Foto: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz»
«Yotoqxonadan joy berishmasa, farzandimni uyga olib ketaman»
Minglab talabalar o‘zlarini boshpanasiz his qilishmoqda
5-sentabr — O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarida o‘qish boshlandi. Aslida, talabalik — intiqib kutiladigan davr. Ammo ko‘p va xo‘p takrorlanganidek, hamma imkoniyatlarni beruvchi «oltin baliqcha» ham emas. Yashash hududidan olisdagi universitet yoki institutni tanlagan aksariyat uchun esa, taʼbir joiz bo‘lsa, hayotning katta-yu kichik muammolari boshlanadigan pallasi. Hali oliy taʼlimning ilk darslariga kirib ulgurmasdanoq, turar joy muammosiga yuzlashganlar buni yaxshiroq his qiladi. Yangi o‘quv yilini talabalar qanday kutib olganini tasvirlash maqsadida «Gazeta.uz» muxbirlari poytaxtning «Talabalar shaharchasi»dan fotoreportaj tayyorladi.

Suratlarni kattalashtirish uchun ularning ustiga bosing.

Odatda aksariyat oliy taʼlim muassasalarida darslar 8:30 yoki 9:00 da boshlanadi. Ammo 5 sentyabrda «Talabalar shaharchasi» soat millari yettini ko‘rsatmasdanoq juda gavjum edi. Bu manzilda ikki muassasa — O‘zbekiston milliy universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti yonma-yon joylashgan.

Har 5-10 daqiqada shaharchadan uzoqda bo‘lmagan “Beruniy” metrosidan odamlar oqimi chiqar va «Aqlli yo‘lak» bo‘ylab ketishardi. Kimnidir ko‘zlari chaqnagan, o‘qishga chanqoq, kimdir esa asabiy, shoshib, telefonda gaplashgancha ketmoqda. Ammo yo‘lovchilar qatorida ko‘rpa-to‘shak, og‘ir sumkalarini ko‘tarib olgan ota-onalar, keksa yoshdagi bobo-buvilar, talaba yigit-qizlarni ham uchratish mumkin.

реклама
реклама
Soat 8:00 dan o‘tib, keng o‘tli maydon bo‘ylab har kim o‘ziga qulay nuqtani tanlab, joylasha boshladi. Bu vaqtda talabalarni ko‘p ham uchratavermaysiz, ular o‘quv yilining birinchi kuniga bag‘ishlangan tadbirda. Biz esa yuklar oldida turganlarni suhbatga tortar ekanmiz, deyarli barchasi taʼlim maskaniga endi qabul qilingan talabalarning yaqinlari ekaniga guvoh bo‘ldik. Kelgan manzillari esa har xil: olis Qoraqalpog‘istondan tortib, nisbatan yaqin Sirdaryogacha.
Tamoyiliga ko‘ra, talabalar 2 yoki 3 para o‘qishadi, so‘ng ehtiyoji borlari kerakli hujjatlari va yotoqxona uchun ariza topshiradi. Arizalar javobi esa universitet rahbariyati tomonidan ko‘rib chiqilgach, aytiladi.

Kun davomida ikki marta — ertalab va tushdan keyin shu manzilda bo‘ldik. Biz suhbatlashgan 30 dan ortiq insonning deyarli barchasi, yotoqxonada turishdan umidvorligi, ijarada qolishni yo sharoiti ko‘tarmasligi, yoki xohlamasligini bildirdi. Maʼlum toifa imtiyozlaridan ortmasdan, yotoqxona berilmay, muammoli holat kuzatilsa, ikkinchi variant sifatida ijarada turishga joylaringiz bormi, deya berilgan savolga - «hali muammo ham bo‘lishi mumkinmi?», «yotoqxona berilmasligi ham mumkinmi?», degan bir qancha savolli javoblarni oldik. Ko‘pchilik bir kun avvalgi tunda yo‘lga chiqib, erta tong bilan Toshkentga kirib kelgan va ilk manzili universitet bo‘lgan. Agar yotoqxona shu kuni hal bo‘lmasa, tunash uchun joyi ham yo‘q.

Alijon G‘ofurov:
«Toshkentga kecha kelib, kunlik kvartirada tunadik. Kam taʼminlanganlik haqida hujjatimiz ham yo‘q, boshqa imtiyozli toifaga ham ega emasmiz. 1-kurslarga yotoqxona berilar deb yuklarimiz bilan kelib turibmiz. Bu yerda biror qarindoshimiz ham yo‘q. Yotoqxona bo‘lmasa, o‘qitishga sharoitim yo‘q. Ikki yil avval qizim ham kontraktga o‘qishga kirgandi. TTJdan o‘rin berishmagani uchun imkon qilolmay o‘qitmadim, turmushga berib yubordik. Sharoiti qandayligidan qatʼi nazar, 1-kurs talabalariga yotoqxona berilishi kerak, bular hali bola bo‘lsa, ijaraga uyni qayerdan topadi? Keyingi bosqichlar esa ijarada tura oladigan darajada shaharni ko‘rib, o‘rgangan bo‘ladi. Yotoqxonadan joy berishmasa, o‘g‘limni ham qaytarib olib ketib, uylantirib qo‘yaman».
Sharofat Yodgorova:
«Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidan keldik. Nevaram birinchi kurs Fizika fakultetiga to‘lov shartnoma asosida o‘qishga kirdi. Toshkentga kecha kechqurun kelib, bir tanishimiznikida qoldik. Sergelida ekan, rosa uzoq, universitetga kelguncha ham anchagina yo‘l yurib, qiynaldik. Hech qanday imtiyozli toifadan emasmiz. Ota-onasi ikkita opasini kontraktda o‘qitib, turmushga berishdi. Bu nevaram o‘zimning qaramog‘imda. Balki, yolg‘iz buviligim inobatga olinib, joy berishar deb umid qilib turibman. Ham ishonchli qo‘llarga topshirardim. Ijaraga qo‘yishga hech imkonim yo‘q, o‘zi bir million so‘m pensiya olaman. Kontrakti va boshqa xarajatlariga yetkazib bersam ham katta gap».
Manzura Neʼmatova:
«Qizim Matematika fakultetiga grantga kirdi. Kechadan oldin Namangan viloyatidan keldik. Yana ikkita jiyanimiz ham bor. Besh kishi ijara uchun kuniga 450 ming so‘mdan to‘layapmiz. Kam taʼminlanganlik haqida hujjatimiz ham bor. Yotoqxonadan umidvor bo‘lib, hamma narsamizni ko‘tarib keldik. Agar berishmasa, nima qilish haqida o‘ylab ham ko‘rganimiz yo‘q».
Ismini ochiqlashni istamagan ayol:
«O‘g‘lim Matematika fakultetiga o‘qishga kirdi. Toshkentga kecha keldik. “Do‘stlik” metro bekatining oldidan kvartira topib turibmiz. Yotoqxonadan joy berilishini kutyapmiz. Yangiliklarda ham o‘qiyapmiz, ijarada turadiganlarga to‘lovning maʼlum qismini davlat to‘lab berar ekan. Shu xabargina tashvishlarimizni oz bo‘lsa-da bosyapti. Hozircha yotoqxona taʼmirda ekan. Avval maʼlum toifalarga berilib, keyin bizning nomzodimiz ko‘rib chiqilishi aytildi».
реклама
реклама
Nurzoda Ro‘ziyeva:
«Qizim Matematika fakultetiga byudjetga kirgan. Buxoro viloyatidan kelganimizga uch kun bo‘ldi. Kuniga 50 ming so‘mdan to‘lab mehmonxonada turibmiz. Qiz bola, yana birinchi kurs bo‘lsa, hech qayerni bilmaydi-ku. Yotoqxona olish umididamiz. Hali kvartira izlaganimiz ham yo‘q».
Qurbonoy Qayumova:
«Qo‘qondan keldik. Kichkina nevaram Texnika institutiga kontraktga kirdi. Kelganimizga uch kun bo‘ldi. Bir yerga kvartirada turdik, qayerdaligini o‘zimiz ham bilmaymiz. U joydan ham bugun chiqib ketdik. Toshkentda avval xo‘jayinim o‘qigan, unga ham qancha yillar bo‘lib ketdi. O‘sha paytlar og‘aynilari ko‘p bo‘lgan. O‘zimizda-da ayb, surishtirib o‘shalarning raqami yo manzilini topib olib kelmaganmiz».
Zoyaxon Mahmudova:
«Nevaram Milliy universitetning Huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirdi. Samarqanddan kelib, bir tanishimiznikida turibmiz. Birovning uyi — baribir birovniki. O‘zining bolalari bor, hadeb turaversangiz ham yoqmaydi. Yotoqxonaga ariza topshirdik, javobini kutib turibmiz. Agar berilmasa, kvartirada turishga imkonimiz yo‘q. Izlab-ku toparmiz, lekin u ham pul-da. Kontrakt, kunlik xarajatlari uchun ishlatiladigan pulning o‘zi ozmuncha bo‘lmaydi, ukalari ham o‘qishi kerak. Dadasi paxta zavodda oddiy ishchi, onasi esa hamshira bo‘lsa, qanday amallaymiz, bilmayman. Rektorlariga kirarmiz, hamma o‘zbek-ku, tushunar».
Gulnora Mo‘minova:
«Sirdaryodan kelganmiz. Bolam Ijtimoiy fanlar fakultetiga kirgan. Toshkentga ertalab kelib, to‘g‘ri universitetga kirdik. Kam taʼminlanganlik to‘g‘risidagi hujjatimiz bor-kuya, agar yotoqxona berilmasa, ijaraga imkonni qayerdan topamiz? Kishi boshiga 50-60 dollar ekan, eshitdik. Bizda unday imkoniyat yo‘q, ham kontrakt bo‘lsa. Atrofga qarang-da, yuki bilan kelganlarning hammasi yotoqxonadan umid qilib o‘tiribdi. Men yotoqxona berilmay qolishi mumkinligini birinchi marotaba sizdan eshitib turibman. Hali muammo ham bo‘ladimi?».
Birinchi galda qaysi toifadagi talabalar yotoqxona bilan taʼminlanadi?

«Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi matbuot kotibi Mo‘min Ibodovning maʼlum qilishicha, bu borada talabalarning kontrakt yoki budjetda o‘qishiga qarab o‘tirilmaydi.

«Dastlab chin yetimlar, nogironligi bo‘lganlar, kam taʼminlanganlar va keyingi navbatlarda bir oiladan ikki farzandi kontrakt asosida o‘qiydiganlar, OTMga uzoqdan kelganlar va imkon qadar qizlarga yotoqxona beriladi. Shu ro‘yxatdagilarning orasidan ham ko‘proq birinchi kurslar taʼminlanishiga harakat qilinadi», — dedi u.
Maʼlumot o‘rnida, 2021-yilning yanvarida prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda 2021−2023-yillarda «Talabalar uylari» tashkil etish dasturi ishlab chiqilishini maʼlum qilgandi. Yotoqxonalar qurish uchun esa 2021 yilning o‘zida davlat byudjetidan 50 mlrd so‘m ajratilgani aytilgandi.

2021-yil 9-sentabrda talabalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida turar joylar qurilishi bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingandi. Unga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 228 ta talabalar turar joylari (400 o‘rinli) barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Shundan hududlarda 2022-yilda — 47 ta, 2023 yilda — 67 ta, 2024 yilda — 62 ta, 2025 yilda — 52 ta talabalar turar joylarining qurilishi belgilangan.

Mo‘min Ibodovning so‘zlariga ko‘ra, 2022−2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, DXSH asosida 100 ming o‘rinli yotoqxonalarni barpo etish va talabalarni yotoqxona bilan taʼminlash darajasini 60 foizdan oshirish belgilangan.

2022-yilda jami 30 956 o‘rinli 60 ta loyiha, shundan, DXSH asosida 20 866 o‘rinli, oliygoh va byudjet mablag‘lari hisobidan 2800 o‘rinli, oliygohlarning to‘liq o‘z mablag‘lari hisobidan 4640 o‘rinli hamda investitsiya dasturi doirasida 2650 o‘rinli yotoqxonalarni barpo etish ko‘zlangan.

Hozirda OTMlarda amalga oshirilayotgan jami loyihalarning 19 756 o‘rinli 38 tasida qurilish ishlari boshlangan bo‘lib, 900 o‘rinli 2 ta yotoqxona foydalanishga topshirildi, 4400 o‘rinli 7 ta yotoqxona joriy yilning centyabr oyida foydalanishga topshiriladi. Qolgan yotoqxonalarni 2022-yil yakuniga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Talabalarga ijara pulining bir qismi qanday qoplab beriladi?

Shuningdek, 2021-yil sentabrida hukumat qarori bilan ijara huquqi asosida yashayotgan talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismini davlat byudjeti hisobidan qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangangandi.

Qoplab beriladigan qism ijara narxlaridan kelib chiqib, Toshkent shahrida — BHMning 1 baravari (300 ming so‘m), qolgan hududlarda — BHMning 0,5 baravari (150 ming so‘m)dan oshmasligi belgilangan. Bunda mablag‘ o‘quv yili davomida (har yili 1 centyabrdan 1 iyulgacha) yoki o‘qitish dasturi bo‘yicha o‘quv yilining davomiyligiga qarab beriladi. Buning uchun har oyning 7-sanasiga qadar nomzodlar ariza topshirishlari kerak.

«Gazeta.uz»ning o‘tgan o‘quv yili davomida nechta talabaga, qancha miqdordagi ijara to‘lovi davlat tomonidan qoplab berilganiga oid savoliga Oliy taʼlim vazirligi matbuot xizmati bu borada umumiy raqamlar hali to‘planmaganini qayd etdi.

Oliy taʼlim vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, 2022-yilda O‘zbekistonda 177 ta oliygoh mavjud bo‘lib, shundan 33 tasi nodavlat, 31 tasi xorijiy, 113 tasi esa davlat muassasasi hisoblanadi.

113 ta davlat OTMlarida 91451 o‘rinli 257 ta TTJlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Taqqoslash uchun, 2020−2021-yilda O‘zbekistonda OTMlar soni 127 ta bo‘lgan, ularning 20 tasini xorijiy taʼlim muassasalari tashkil etgan.

Joriy o‘quv yili holatiga ko‘ra, TTJlar eng ko‘p hudud Toshkent shahrida bo‘lib, 95 tadan iborat va 35636 talabani qamrab olishga mo‘ljallangan. Ushbu ko‘rsatkich 2020−2021-o‘quv yilida atiga 31 tani tashkil qilgan.

Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, talabalar yotoqxonasi masalasida oldinga siljish bor. Biroq, oxirgi yillarda kvotalarning yaxshigina miqdorda oshirilayotgani hisobiga TTJlar sonining talabalarni boshpana bilan taʼminlashda unchalik ham sezilmayotgandek tuyulmoqda.
Tushdan keyin — g‘alvir suvdan ko‘tariladigan, yotoqxona kimni o‘z bag‘riga olish yoki olmasligi ehtimoli aniqlashgan payt. 16:00 lardan o‘tib, «Aqlli yo‘lak» bo‘ylab kirganimiz zahoti yashillik ustida yuklari bilan mung‘ayib turgan ayolga ko‘zimiz tushdi. Borib, hol-ahvol so‘radik. Aytishicha, yotoqxona masalasida qizining nomzodi imtiyozli toifalardan keyin, ehtimol, 2−3 kun o‘tib ko‘rib chiqilishi haqida javob olishgan. Ammo shu vaqt oralig‘ida yashashga biror manzillari yo‘q.
Nargiza Ismatova (juda past va yig‘i aralash ohangda):
«Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidan keldik. Uchinchi qizim kompyuter ilmlari va dasturlash texnologiyalari yo‘nalishiga kontraktga kirdi. Ikkinchi qizim ham Qarshida kontraktda o‘qiydi. Bundan avval Toshkentda hech kimimiz o‘qimagan, qarindoshlarim ham yo‘q. Shaharga ertalab keldik. Yotoqxona masalasida hujjatlarini tayyorlab dekanatga murojaat qilgandik. Bugun imtiyozi borlarga berar ekan. Erta-indin ulardan ortsa, keyin bizning nomzodimiz ko‘rib chiqilar ekan. Hozir boradigan joyimiz yo‘q».
«Nargiza opaga internetdan ijaraga uy izlab ko‘rmadingizmi?» deya berilgan savolga u qo‘lidagi telefonni ko‘rsata, quyidagicha javob berdi: «Izlab ham ko‘rolmayman. Oddiy telefonda internet qayerdan bo‘lsin? O‘zimiz tarafdan kelgan sheriklarimizni ham topa olmadik».

U universitetdagilar hali turar joy masalasini hal qilishga imkonlari yetmay turib, talabalar darsga chaqirilganidan norozi. «O‘zim ishlamayman. Yotoqxona bermasa, nima qilish... (biroz sukut saqlab), olarmiz-da, berardir-da, ikkita kontrakt o‘qiyapti. Umid qilib o‘tiribmiz. Bugun bo‘lmasa, erta, erta bo‘lmasa indin, joylashtirib ketarman. Birinchi marotaba shu qizimni olib keldim. Bunday vaziyatga ham endi tushib turibman. Biz ham bemalol kelishimiz kerakmidi, deb o‘ylanib qoldim. Yotoqxonani bugun, erta imtiyozlilarga berib bo‘lishgandan keyin kelsak, tezda hal bo‘larmidi? Darsga kechikib kelsak ham, qayerga borarimizni bilmay, mana bunday chorasiz ahvolda turmasmidik» — dedi u.

Soat 17:00 ga yaqinlashib qolgan. Bu vaqtda ham ko‘p talabalar ota-onasi yoki biror yaqinining oldida emas, yo yotoqxona uchun ariza topshirishga yoki uning javobi chiqishiga navbat kutib, universitet ichkarisiga kirib ketgan. Ayrimlar rad javobi olib nima qilarini bilmay, yana boshqalar bo‘lsa, bugun berilmasligini bilsa-da, hali ham nimadandir umid qilib o‘tiribdi. O‘rtadagi 8−9 soatlik vaqtdan keyin ham, aksar nuqtalarda ertalab uchratgan chehralarni ko‘rdik. Ular hali ham yo tik oyoqda, yoki imkon qilib biror soya joyda, maysalarning ustida o‘tirib olgan. Ayrimlar esa, ehtimol, charchagani yoki vaqtni tezroq o‘tkazish uchun yashilliklar ustida yotib ham olgan.
Bekmurod Xo‘jayev:
«O‘g‘lim (Texnika universiteti — tahr.) axborot texnologiyalari yo‘nalishiga kontraktga kirgan. Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanidan bugun ertalab Toshkentga keldik. Ariza topshirdik, ammo hali ko‘rib chiqilmas ekan, bugun yotoqxona bermaymiz, deyishdi. Biror toifadagi imtiyozimiz ham yo‘q. Birinchi kurslarning hammasi yotoq bilan taʼminlanadi deb eshitganmiz, shunga yana umid qilib kutyapmiz. Toshkentda qarindoshlarimiz ham yo‘q. Agar bugun yotoqxona hal bo‘lmasa, mana shu yerda yotamiz, boshqa ilojimiz yo‘q».
Qaldirg‘och Sarsenbayeva:
«Qoraqalpog‘istondan keldik. Yaqinda, soat uch yarim (15:30)larda poyezddan tushdik. Qizim Matematika fakultetiga birinchi o‘rin byudjet bilan kirgan. Hozir o‘zi hujjat topshirgani ketdi. Uch yarimdan beri nima qilyapti, bilmayman. O‘zimda nogironlik, kam taʼminlanganlik bo‘yicha hujjat bor. Shunga yotoqxona berar, qiz bola-ku. Kvartiraga imkonim ham, joyim ham yo‘q. Bugun qizimni joylashtirsam, o‘zimning ham qoladigan manzilim yo‘q. Nima qilaman, bilmayman. Qizim chiqsinchi».
Bekzod Usmonov:
«Qizim Fizika fakultetiga kontraktga kirgan. Kecha Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanidan keldik. Mehmonxonada kishi boshiga yuz ming so‘mdan turdik. Ariza bergandik, ertaga soat uchdan keyin ko‘rilishini aytishdi. Endi qayerda tunashimiz nomaʼlum. Yana mehmonxona qidiryapmiz, lekin hammasi qimmatlik qilyapti, imkonimiz qolmadi. Yotoqxona avval maʼlum imtiyozli toifalarga berilarkan, bizda shunaqa imtiyoz yo‘q-da. O‘zimning ham doimiy ishim yo‘q. Duradgorman, mavsumga qarab daromad qilaman. Bu katta qizim, universitet yotoqxona bilan taʼminlasa, qolganini o‘zim eplayman».
Texnika universiteti tarafdan kichikroq jussasiga bitta katta va bitta o‘rtacharoq sumkani ko‘tarib, shaharchadan chiqib ketishga otlangan yigitni uchratdik. Aytishicha, avval uzoq masofadan kelganlarga yotoqxona beramiz deb uni qaytarishgan. Yuklarini nisbatan olis bo‘lgan Yashnoboddan ko‘tarib, yotoqxona olarman deb olib kelgan, endi bo‘lsa qaytarib olib ketyapti.
Alisher Xudoyberdiyev:
«Toshkent davlat texnika universiteti, Mashinasozlik fakultetiga shu yili kirdim. Jizzax viloyatidanman. Toshkentga kecha kelib, opachamning uyida, Yashnobodda turgandim. Ariza berdim, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Xorazmni avval taʼminlaymiz, ortsa, boshqalarga o‘tamiz deyishdi. Bugun berishar deb umid qilib, og‘ir yuklarimni keltirgandim, endi yana olib ketyapman».
Soat 18:30 ga qadar «Talabalar shaharchasi»ning turli nuqtalarida, yuklarning oldida turgan talaygina odamlar bilan gaplashdik. Ko‘p ota-onalar aniq imtiyozli toifasi bo‘lmasa-da, boshqa bir sabablar bilan hali ham yotoqxona berilishini kutishayotganini aytdi. Masalan, ikkita, uchtalab kontrakt o‘qitishi, birinchi kursligi yoki qiz bola ekani, aynan kontrakt yoki grantda o‘qiyotgani, olis viloyatdan kelgani uchun. Aslida yotoqxona berilishi ko‘zda tutilmagan kechki taʼlim talabalari ham bundan xabarsiz holatda ko‘chlarni olib kelishgan. Odamlar bilan gaplashish asnosida yoki universitet masʼullardan so‘rab o‘zlariga TTJdan xona berilmasligini bilib qolgan.
реклама
реклама
Jo‘rabek Xalilov:
«Farg‘onadan kelganmiz. Qizim Filologiya fakultetiga kechkiga tushib qolgan. Kechkilarga yotoqxona berilmas ekan. Buni endi bilib turibmiz. Toshkentda hech kimimiz yo‘q, tanimaymiz ham. Endi nima qilishga ham hayronmiz. Hozir qizimning o‘zi darsga kirib ketdi. Chiqsinchi. Hammaga birdek yotoqxona berilsa yaxshi bo‘lardi. Kechkilarga kunduzi dars qilmasdan ishlaydi deb kvartira berishmayaptimi? Endi qiz bola kelgan zahoti qanday qilib ishlab ketishi mumkin, bilmadim».
Ismi sir tutilishini iltimos qilgan boshlang‘ich taʼlim o‘qituvchisi:
«Qizim 2-kurs Geologiya fakultetida o‘qiydi. Farg‘onadanmiz, ertalab soat 6:00 dan shu yerga keldik. Hozir 2-, 3-, 4-kurslarga yotoqxona berishni o‘ylab ko‘ramiz deyishyapti. Ammo men bunga qarshiman. Nechanchi kurs bo‘lishidan qatʼi nazar, hamma qizlarga va birinchi kurs o‘g‘il bolalariga berilishi kerak deb hisoblayman. Birinchi kurs yigitlar hali hech qayerni bilmaydi, turtilib-surtilib yurgandan ko‘ra, avval yotoqxonada yashab, muhitga moslashgani yaxshi. Keyingi kurslardan o‘rganib ketadi, ijarada tursa ham bo‘ladi. Qiz bolaning or-nomusini asrash juda qiyin narsa-da. Kvartiraga qo‘ysa, qayerga borayotganini ota-ona bilmaydi-ku. Yana uyning egasining ham qanaqaligidan ham xabarsiz. Sheriklari yomon bo‘lsa, yonidagini yetaklaydi. Ancha-muncha qizlar shunaqa nazoratsizlik bilan aynib ketyapti. O‘g‘il bola qayerda yursayam gard yuqmaydi, qizga tekkan bitta dog‘ bir umrga „tatiydi“. Shuni Oliy taʼlim vazirligidan ham, universitetlar rahbariyatidan ham iltimos qilardim. Qizini uzoqqa jo‘natayotganda hamma ota-ona ham yuragini hovuchlab qoladi. O‘tgan yili ham shu yotoqxonani deb uch kun qolib ketganman. Hujjatimiz yo‘qolib, uni qayta tayyorlab, ikkinchi kuni kechqurun yotoqxonaga qo‘yganman. O‘sha kuni o‘zim bir joyda tunab, ertasi ertalabda bankka borib, yotoqxonasining pulini to‘lab, viloyatga jo‘nab ketganman. O‘zi qizimga Farg‘onaga yarim ball yetmay, Toshkentga kirib qolgan. Viloyatimizga „superkontrakt“ qilishga imkonim yetmadi. Shu muammodan bezib, ikkinchi kursligida o‘qishini Farg‘onagami, Andijongami ko‘chirmoqchi edim. Ammo yangi qaror qabul qilinib, „iloji yo‘q, bu fakultetda odam ozayib, boshqasida ko‘payadi“ deb, g‘aliz narsalar aytishdi. Ko‘chirganimda o‘zimning uyimda, ko‘z oldimda bo‘lardi».

Oliy taʼlim vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma'lum qilishicha, vazirlik huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning maʼnaviy yuksalishiga ko‘maklashish markazi xodimlari birinchi kundanoq talabalarga boshpana topishda ko‘maklashmoqda, jumladan, hozirgacha 50 nafarga yaqin talaba ijara uylariga joylashtirilgan.


Bundan tashqari, "Talabalar shaharchasi"da farzandlari ortidan kelgan va tunashga joyi bo‘lmagan 20 ga yaqin ota-onalarga ham yordam berilgan, ushbu vaziyat to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazir Abduqodir Toshqulovning nazoratida ekanligi ta'kidlanmoqda.

Materialni Ziyoda Ramazonova tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Madina Aʼzam.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Fotohikoya mualliflari o‘zlarining ishlariga havolalarni photo@gazeta.uz elektron manziliga yuborishlari mumkin. Xatga syujetlar tavsifi, joyi, sanasi, muallifning to‘liq ismi va bog‘lanish uchun telefon raqamlarini kiritishni iltimos qilamiz.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting