“IT — ayollarning ishi emasligini ko‘p aytishgan” — Amazon kompaniyasining biznes-tahlil bo‘yicha muhandisi Shahlo Xodjayeva

Amazon kompaniyasining biznes-tahlil bo‘yicha muhandisi Shahlo Xodjayeva – “Xorijdagi o‘zbekistonliklar” loyihasining navbatdagi mehmoni. U AQShda IT-mutaxassisi sifatidagi ish tajribasi, g‘arbcha va o‘zbekona turmush tarzi o‘rtasidagi farq hamda Amerika mehnat bozorida ish beruvchilar tomonidan qadrlanadigan xodimlarning shaxsiy fazilatlari to‘g‘risida so‘zlab berdi.

“Gazeta.uz” tahririyati “Xorijdagi o‘zbekistonliklar” loyihasi doirasida chet elda tahsil olayotgan yoki xorijiy oliy o‘quv yurtlarini tamomlab, xorijda ishlayotgan hamyurtlarimiz bilan suhbatlarni eʼlon qilib bormoqda. Ushbu hikoyalarda vatandan olisdagi hayot, xorijiy taʼlimni tanlash sabablari va qahramonlar duch kelgan sinovlar haqida hikoya qilamiz. Loyihaning yangi mehmoni – Shahlo Xodjayeva, Amazon kompaniyasining biznes-tahlil bo‘yicha muhandisi.
Shahlo Xodjayeva 1993-yilda Buxoroda tug‘ilgan. 2014-yilda Toshkentdagi Vestminster universitetini tamomlagan, 2017-yilda esa Konnektikut universitetida magistrlik darajasini olgan. 2018-yildan Global Payments kompaniyasida maʼlumotlar tahlilchisi bo‘lib ishlashni boshlagan. Bugungi kunda u Amazon kompaniyasida biznes-tahlil bo‘yicha muhandis.
— Ayting-chi, nima uchun va qanday qilib aynan IT sohasiga ixtisoslashishni tanlagansiz?
— Bo‘lg‘usi kasbimni tanlash haqida 9-sinfdayoq o‘ylaganman. O‘shanda litsey yoki kollejni hamda kelgusidagi taʼlim yo‘nalishini tanlash vaqti edi. Ota-onam shifokorlik kasbini tanlashimni xohlashgan. Asosiy argument — “qizlar uchun yaxshi kasb”, lekin bu soha mutlaqo meniki emasligiga ishonchim komil edi. Bundan tashqari, men matematikani chuqurlashtirib o‘rgatiladigan sinfda o‘qiganman. Tenglamalar yechish, formulalarni hisoblash va raqamlar bilan mashg‘ul bo‘lish menga qiziqroq tuyulardi.

Toshkentdagi maktabni tamomlaganimdan so‘ng, dunyoda ko‘proq FLEX nomi bilan mashhur bo‘lgan AQSh elchixonasining YEO dasturi bo‘yicha Amerika maktabida bir yil o‘qish uchun grant yutib oldim. Ushbu almashinuv dasturi to‘liq taklif qiluvchi davlat tomonidan moliyalashtiriladi va har qanday Amerika maktabida bir yil davomida o‘qish imkonini beradi. Amerikalik o‘quvchilarning qog‘ozga yozgandan ko‘ra kompyuterda tezroq terishlarini eslayman. Axborot texnologiyalariga bo‘lgan qiziqishim yana-da ortdi.

Amerika maktabida informatika va matematik tahlilni o‘rgandim. Keyinchalik Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetining ikkinchi bosqichidaligimda o‘z tanlovimni qildim. To‘rtta fakultet orasidan ikkilanmasdan «Biznes uchun axborot tizimlari» fakultetini tanladim. Har doim Nyu-York yoki Kremniy vodiysidagi qaysidir yirik IT kompaniyasida ishlashni orzu qilganman.

Ayni paytda maʼlumotlar tahlili bilan shug‘ullanmoqdaman. Buning uchun ham texnik, ham statistika va matematika bo‘yicha bilimlar zarur. Maʼlumotlar sohasidagi olti yillik faoliyatim davomida ularni yig‘ish va qayta ishlash bilan shug‘ullandim, mashinani o‘rganishining (machine learning – tarj.) turli modellarini ishlab chiqib, ularni sinovdan o‘tkazdim.
— Amerikadagi birinchi oyligingizni eslaysizmi?
— O‘qish vaqtida universitetda yarim stavka o‘qituvchi yordamchisi bo‘lib ishlaganman. “Axborot tizimlarini boshqarish” fanidan bakalavriat talabalariga yordam berardim. Soatiga 13 dollar olardim va haftasiga 20 soat ishlardim.
— AQShda qolishingizga nima turtki bo‘ldi?
— Almashinuv dasturi bo‘yicha Amerikaga borganimdan so‘ng yillar o‘tib, turli qisqa muddatli taʼlim va kasbiy dasturlar g‘olibi sifatida bir necha bor AQShga borib keldim. 2016-yilda magistraturada o‘qish uchun AQShga ko‘chib o‘tdim. O‘shanda shu yerda qolishga qaror qildim. Shundan beri Amerikaning turli shaharlarida yashab, ishlab kelyapman. Amazon kompaniyasiga taklif qilinishimdan avval Global Payments kompaniyasida maʼlumotlar bo‘yicha katta tahlilchi bo‘lib ishlaganman.
— AQShga ketganingizdan keyin moslashish davrida siz uchun eng qiyini nima bo‘ldi?
— Feʼl-atvor odatlarimni o‘zgartirish. Uzoq vaqt qanday qilib dadil va qatʼiyatli bo‘lish mumkinligini bilolmaganman. Men uchun kattalar, jumladan erkaklar bilan ishlashda o‘z munosabatlarimni o‘rnatish qiyin kechgan.
— Amazon kompaniyasiga qanday qilib kelib qoldingiz?
— Shartnomani imzolash jarayoni uzoq davom etgan. Rekruter (munosib mutaxassislarni topish bilan shug‘ullanuvchi kishi – tarj.) men bilan bog‘langan paytdan mehnat shartnomasini imzolagan vaqtimgacha taxminan ikki oy o‘tdi. Bu har qanday yirik texnologik kompaniyada ishga qabul qilish uchun yetarlicha standart muddatdir. Avvaliga rekruter bilan aloqa o‘rnatiladi. Buni turli usullarda amalga oshirish mumkin. Nomzodlarning o‘zlari vakansiya uchun qiziqish ko‘rsatishi va rekruterlarni topishlari yoki rekruter ishga yollash bo‘yicha platformalar orqali sizga aloqaga chiqishi mumkin.

Mening holatimda LinkedIn-akkauntim orqali rekruter men bilan bog‘landi, o‘shanda suhbatga taklif oldim. Jarayon uch bosqichda bo‘lib o‘tdi. Birinchi bosqich, bu – rekruter bilan telefon orqali suhbat. Bu intervyuning eng yengil qismi bo‘lib, unda kompaniya va undagi rolingiz haqidagi savollar muhokama qilinadi.

реклама
реклама
Ikkinchi intervyu onlayn o‘tkaziladi. Unda sizning texnik bilimlaringiz baholanadi. Suhbat bir soat davom etdi. Menga dasturlash va matematika bo‘yicha savollar berishdi.

Uchinchi bosqich — hal qiluvchi. U taxminan besh soat, baʼzida ikki kundan ortiq davom etadi. Nomzodda jamoa va ishga yollash bo‘yicha menejer bilan gaplashish imkoniyati bo‘ladi. Suhbat davomida men bilan Amazon yetakchilik tamoyillariga asoslangan texnik va xulq-atvor bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishdi. Ular 14 Amazon Leadership Principles deb ham ataladi.
— Amerikalik ish beruvchi o‘z xodimlarida kasbiy ko‘nikmalardan tashqari yana nimani eng ko‘p qadrlaydi?
— Menimcha, texnik ko‘nikmalardan tashqari, yaxshi muloqot qobiliyatiga ega bo‘lish juda muhimdir. Ko‘pgina kompaniyalar turli jamoalar va manfaatdor tomonlar bilan ishlashni talab qiladi. Shuning uchun odamlar bilan qanday gaplashishni bilish, o‘z g‘oyalarini yetkazib berish, ishontirish va muzokaralar olib borish qobiliyatiga ega bo‘lish juda muhimdir.

Juda katta bilim va tajribaga ega bo‘lgan yuqori malakali xodim ishdan bo‘shatilganida juda hayratga tushgandim. Kompaniyamdagi kouchlardan birining shunday deganini eslayman:
«Yaxshi bo‘lishning o‘zi yetarli emas, birgalikda ishlayotgan odamlarga mehribon bo‘lishingiz ham kerak, bu esa ularga yordam berishga tayyor turishingiz kerak degani. Buning uchun baʼzan tanqidiy ruhda bo‘lishingizga ham to‘g‘ri keladi. Bunday hollarda xodimning o‘sishiga yordam berish uchun sovuqroq va qattiqroq suhbat o‘tkazish kerak – va bu shunchaki yaxshi va muloyim bo‘lishning teskarisi bo‘ladi».
— Amerikada besh yildan ziyod vaqtdan beri yashayapsiz. Amerika va o‘zbek turmush tarzi o‘rtasidagi asosiy farqlar nimadaligini ayta olasizmi?
— O‘ylaymanki, hamma joyning o‘z afzalliklari bor. O‘zbekistonda azaldan haqiqatdan ham jips jamiyat shakllangan. Biz oila va qo‘shnilarimizga juda bog‘langanmiz. Hukumat yaratadigan cheklangan imkoniyatlarda jamiyat bizga yaxshi sharoitlar yaratib beradi. Masalan, ko‘pchilik qariyapman, pensiya uchun jamg‘arishim kerak, deb qayg‘urmaydi, to‘y yoki uy qurilishi uchun kredit olishdan cho‘chimaydi, chunki har doim jamiyat tomonidan dastaklanadi.

Amerikada esa hayot mustaqilroq. Odatda bolalar 18 yoshga yetmay uylarini tark etib, katta hayotga qadam tashlaydi. Uydan ajralish ularni moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lishga, mustaqil fikrlashga, o‘zini o‘zi taʼminlashga va shaxsiy makon haqidagi tasavvurlarga ega bo‘lishga majbur qiladi. Bundan tashqari, Amerika jamiyati feminizm va ayollar huquqlari nuqtai nazaridan ancha ilg‘or.

Ammo Amerika jamiyatida meni hayratga soladigan narsa, bu – boshqa odamlarning vaqtiga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishlari. Bu yerdagi odamlar juda punktual va mehnatkash.
— Amerikaga ketishingizni oilangiz qanday qabul qildi?
— Har qanday o‘zbek oilasida bo‘lgani kabi, avvaliga ular ham g‘oyamga hayajon va xavotir bilan munosabatda bo‘lishdi, lekin oxiri meni qo‘llab-quvvatlashdi. O‘ylaymaki, qiz bolaning nomaʼlum muddatga yolg‘iz ketayotganida tashvishlanish – odatiy hol. Oilam taʼlim olishga intilayotganimni ko‘rdi, shuning uchun ular ketishimga qarshi emas edilar. Vaqti-vaqti bilan Amerikaga oldimga kelib turishadi.
— O‘zbekiston hukumati muvaffaqiyat qozongan vatandoshlarni vazir o‘rinbosarlari, maslahatchi lavozimlariga taklif etmoqda. Masalan, moliya vaziri o‘rinbosarlari Omonullo Nasritdinxo‘jayev va Odilbek Isakov. Sizningcha, ular ish jarayonlariga tizimli taʼsir ko‘rsatishga qodirmi?
— Mening nazarimda, ha. Bu odamlar ish jarayonlariga yangi istiqbollarni olib kirishga qodir. O‘tgan yillar davomida yurtimizning vatandoshlarni O‘zbekistonga qanday muvaffaqiyatli qaytarganini ko‘rdim. Eng katta muammo, bu – isteʼdodlarni mamlakat ichida saqlab qolishdir.
— Amerika orzusi siz uchun nimani anglatadi? Sizningcha, u mahalliy amerikalik va immigrant uchun bir xilmi?
— “Amerika orzusi” atamasi 1930-yillarda o‘ylab topilgan. O‘shanda bu tuzuk uy-joy, barqaror ish, ikki-uch farzand va pensiya rejasiga ega bo‘lishni anglatardi. Shubhasiz, bu taʼrif vaqt o‘tishi bilan o‘zgardi. Amerikadagi ijtimoiy tengsizlik hozir dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Amerika orzusi immigrantlarni qo‘yib turing, hatto Amerika jamiyati ichidagi odamlar uchun ham turli xil maʼnolarga ega.

Migrantlar kamroq jinoyatlar sodir etib, ko‘proq ishlashadi. Ehtimol, Amerika jamiyatida bo‘lsangiz, shaxsan o‘zingiz ulkan tahqirlashlarga duch kelmasligingiz mumkin. Biroq ijtimoiy notenglik, daromadlar o‘rtasidagi ulkan farqlar amerikaliklarning o‘zlari uchun ham juda katta ahamiyatga ega. Ularning bir qismi yaxshi sharoitlar ichida tug‘iladilar, bu paytda boshqalar o‘zi uchun qulay sharoitlarni katta yoshga yetgandagina yarata oladi. Ushbu odamlarning katta qismi hech qachon ish va hayot sharoitlarini yaxshilay olmaydilar.
— O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasidagi kasblar hali ham qizlar orasida unchalik mashhur emas. Bizning jamiyatimizda kasb tanlashning oldindan belgilangan qonuniyatlari mavjud. Ko‘pincha qizlar uchun bu hamshiralik, o‘qituvchilik, tikuvchilikdan iborat. Qanday qilib bu stereotiplarni buzish va qizlarga kim bo‘lishlari kerakligini o‘zlari hal qilishlariga imkon berish mumkin?
— Bu muammo nafaqat IT-sektori, balki boshqa ko‘plab sohalar – siyosat, huquqshunoslik, biznes uchun ham xosdir. Ayollar ushbu kasblarda band bo‘lganlarning juda kichik qismini tashkil etadi.

O‘ylaymanki, bizga IT-mutaxassisligi to‘laqonli ayollar kasbi ham ekanini ko‘rsata oladigan kuchli ayol qahramon va o‘rnak bo‘la oladiganlar kerak. Qizlar uchun ularni texnologiya sohasida o‘qishga va yana-da rivojlantirishga ruhlantiradigan maktab va universitet dasturlari hamda grantlar tashkil etilishi muhim ahamiyatga ega.
реклама
реклама
Hukumat bu stereotiplarni albatta buza oladi. Davlat tashabbus ko‘rsatishi, maktab darajasida baʼzi kurslarni majburiy deb eʼlon qilishi mumkin. Biroq dunyoqarashning shakllanishida oila va jamiyatning ham taʼsiri katta. Ayniqsa, O‘zbekistonda shaxsning shakllanishida oila asosiy o‘rin tutadi.

O‘qish paytida IT – ayollar uchun emasligini ko‘p marta eshitishimga to‘g‘ri kelgan. Bizda ayollar oila boquvchisi bo‘lmasligi, yaʼni xotin-qizlar uzoq vaqt o‘qib, o‘z bilimiga sarmoya kiritishi, og‘ir kasblarni tanlashi shart emas, deb hisoblaymiz. Shuning uchun “ayollar tanlaydigan” kasblar mutaxassislari ko‘pincha o‘z oilasiga yoki erining oilasiga xizmat qiladigan kasblarni tanlaydilar. Kasb tanlashga o‘z qiziqishlaridan kelib chiqib yondashish to‘g‘ri va oqilona yo‘l, deb hisoblayman. Darhaqiqat, axborot texnologiyalari juda qiziqarli va hayajonli. Bundan tashqari, yaxshi oyliklar to‘lashadi.

Men noxolis bo‘lishim mumkin, lekin shuni aytamanki, O‘zbekistonda ayollar huquqlari juda tor muhokama qilinadigan mavzu. Bu, so‘zsiz, batafsilroq muhokama qilish va ayollarning rivojlanishi uchun yaratilgan imkoniyatlarni o‘zgartirishga loyiq mavzudir. Ayollar o‘zlarini iqtisodiy va siyosiy faoliyatning ajralmas qismi sifatida ko‘rish uchun ko‘proq vakolatlarga ega bo‘lishlari kerak.

Bir muddat oldin “Faktuallik” nomli kitobni o‘qigan edim va unda aytilishicha, qizlarni o‘qitish dunyodagi eng yaxshi g‘oya bo‘lib chiqqan. Ishchi kuchi diversifikatsiya qilinmoqda. O‘qimishli onalar kamroq farzand ko‘rishga qaror qilishadi, har bir bolaning taʼlimiga ko‘proq kuch va vaqt sarflanadi. Bu o‘zgarishning samarali siklidir.

Bu kabi masalalar muhokamasini rivojlantirishning yana bir muhim jihati, bu – OAV erkinligidir. Mamlakatimizda OAVning ochiqligi juda xilma-xildir. Qanchadan-qancha bloggerlar va mustaqil internet nashrlari nozik mavzularda gapirayotganini ko‘raman, lekin davlat ommaviy axborot vositalari hamon noxolis bo‘lib, voqealarni biryoqlama yoritishda davom etmoqda.
— Grin karta yutib olib, bu yil Amerikaga uchib ketmoqchi bo‘lgan, lekin ko‘chish bo‘yicha aniq rejalari yo‘q o‘zbekistonliklarga nima maslahat bergan bo‘lardingiz?
– Birinchi qadam – Amerika jamiyatiga moslashishga yordam beradigan odamni topishdir, oila aʼzolari, do‘stlar yoki uzoq qarindoshlardan bo‘lishi mumkin. Amerika hayotida juda nozik farqlar bor va kimdir yordam bersa, moslashish jarayoni ancha yengillashadi.

Amerika – qiziqarli mamlakat, har kim umumiy manfaatlarga ega bo‘lgan o‘z hamjamiyatini topishi mumkin. Do‘stlar davrasiga ega bo‘lish muhim, lekin qulaylik zonasidan chiqib ketish ham muhim. Men ingliz tilini o‘rganishni, Amerikadan ham, dunyoning boshqa davlatlaridan ham do‘stlar orttirishni, turli oshxonalar ovqatlarini tatib ko‘rishni va Amerikaning turli shtatlariga sayohat qilishni maslahat beraman. Ushbu integratsiya juda muhim va agar odamlar haqiqatan ham shtatlarda ildiz otishni xohlasalar, keyinchalik hayotni osonlashtiradi. Qulaylik zonasidan chiqsangiz, ilgari ochiq bo‘lmagan dunyoni tanishingiz va ko‘rishingiz mumkin. Bundan tashqari, ko‘zingizdan o‘t chaqnab turishi va har qanday ajoyib sarguzashtlarga tayyor bo‘lish muhimdir.
Blits
— Erta turishga qiynalasizmi?

— Ha, men tungi boyo‘g‘liman.

— Nimadandir afsuslanasizmi?

— Avvallari hozirgidan ko‘proq afsuslanardim. Yillar o‘tishi bilan yo vaziyatni o‘zgartirib bo‘lmasligini qabul qilasan, yoki armonlarsiz yashash uchun vaziyatni o‘zgartirishga harakat qilasan.

— Nima sizni tushkunlikka tushirardi?

— Zerikish, maqsadsizlik.

— 10 yil orqaga qaytish imkoni bo‘lganda, qaysi xatoni to‘g‘rilagan bo‘lardingiz?

— Ehtimol, ko‘proq sayohat qilgan yoki o‘zimga ko‘proq ishongan bo‘lardim.

— Besh yildan keyin o‘zingizni qayerda ko‘rasiz?

— Umid qilamanki, o‘zimdan va o‘z hayotimdan mamnun holda ko‘raman.

— Oltin baliq tutib olganingizda, O‘zbekiston uchun nima so‘ragan bo‘lardingiz?

— Tabiatimizni asrashni, Orolni qaytarishni, avvalgi tabiiy bog‘ va qo‘riqxonalarimizni qaytarishni.

Matnni Saodat Umarova tayyorladi.
Fotosuratlar Shahlo Xodjayevaning shaxsiy arxividan.
Matnga bo‘lgan barcha huquqlar “Gazeta.uz” tahririyatiga tegishli.
“Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting