deyarli barcha novvoylar zaxiraga bir oz pul orttirish mumkinligini aytishdi, lekin har doim ham emas.

«Har xil oilalar bor. Kimningdir puli o‘zini boqishga yetadi, kimdir novvoylikning ortidan mashina ham olyapti», — deydi Ibrohim aka.

Ko‘pchilik yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, bozorda ijaraga joy olgan holda o‘zi uchun ishlab turibdi. Soliqlardan faqat YATT uchun ko‘zda tutilganlari to‘lanadi. 2022-yil 1-yanvardan 2023-yil 1-yanvargacha respublika tumanlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) ijtimoiy soliq stavkasi BHMning 50 foizi miqdorida belgilandi. Bundan tashqari, ishlatilgan gaz uchun ham to‘lovlar mavjud.
Toshkentda nonning har xil turlari, turfa shakl va taʼmlilarini uchratish mumkin. Barcha novvoylar bunday xilma-xillikka ijobiy munosabatda bo‘lishadi. Ko‘pchilik bunda kasb rivojini ko‘radi. Nonvoylar o‘z hunarlarining yo‘qolib ketishi yoki qandaydir tarzda avtomatlashtirilishidan qo‘rqishmaydi.

«Har bir o‘zbekning dasturxonida non bo‘lgan. Xalqimiz hayotni usiz tasavvur eta olmaydi», — deydi Manzura Hamroyeva.

Chorsudan tashqari poytaxtda mahalliy patir yopiladigan mashhur Chig‘atoy ko‘chasi ham bor.

21 yoshli novvoy Azizbek Tohirov bu hunar bilan olti yildan beri shug‘ullanib keladi. U Toshkent patirining har qanday turini yopa oladi, lekin ko‘proq chig‘atoy patirini tayyorlaydi: oddiy hamda yong‘oq va mayiz qo‘shilganini. Birinchisi 18 ming, ikkinchisi 20 ming so‘m turadi.
Bitta non taxminan bir kilogramm og‘irlikda va bir necha kun davomida saqlanishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda bunday patir boshqa yo‘q.

«Nonlar "joy tanlaydi". Deyarli hech qayerda boshqa hududning nonini yopib bo‘lmaydi. Chag‘atoy patiri nonning eng qiyin turi hisoblanadi, chunki uni tayyorlash va tandirda bir soat pishirish oson emas. Bunday non bir hafta davomida turishi mumkin va buzilmaydi. Shu narsa yaxshi nonni sifatsizidan ajratib turadi», — deydi Azizbek Tohirov.
Azizbekning aytishicha, poytaxtda katta hajmda non yopadigan ayollar deyarli yo‘q. U non pishirish — erkaklarning ishi, deb hisoblaydi.

«Rossiyada 25-30 yoshli qizlarning qanday ishlayotganini ko‘rdim: pechda 40 daraja issiqda, kuyish xavfi ostida. Onam yoki singlimning bunday kasbni tanlashini xohlamasdim», — deya tan oladi novvoy.
Azizbek oyiga o‘rtacha 7-8 mln so‘m ishlab topadi. Ayrim vaqtlarda esa buyurtmalar oshib ketadi. Misol uchun Toxirovdan davlat tadbiri uchun 200 ta non xarid qilishgan. Rossiyalik MMA jangchisi, UFC sobiq chempioni Xabib Nurmagomedovning Toshkentga tashriflaridan birida unga patirlardan bir nechtasini sovg‘a qilgan.
Yigitning topish-tutishi o‘ziga yarasha. U hatto uy qurib, mashina sotib olishga ham muvaffaq bo‘ldi.

«Agar mijozlar topsangiz, o‘z mahsulotlaringizni do‘konlarga tarqatsangiz, bu juda foydali biznes. Hatto karantinda hamma joy yopiq edi, men esa non yopdim», — deydi novvoy va novvoylik kasbi yo‘qolmasligi — odamlarning o‘zi bunga yo‘l qo‘ymasligini qo‘shimcha qildi.
Material hamkori Korzinka

Matn va fotosuratlar muallifi Rigina Madjitova / «Gazeta.uz».

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.


Siz biror qiziqarli voqeani bilasiz va uni butun dunyo bilan baham ko‘rmoqchimiz? Unday bo‘lsa, hikoyalaringizni photo@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting