2022-YIL ABITURIYENTLARIGA MUROJAAT
Korrupsiyaga qarshi kurashish hamda Yoshlar ishlari agentliklari rahbarlari, jurnalist, inson huquqlari bo‘yicha huquqshunos, «Yuksalish» UMH rahbari, mentor va bloger 2022-yilda oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlarga o‘z maslahatlari va tilaklarini bildirishdi.
2022-YIL ABITURIYENTLARIGA MUROJAAT
Korrupsiyaga qarshi kurashish hamda Yoshlar ishlari agentliklari rahbarlari, jurnalist, inson huquqlari bo‘yicha huquqshunos, «Yuksalish» UMH rahbari, mentor va bloger 2022-yilda oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlarga o‘z maslahatlari va tilaklarini bildirishdi.
Jamiyatda o‘z o‘rnini topish uchun ilk qadamlarini qo‘yayotgan abituriyentlar shu kunlarda oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun katta hayot yo‘lidagi ilk imtihonlaridan o‘tishmoqda.

«Gazeta.uz» davlat arboblari, xalqaro tashkilotlar va faol jamoatchilik vakillaridan 2022-yilgi abituriyentlar va yoshlarga o‘z maslahatlari hamda tilaklari bilan murojaat qilishlarini so‘radi.

Biz ularga uchta savol berdik:

1. Abituriyentlik paytlaringizga qaytib qolsangiz, imtihonga kirishdan oldin o‘zingizga qanday maslahat bergan bo‘lar edingiz?
2. Bordi-yu abituriyent ko‘pchilik singari muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, tushkunlikka tushmay, hayotda olg‘a qadam bosishi uchun nima maslahat berasiz?
3. Bo‘lajak talaba maqomiga erishgan yoshlarga maslahat va tavsiyalaringiz.

E’tiboringizga ularning javoblarini havola qilamiz.
Alisher Sa’dullayev
Yoshlar ishlari agentligi direktori,
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi

Imtihon ham, aslida, oddiy kun. Imtihon arafasida va aynan shu kuni abituriyentlarda biroz hayajon yoki qandaydir bosim bo‘lishi mumkin, ammo bu ko‘pincha zararga ishlaydi. Bu kunga odatiy kundek qarash kerak, bor bilimlarni esa shu kuni ishga solish kerak.


Aslida, bugungi zamonda o‘qishga kira olmaslik fojia emas, yoki oliy ma’lumotga ega bo‘lish kafolatli kelajak ham emas! Hayot o‘qishga kira olmaslik bilan tugab qolmaydi, u davom etadi. Eng muhimi yiqilganda o‘rnidan turib keta olishni bilishdir. Avvalo, barcha bilimli abituriyentlar talaba bo‘lishlarini tilayman. Agar bu o‘xshamasa, tushunkunlikka tushish kerak emas, chunki hayot davom etaveradi, ortda qolgan qolib ketaveradi. Bu paytda yana qayta tayyorlanish kerak, astoydil harakat qilgan va bilim olgan inson maqsadiga yetadi, albatta.


Xorijiy tillarni o‘rganishni tavsiya qilaman. Til bilish bugun zamon talabiga aylanib ulgurdi. Xorijiy tillarni bilgan insonga dunyo eshiklari ham ochiladi. Bundan tashqari, eng yaxshi kitoblarni, manbalarni bemalol o‘qish va tushunish uchun ham bu eng muhim omil. Inson qancha ko‘p kitob o‘qisa, qancha ko‘p izlansa va harakat qilsa, sohasining eng kuchlisi bo‘lib boraveradi.

Aziza Qurbonova
Jurnalist
Abituriyentlik paytimga qaytib qolganimda imtihonga kirishdan oldin o‘zimga qanaqa maslahat bergan bo‘lar edim? Men juda ham hayajonlanganman, lekin juda ham qattiq tayyorlanganman, buni ham tan olib aytishim kerak. Menda shunaqa bo‘lganki, aʼlochi sindromi deydi-ku, «sen kirasan, san kirmasang boshqa kim kiradi», degan yaqinlarimning, ustozlarimning gaplari meni battar hayajonga solgan, xavotirga solgan. Yaʼni, sizga o‘zingizning imkoniyatingizdan ko‘proq baho berilayotganligini his qilib tursangiz — qo‘rqasiz. Sizdan katta narsa kutishayotganligini bilib tursangiz-u, uni eplay olmayman degan qo‘rquv odamni qiynaydi. Bu har bitta chin dildan tayyorlangan abituriyentning boshidan o‘tsa kerak. Mana shunaqa qo‘rquv bilan imtihonga kirganman. Afsuski, test yechayotganda o‘sha 2−3 ta savolning o‘rnini almashtirib titul varag‘iga belgilaganman. Bizda ruchka bilan to‘ldiriladi, bilasiz. Ming afsuski, mana shu 2−3 ta savolning o‘rnini almashtirib qo‘yganim tushlarimga kirib chiqib, qiynalib chiqqanman.

Hayajonlanish, qo‘rqish kerak emas, hamma narsani unutish kerak. Agar odam tayyorlangan, mehnat qilgan bo‘lsa, baribir mehnatining ozmi-ko‘pmi natijasini oladi. Biz abituriyent bo‘lgan paytda qo‘rquvlarimizga boshqa kattaroq sabablar ham bo‘lgan. Chunki, juda katta ballni to‘play olmasang juda ham o‘qish qiyin edi. Bilasiz, soxta ballarning baland bo‘lib ketishi, gaplashilishi, X-variantlarning olib kirilishi, har xil “parovoz”, usullar bilan o‘sha imtihonda nohaqliklar, adolatsizliklar ko‘p bo‘lgan. Yaʼni, mengacha bo‘lgan, bir yil avval kirgan abituriyentlar necha ball to‘plagan ekan deb, ballarni ko‘rganimizda, boshimizdan kapalagimiz uchgan — rosa qo‘rqinchli edi. «Mening guruhimga boshqalar javoblarni olib kirib bersa, ularning X-varianti bo‘lsa, 100% topsa, men topa olmasam», deb siqilganman. Testlarni yechayotganda ham ishonch bilan yechyapman-u, lekin baribir xato bo‘lsa-chi, degan qo‘rquv bo‘lgan. Shuning uchun ham 1−2 ta xato qilganim uchun o‘zimni juda ham kechira olmay, uxlay olmaganman bir necha kun. O‘sha paytlarda juda masʼuliyatli edim.

Hatto ko‘p vazn yo‘qotganman, ozib-to‘zib ketganman, hamma eslaydi. Biz o‘qishga topshirgan 2005 yilda (imtihon bir kun - 1 avgustda bo‘lgan) testning javoblari juda kech - 13 avgust kuni chiqqan, byudjetga 4-o‘rinda qabul qilinganman. Juda katta xursandchilik bo‘lgan oilam uchun. Shunda bilganmanki, hattoki adolatsizliklar davrida ham toza ko‘ngil bilan, yaxshi mehnat qilsang baribir natija bo‘ladi. Bizning paytda 180 ball bilan ham kontraktga kirganlar yoki yuqori ball to‘plasa ham umuman mandatda bo‘lmaganlar ko‘p bo‘lgan. Nima uchun, chunki o‘sha ballar baribir o‘yin bo‘lgan holatlar uchragan. Keyinchalik o‘qishga kirganimizda talabalar, kursdoshlarimizning orasida kimning qanday kirganligini bilib olganmiz.

Men O‘zbekiston Jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetiga hujjat topshirganman. 3 kun davomida ularning orasida qatnaganman, Milliy universitetga borganman, Xalqaro jurnalistikaga kelganman. Yaʼni, bizda tanlov imkoniyati juda qiyin bo‘lgan, faqat bitta joyga topshirish mumkin edi. Hozir abituriyentlarga juda ham mazza, 5 ta imkoniyat bor. Mana shu imkoniyatdan ham agar yaxshi o‘ta olishmasa, albatta, ayb o‘zlarida bo‘ladi. Men shunaqa, deb hisoblayman. «Muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, ayb o‘zlarida bo‘ladi», deganim bilan baribir, hayotda asosiy maqsad diplom olish, universitetga kirish bo‘lishi kerak emas. Odam yaxshi kasb, hunar, bilim egasi bo‘lib turib ham, hech qaysi universitetni bitirmasdan yaxshi daromad topib, farovon hayot kechirib, o‘zining orzulariga erishyapti. Bunga ko‘p misollar bor.

Bizning paytda shunday stereotiplar bor edi, haqiqatda universitetga kirgan bola bilan kirmagan bolaning imkoniyatlari ikki xil edi. Hozir internet hammani tenglashtirdi. Internet orqali ko‘p bilimlarga ega bo‘lish mumkin. Yana noyob kasblar paydo bo‘lyapti. Abituriyent yangi mashg‘ulot topishi kerak. Agar yana keyingi yil o‘qishga topshirish niyati bo‘lmasa, o‘zida yangi hunar o‘rganish uchun ishtiyoq topishi kerak.

Endi olg‘a qadam bosish uchun omadsizlikdan keyin, albatta odamga maqsad kerak. Maqsad agar yana universitetga kirish, yana 1−2 marta urinib ko‘rish bo‘lsa, keyingi yilgacha qattiq tayyorgarlik ko‘rish kerak — bu shubhasiz, busiz iloji yo‘q. Yana yil oxirida esga tushib, yana o‘qishga harakat qilib, men 10 marta topshirganman, 8 marta topshirganman degan statistika bilan “maqtanish” noto‘g‘ri deb hisoblayman. Bu — dangasalik. Bugun o‘qishga kirish uchun astoydil mehnat qilgan bola kiryapti. Bunga shak-shubha yo‘q.

Lekin kirgandan keyin o‘qishdan o‘zi kutgan narsani topdimi, yo‘qmi, mana shu masala ko‘proq muhim. Men albatta, xoh u o‘g‘il bo‘lsin, xoh qiz bo‘lsin, diplom uchun degan fikr unda bo‘lmasligini, bitta kasbni, yaxshi do‘stlarni, ustozlarni topish, bir sohani chuqur o‘rganish maqsadida o‘qishga kirishini, agar shu universitet unga bilim bermasa, shu bilimni o‘zi izlab, qidirib topishini istar edim. Masalan, ko‘pchilik «agar men vaqtliroq bilganimda, jurnalistikaga kirmas edim yoki shifokor bo‘lmas edim», deydi. O‘qishga kirganda ko‘pincha hafsalasi pir bo‘ladi. Universitet bu bitta bino, u sizga leksiya o‘qiydigan, sizga baho qo‘yadigan bitta shablon, xolos. Universitetning ichidagi muhit va hayotni 4 yil ichida o‘zingiz yaratasiz.

Universitetga o‘zini bag‘ishlash, faqat baho uchun o‘qishga kirish shart emas. O‘sha paytdan foydalanish, deylik ustozlar orqali sohaning yangi kanallariga chiqish kerak. Jurnalistikada universitetda o‘qib turib, shu kasb bilan shug‘ullanish, faoliyatni boshlab olish juda ham oson. Sekin-asta tahririyatlarga, radio, televideniyaga, internetga kirib borish mumkin. Hech bo‘lmaganda blog ochish, o‘zini sekin-asta har jabhada sinab ko‘rish mumkin. Bizni kasbda jarayonga kirish baribir osonroq. Shuning uchun ham to‘xtamaslik kerak.

Talaba bo‘ldim, deb ko‘pchilik o‘z ustiga ishlashni tashlab qo‘yadi. Abituriyentlik payti yaxshi tayyorlanadi, katta ishtiyoq bilan o‘qishga kirgandan keyin esa bo‘shashib qoladi. Bo‘shashmaslik kerak, o‘rganilgan til oxiriga yetishi lozim. Masalan, ingliz tilini boshladingmi, qaysidir darajaga olib chiqquncha tinmaslik, doim amaliyotda sinab turish kerak. Yoki o‘sha kasbingda qandaydir ilmiy yo‘nalish senga yoqyaptimi, shuni mahkam ushlash kerak. Bizda ko‘pincha universitetga kirgandan keyin faqat sessiyadan sessiyagacha yashaladi, bu — xato.
Akmal Burxonov
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori
«Abituriyent — o‘ziga ishonch» degan prinsip asosida o‘ylashni maslahat bergan bo‘lardim. Yaʼni bu davr — o‘zini yo‘qotmaslikni, orzu va tanlov qarshisida to‘g‘ri qaror qabul qila olishni talab etadigan nozik va mashaqqatli davr. Esdan chiqarmaslik kerakki, bu paytda abituriyentga bilimdan o‘zga najot ham, suyanch ham yo‘q. Shu bois har doim o‘ziga, o‘z bilimiga ishonishni, bu payt orzular ro‘yobga chiqishi uchun eng katta imkoniyat ekanligini takror va takror yodda tutishi kerak.

«Muvaffaqiyatsizlik bu — imkoniyat». O‘qishga kira olmasangiz, demak bilingki, bu sizga yana-da kuchliroq bo‘lishga, yana ham yuqori marralarni zabt etish uchun imkoniyatdir. Keyingi yilgi imtihonlarda qatnashishga sizga qo‘shimcha vaqt berildi, deganidir. Faqatgina bundan oqilona foydalana olish muhim. Bu — qo‘shimcha bilim olish, xorijiy tilni mukammal o‘rganish va o‘z ustingizda yanayam ko‘proq ishlash demakdir. Kimdir erta, kimdir kechroq orzusiga erishadi, eng muhimi — ishonch va natija.

Talabalik — bir tomondan hayotning eng yorqin damlari, ikkinchi tomondan boy berilishi mumkin bo‘lgan davr. Bu davrda imkon qadar muvozanatni saqlay bila olish kerak. Bunda ham talabalik gashtini surish, yangi do‘stlar orttirish, jismonan va maʼnan sog‘lom bo‘lishga intilish, ham yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘rganish muhimdir. Talabalik yillaridan har tomonlama, unumli foydalaning!
Dilfuza Kurolova
Inson huquqlari bo‘yicha huquqshunos, mediator
Orqaga qaytib gapiradigan bo‘lsam, bugunga qaraganda o‘sha paytlar holat anchagina boshqacha edi. Chunki biz 1 avgust kuni bittagina universitetga yilda bir marta imtihon topshirar edik. Xalqaro universitetlardan ham ko‘p bo‘lmasdi. Bo‘lsa ham juda qimmat edi. Shu bois ko‘pchilikda xalqaro universitetlarga kirish imkoniyati yo‘q edi.

Men imtihonga atigi bitta imkoniyatim bor deb kirganman. Va shunda ham sochimni o‘rib, kepka kiyib borgandim. Juda qattiq tekshirishgandi. Hayron qolgandim, «nega meni bunchalik tekshirishyapti», deb. Keyin bilsam ko‘pchilik imtihonlarga “shpargalka”lar olib kirishar ekan. Ularni ham tushunsa bo‘ladi, chunki boya aytganimdek, yilda bor-yo‘g‘i bittagina imkoniyat bo‘lardi.

Men hozirgi abituriyentlarga qanday maslahat beraman? O‘zingizga ishonch bilan, yaxshilab tayyorlanib, qo‘rqmasdan imtihon kiring. Men imtihon topshirayotganimda ikkinchi variantim ham bor edi. Mabodo kira olmasam, Moskvaga ketib, Moskva davlat universitetida yoki boshqa oliygohda huquq sohasida o‘qimoqchi edim. Balki menda ikkinchi variant bo‘lgani uchun ham juda o‘zimga ishonch bilan kirgandirman. Agarda abituriyentlarda ham shunday turli variantlar bo‘lsa o‘ziga ishonch ancha ortadi.


Yuqorida aytganimdek, abituriyentlarda doim ikkinchi variant bo‘lishi kerak. Agar o‘qishga kira olishmasa nima bo‘lishini falsafiy jihatdan tushuntirib beraman. Xalqaro universitetga topshirganimda, turli dasturlarga kirsam, chaqirishsa, taklif qilishsa-yu, lekin imtihonidan o‘ta olmay qolsam meni balki yaxshiroq narsa kutayotgandir deb o‘ylayman. Va keyin chindan ham yaxshi narsa kutib turgan bo‘ladi.

Mening ikki nafar singlim bor. Ikkinchi singlim O‘zbekistondagi Moliya universitetiga o‘qishga topshirganida kira olmagandi. O‘sha paytda juda xafa bo‘ldi, keyin men unga «nima qilasan xafa bo‘lib, yaxshisi Vestminsterdagi kurslariga topshirib ko‘raylik, balki senga o‘sha joy yoqar», deb aytdim. U yerda 1 yil o‘qidi va keyin o‘zi Vestminsterda qolishini aytdi. O‘sha yerda qolib, moliyachi bo‘lmasdan, yurist bo‘lib, hozir katta korxonada ishlab yuribdi. Nima bo‘lma-sa ham faqat yaxshilikka.

Shu bois yoshlar o‘qishga kira olishma-sa tushkunlikka tushishi kerak emas. Iloji boricha A, B, S variantlarni qilish kerak. Agarda faqat bitta variant bo‘lib, unga ham kira olma-sa qolgan vaqtdan unumli foydalanish kerak. Yaxshilab tayyorlanib, balki boshqa universitetga topshirish zarurdir. Men o‘qishga 15−16 yosh vaqtimda kirganman. Hatto yuristlik nima ekanini ham tushunmasdim. Shu bois hech ham tushkunlikka tushmasdan, boshqa variantlarni ham ko‘rish kerak.

Talaba bo‘lgan insonlarni tabriklagan bo‘lardim. Bu katta masʼuliyat, mashaqqat va bu katta mehnatning samarasi. Endigi navbat — yaxshilab o‘qish. Universitetda o‘qish davri juda ham zo‘r davr. Men o‘zimning shu davrimni juda yaxshi ko‘raman.


Bu paytda men yoshlarga uchta narsaga eʼtiborlarini qaratishni maslahat beraman. Birinchisi, yaxshilab o‘qish kerak. Bu hamma fandan aʼlochi bo‘lish kerak degani emas, o‘ziga yoqqan fanlarning bilimdoni bo‘lib, o‘ziga yoqqan sohani katta egasi bo‘lishi lozim.

Ikkinchisi, talaba o‘ziga professorlardan yordam so‘rashi zarur. Mentorlarni ham topib olish kerak. Men o‘qigan vaqtimda bir-ikki professorlarim bo‘lardi. Hozirgacha ular bilan aloqalamiz bor. Aynan o‘qish bo‘yicha emas, masalan, soha tanlash bo‘yicha maslahatlashardim. Yoki qandaydir darajani egallashda yordam berishgan. Biz sudlarga birga borardik, tergov qilganda ham qattiqqo‘lroq bo‘lish kerak, deb o‘rgatishgan.

Uchinchisi, albatta networking (foydali aloqalar) qilish kerak. Talabalik shunday davrki, do‘stona networking uyushtiriladi, shu aloqalarni kelajakda — katta hayotda ishlatish kerak. Hozir o‘zimning o‘rtoqlarim, kursdoshlarim bilan birga ishlaymiz. Davlat idoralarida ishlasa ham birgalikda loyihalar qilamiz, bir-birimizga yordam beramiz. Shu bois bu narsa juda muhim.

реклама
реклама
Bobur Bekmurodov
“Yuksalish” umummilliy harakati raisi,
Qonunchilik palatasi deputati
Birinchidan, imtihon kunidan bir kun oldin barcha kitob va test to‘plamlarini bir chetga yig‘ishtirib qo‘ygan bo‘lardim. Imtihonlarga oylab, tun-u kun darslarga, repetitorlarga borib, tayyorgarlik ko‘rilsa, tabiiyki, miya charchaydi. Shuning uchun, fikrni bir joyga jamlash, aql ravshanligini saqlash, ongni ortiqcha axborotlardan tozalash muhim. Ikkinchidan, hayajonga berilmasdim. To‘g‘ri, har kim ham bu kabi sinovlarda hayajonlanadi. Menimcha, bu normal holat. Shu vaqtgacha olgan bilimlarimizni, nimalarga qodir ekanligimizni isbotlab berishimiz kerak, xolos. Uchinchidan, afsuslanmasdim. Yetarli ball to‘play olmay, institutga qabul qilinmaslik bu — katta fojia emas. Asosiysi, harakat, intilish, sinovdan o‘tish va keyin «hatto shunga harakat qilib ko‘rmagandim-a» deb afsuslanmaslik. Mag‘lubiyat ham natija. Undan dars olamiz, qiyinchiliklarni yengishni, qaror qabul qilishni, masʼuliyatni his qilishni o‘rganamiz.

Shuni esda tutish kerakki, muvaffaqiyatga erishish yo‘li qanchalik qiyin bo‘lsa, mustaqil va kuchli shaxs bo‘lish imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi. Biz eshitgan, bilgan kuchli shaxslar, yetakchilar, mashhurlarning tarjimai holini o‘rgansak, ularning hayoti davomida turli qiyinchiliklarga duch kelganini, yiqilib, yana oyoqqa turganini ko‘ramiz. Nima uchun? Chunki ular o‘z xatolaridan xulosa chiqara olgan, bu esa ularni yana-da dono, yana-da aqlli, yana-da omadli insonga aylantirgan. Baʼzan o‘zingizga xato qilishga qo‘yib bering. Natijaning yomoni yo‘q, har qandayi ijobiy, yaxshilikka bo‘ladi, chunki xatolarni tushunish, tahlil qilish jarayonida nimanidir o‘rganamiz. O‘z qobig‘ingizdan chiqishni ham sinab ko‘ring, qiyinchiliklardan qo‘rqmang. Ularning yo‘qligi siz joyingizda qotib qolganingizdan darak, aslida. Qiyinchiliklar borligi, professional o‘sish va oldinga intilish garovidir. Yana eng asosiysi, nima bo‘lishidan qatʼi nazar yaxshi kayfiyatni saqlab qoling, tushkunlik domiga tushmang.

Ko‘proq muloqotda bo‘lishni, turli dunyoqarashga ega insonlar bilan do‘st tutinishni maslahat beraman. Universitet bu uchun zo‘r imkoniyat. Nafaqat kursdoshlaringiz, balki boshqa yo‘nalish talabalari bilan tanishing, muloqot doirangiz qancha keng, xilma-xil bo‘lsa, fikrlar, g‘oyalar ham turlicha bo‘ladi. Kelajakda bunday imkoniyat bo‘lmasligi mumkin. Savol berishdan, javob qaytarishdan tortinmang.

Kelajak uchun rejalaringiz, maqsadlaringiz aniq bo‘lsin. Universitet darslari bilan cheklanib qolmang, hozir turli til kurslari, aqlni charxlovchi klublar, grantlar, stipendiyalar, tanlovlar, o‘quv sayohatlari bor, ularga qatnashishdan erinmang. O‘z ustingizda ishlang. Kichik g‘alabaga erishsangiz ham, zavqlana oling. Sohangiz mutaxassisi bo‘lolsangiz, marra sizniki. O‘qing, o‘rganing, erishing!
Maʼrifat Jamal
SAT mentori
(AQSH universitetlari grantlarini rad etib, Massachusets texnologiya institutiga kirishni kutayotgan qiz)
Eng avvalo qo‘rqmaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Siz imtihonga maʼlum muddat tayyorlandingiz, yaʼni, siz sababini keltirdingiz. Natijasini esa Allohga topshirishni maslahat beraman.

Agarda siz, bordiyu o‘qishga qabul qilinmasangiz, boshida buning uchun biroz hissiyotga berilishingiz tabiiy. Keyin o‘zingizni tutib olishingiz kerak. Chunki barcha narsalar Allohning rejasi asosida ketyapti. Sizga kulguli bo‘lsa ham bir voqeani aytaman. Aynan shu holat men bilan MIT (Massachusetts Institute of Technology — Massachusets texnologiya instituti)ga kira olmaganimda bo‘lgan. Aynan shu yili menda ham kuchli emotsional nostabillik bo‘lgan. Buni keyin tushundim. Barcha narsalarni muayyan vaqti bo‘lar ekan. Agarda men o‘qishga ketganimda hozirgi kundagi SAT tyutor Maʼrifat Jamal bo‘lolmas edim.

Hech qachon o‘z sohangizni mukammal o‘rganishda o‘quv darslaringizga to‘liq ishonib qolmang. Chunki ushbu o‘quv dasturida siz bilan yana yuzlab odam o‘qiydi. Agarda sohangizning haqiqiy mutaxassisi bo‘lmoqchi bo‘lsangiz doimo o‘zingiz mustaqil o‘qing va izlaning.
Nurbek Alimov
Bloger
Qo‘rqmaslikni, hamma narsa o‘zim bilan boshimni ichidaligini xis qilib turishni maslahat bergan bo‘lar edim. Imtihonga kirishdan oldin bu ham maktabdagi oddiy bir oraliq nazorat imtihoni kabi ekanligini o‘zimga singdirardim. Bu meni hayot yo‘limni hal qiluvchi o‘ta bir muhim ish sifatida qaramagan bo‘lardim.

Bugungi kundagi yoshlar uchun o‘qishga kirish juda oson ish deb o‘ylayman, ammo shunda ham kira olmasa tushkunlikka tushishni keragi yo‘q. Bugun turli hil oliy taʼlimsiz ham rivojlansa bo‘ladigan kasblar ko‘p. Vaqtni behuda sarflamay, yotvolib mungli qo‘shiqlar eshitib, bevafo dunyo deb yotgandan foyda yo‘q. O‘zi umuman, hammada o‘qishga kira olmasamchi deganda “B” rejasi bo‘lishi kerak.

Talabalarga tavsiyam o‘yin-kulguga ja qattiq berilmang. Hamma narsani o‘z davri bo‘ladi. Ko‘pchilik aynan talabalikni o‘yin-kulgi davri deb o‘ylaydi. Bu meni qarashlarimda yanglish narsa (Boshdan o‘tgan tabib deganlariday). Talabalikda o‘qish kerak, oldinga endi yana-da ulkan maqsadlar qo‘yish kerak. O‘yin-kulgini esa ishlab pul topganingda Parijda yo Nyu-Yorkda qilish qiziqarliroq:-).
Materialni «Gazeta.uz» jamoasi tayyorladi
Illyustrator: Eldos Fozilbekov
Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli.
«Gazeta.uz» va boshqa uchinchi shaxslarga tegishli www.gazeta.uz veb-saytida joylashtirilgan
fotografik, grafik va boshqa materiallardan har qanday holda foydalanish taqiqlanadi.

Biror qiziqarli voqea yoki hodisani bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz?

Hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting