Foto: Tashtrans.uz
O‘zbekistondagi yagona trolleybus tizimi inqirozni boshdan kechirmoqda
Urganch va Xiva o‘rtasidagi trolleybus liniyasi nafaqat O‘zbekistondagi yagona ushbu turdagi jamoat transporti tizimi, balki dunyodagi ikkita shaharlararo liniyadan biri hisoblanadi. Noyabrdan boshlab kompaniyaning elektr energiyasidan qarzdorligi sababli mazkur yo‘nalishda mashinalar harakati to‘xtatilgan. “Gazeta.uz” respublikadagi eng yosh trolleybus tizimi hamda mamlakatning boshqa shaharlarida allaqachon tugatilgan tizimlar haqida hikoya qiladi.

Urganch-Xiva-Urganch trolleybus liniyasi 1998-yilda Xiva shahrining 2500 yilligi munosabati bilan ishga tushirilgan. 2021-yil noyabr oyidan buyon tizimning barcha harakat tarkibi korxonaning elektr energiyasidan qarzi to‘lanishini kutmoqda. Transport vazirligi Avtomobil va daryo transportini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Ruslan Ro‘zmetov “Gazeta.uz”ga respublikadagi yagona trolleybus tizimi haqida so‘zlab berdi.

Ruslan Ro‘zmetov
Foto: mintrans.uz
Urganch va Xiva o‘rtasidagi trolleybus liniyasi – bugungi kunda dunyoda faoliyat ko‘rsatayotgan ikkita shaharlararo tizimdan biridir. Uning uzunligi bir tomonga 35,6 kilometrni tashkil etadi. Simferopol va Yalta o‘rtasidagi eng uzun liniya uzunligi esa 84 kilometr.

Urganchda trolleybus tizimini ochish qarori 1997-yilda qabul qilingan. Ochilish 1998-yilda nishonlangan Xiva shahrining 2500 yilligiga bag‘ishlandi. Shahar yubileyiga bir yil qolganida Urganch shahar hokimligi tomonidan «Xorazm trolleybus boshqarmasi» davlat korxonasi tashkil etilib, aloqa tarmog‘ini o‘rnatish ishlari boshlab yuborildi, infratuzilma qurildi va to‘qqizta Chexiyaning Skoda 14Tr rusumli trolleybusi xarid qilindi.
Foto: tashtrans.uz
Birinchi kundan boshlab sakkizta mashina yo‘nalishga chiqarilardi. To‘qqizinchi trolleybus esa zaxirada qolib, mashinalardan biriga texnik xizmat ko‘rsatishga to‘g‘ri kelsa, liniyaga chiqarilgan. Tashish paritet asosida amalga oshirilardi: to‘rtta trolleybus Urganchdan, to‘rttasi Xivadan yo‘lga chiqardi. Birinchi trolleybuslar liniyaga ertalab soat 6:45 da chiqib ketar, oxirgilari yarim tunda depoga kirib kelardi. Mashinalar so‘nggi manzilga 85 daqiqada yetib borishardi.
реклама
реклама
Trolleybuslar shaharlar o‘rtasida qatʼiy jadval bo‘yicha harakatlanardi. Ertalab va kechqurungi tig‘iz soatlarda 10-12 daqiqa, 11:00 dan 13:00 gacha - 15 daqiqa, kunduzgi sokinlikdan 16:00 gacha - 20 daqiqa oralig‘ida.

Ruslan Ro‘zmetovning so‘zlariga ko‘ra, yo‘nalishga boshidanoq talab katta bo‘lgan edi. Urganch davlat universiteti rektori xivalik talabalar doimiy, xavfsiz va tezkor transportga ega bo‘lgani uchun yotoqxonaga muhtoj emasligini taʼkidlagan.

Trolleybuslar qatnovlarni BRT singari amalga oshirgan. Ular yo‘nalishdan chiqib keta olmagan, jadvalga amal qilinishi har doim kafolatlangan. Oddiy avtobuslar buyurtma tushgan istalgan vaqtda yo‘nalishni tashlab ketishi mumkin.

Biroq, Urganchga 2012-yilda tashrif buyurgan tashtrans.uz sayti muallifi maʼlumotlariga ko‘ra, trolleybus intervallari ham «juda noaniq» bo‘lgan.

«Liniyada to‘rttaga yaqin mashina harakatlanib, qolganlari taʼmirlanayotgan yoki ushbu jarayonni kutayotgan holatida trassa bo‘ylab qoldirib ketilgan bo‘lsa, [intervallar] o‘rtacha 20-30 daqiqadan bir soatgachani tashkil etadi», deyiladi tashtrans.uz saytida eʼlon qilingan Xorazm trolleybusi sharhida.

Ruslan Ro‘zmetovning qo‘shimcha qilishicha, Xorazm trolleybusi sayyohlar orasida doimo katta talabga ega bo‘lib kelgan va tizim yo‘lovchilarining muayyan qismi ularning hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ilgari so‘nggi trolleybus bekati Urganch aeroporti yaqinida joylashgan edi. Shu boisdan transfer tashkiliy ravishda uyushtiriladigan guruhlar safida kelmagan aksariyat sayyohlar jamoat transportining ushbu turidan foydalanishgan.

Sayyohlarning trolleybusni tanlashlariga uning kafolatlangan xavfsiz transport turi ekanligi sababchi bo‘lgan.

Transport vazirligining 2021-yildagi maʼlumotlariga ko‘ra, trolleybus har kuni 1800-2000 yoki yiliga o‘rtacha 700 ming yo‘lovchini tashigan.

2011-yilda O‘zbekiston trolleybus tizimi, Xorazmnikidan tashqari, butunlay yopildi. Oradan ikki yil o‘tib viloyatga yangi harakat tarkiblari – 9 ta Skoda 24Tr rusumli past polli chex trolleybuslari keltirildi.

Yangi Skoda modellari juda zamonaviy. Kontakt tarmog‘ining simlari oval shaklga ega. Bundan tashqari, trolleybus yo‘nalishining 35,6 kilometridan 25 kilometri to‘g‘ri yo‘ldan o‘tadi. Hech qanday manyovr yo‘q, shuning uchun tok qabul qiluvchilarining ishdan chiqish ehtimoli nolga teng. Hech qachon shikoyatlar bo‘lmagan.

2016-yilda tashtrans.uz muallifi Urganchga yana tashrif buyuradi. Yangi sharhida u har kuni sakkizta trolleybusning liniyaga chiqishini taʼkidlaydi. Unga ko‘ra, jadvalga rioya qilinadi, mashinalar tez-tez o‘tib turadi, biroq ular yo‘lovchilarning iltimosiga binoan istalgan joyda to‘xtashi mumkin. Yaʼni, trolleybuslar “marshrutka”larga o‘xshab ishlaydi.
Qizig‘i shundaki, 1997-yilda Urganchda uzunligi 11 km bo‘lgan trolleybus halqa yo‘nalishi ishlab chiqilgan. Shuning 6 kilometriga kontakt tarmog‘i o‘rnatilgan. Ruslan Ro‘zmetovning taʼkidlashicha, 1997-yilda Urganch uchun loyiha doirasida yana ko‘plab trolleybuslarni bosqichma-bosqich xarid qilish rejalashtirilgan. Depo uchun joy kamida 60 ta avtomashinani saqlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatishni hisobga olgan holda ajratilgan. Sotib olingan 9 ta trolleybus esa viloyatda to‘xtab qolgan loyihaning birinchi bosqichi bo‘lgan, xolos.
реклама
реклама
2021-yilning noyabrida elektr energiyasidan qarzdorlik tufayli trolleybus harakati to‘xtatildi. Qarz miqdori – 3,9 mlrd so‘m.

Ruslan Ro‘zmetovning so‘zlariga ko‘ra, korxona elektr energiyasi uchun to‘lovlarni to‘lagan. Biroq yo‘lovchi tashishdagi zararlar hamda trolleybus kontakt tarmog‘iga ulangan yo‘llarni yoritish ko‘rinishidagi subabonentlarning mavjudligi og‘irlik qilmoqda.

Hozirda yo‘nalish bo‘yicha yo‘l haqi 35,6 km uchun 1500 so‘mni tashkil etadi. Tannarx esa 2500 so‘mdan yuqoriroq. Yo‘nalish shahardan tashqariga harakatlanadi. Shahar yo‘nalishlarida bir necha bekatda tushadigan, lekin maksimal yo‘l haqini to‘laydigan yo‘lovchilar oqimi mavjud. Bitta avtobus birinchi bekatdan oxirgi bekatgacha uch bosqichda yo‘lovchi tashishi mumkin, yaʼni 200 kishini. Shahar tashqarisiga harakatlanadigan yo‘nalishlarda esa bunday emas. Asosan, hamma A nuqtadan B nuqtagacha safar qiladi. Oraliqda tushib-chiqadigan yo‘lovchilar oqimi esa kam.

Bundan tashqari, shahar tashqarisiga harakatlanadigan yo‘nalishlarda yo‘l haqi uchun to‘lov differensiyalashgan tizim bo‘yicha amalga oshiriladi. Shahar tashqarisidagi bekatlarda va marshrut yarmiga qadar yo‘lovchilar 1000 so‘m, undan keyin 1500 so‘m va boshdan oxirgacha borganlargina 2000 so‘mdan to‘laydilar.

Foto: tashtrans.uz

Noyabr oyidan beri trolleybus o‘rniga xususiy Isuzu avtobuslari va “Gazel” mikroavtobuslari uning yo‘nalishida harakatlanmoqda. Narxi mos ravishda 2000 va 4000 so‘m. Trolleybus haydovchilarining ish o‘rinlarini saqlab qolish maqsadida ularning bir qismi avtobus konduktori, yana bir qismi esa haydovchi etib tayinlangan.

Yo‘lovchilar transport yo‘qligidan shikoyat qilishgani yo‘q. Ammo ular qulaylikdan shikoyat qilishmoqda. Trolleybus qulayroq, yo‘l haqi pastroq, past polli edi.

Ruslan Ro‘zmetovning qo‘shimcha qilishicha, hududlardagi barcha jamoat transporti xizmatlari xususiy tashkilotlar tomonidan taqdim etilmoqda. Bugungi kunga qadar faqat Toshkent, qisman Samarqand (tramvay) va Urganch (trolleybus) shaharlarida davlat mulk shakli saqlanib qolgan.

Harakat to‘xtab qolgani munosabati bilan Xorazm viloyati hokimligi tomonidan vaziyatni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi, deya davom etdi Ruslan Ro‘zmetov. Sud orqali kompaniya 700 mln so‘mdan ortiq jarimani bekor qilishga muvaffaq bo‘ldi. Hozir elektr energiyasidan qarzdorlik 3 mlrd so‘mdan sal ko‘proq. Bundan tashqari, viloyat hokimligi barcha trolleybus deposi xodimlarining ish haqi bo‘yicha qarzdorlikni yopdi.

Ishchi guruhga trolleybusni xususiy sektorga o‘tkazish imkoniyatlarini o‘rganish topshirildi. Tizim tadbirkorlarga topshirilgan taqdirda ham marshrut talablari saqlanib qoladi, dedi Ruslan Ro‘zmetov.

Bu mulkchilik shakliga bog‘liq emas. 8 ta jadval o‘rnatilgan interval bilan qoplanishi kerak. Boshqaruv qismi xususiy mulkdorlarga beriladi, trolleybuslar esa 10-20 yilga foydalanishga topshiriladi. Ammo mashinalar mulk sifatida davlat balansida qoladi.

Ruslan Ro‘zmetovning so‘zlariga ko‘ra, ishchi guruh vaziyatni o‘rganish natijalariga ko‘ra, deponing texnik xizmat ko‘rsatuvchi va ishchi xodimlarini autsorsingga topshirish orqali depo shtatini 45 kishiga qisqartirishga ham qaror qilgan.

Xorazm viloyati hokimligi maʼlumotlariga ko‘ra, liniya fevral oyida tiklanishi kerak. Bu masala mahalliy Kengash deputatlari kun tartibiga kiritilgan. Ularning qarori viloyat moliya boshqarmasi tomonidan tasdiqlanganidan keyin harakat tiklanadi. Qarzdorlikni mahalliy byudjet hisobidan qoplash rejalashtirilgan.

Trolleybus tarixi

“Gazeta.uz” «Ko дну» Telegram-kanali mualliflaridan respublikada va Toshkentdagi ayrim trolleybus tizimlari tarixi haqida so‘zlab berishlarini so‘radi

Respublika va Toshkentda trolleybuslarning rivojlanish tarixiga umumiy nazar

Toshkentda trolleybus tizimi 1947-yilda ishga tushirilgan. Sovet Ittifoqi davrining oxirlarida shaharda 25 ta yo‘nalish mavjud edi. Poytaxt trolleybusi mustaqillikni Saratovda ishlab chiqarilgan 250 ta “ZiU-9” mashinasi bilan kutib oldi. Butun postsovet hududida trolleybus eng chuqur inqirozni boshdan kechirdi. O‘zbekistonning ham barcha trolleybus tizimlarini ayanchli kelajak kutayotgandek tuyulardi.
Biroq mustaqillikning birinchi o‘n yilligida respublika elektr transportini rivojlantirish zarurligini tushunardi. Tramvay parki 30 foizga yangilandi, trolleybuslarga ham katta mablag‘ yo‘naltirildi, yangi liniyalar qurildi, yangi tizimlar loyihalashtirildi.

1999-yilgacha respublikada 250 dan ortiq trolleybuslar xarid qilingan. Deyarli barcha mashinalarni poytaxt qabul qilib oldi. Ularning 141 tasi Chexiyadan olib kelingan, qolganlari Saratovning Uriskiy zavodi avtokomplektlaridan Toshkent korxonasi tomonidan qurilgan. Bundan tashqari, xalq tilida “garmoshka” deb ataladigan qo‘shma jamoat transporti nusxalari ham ilk bor trolleybuslarda bo‘lgan.
Foto: Wilfried Wolf, «Ко дну»
2000-yilgacha mamlakatning uchta shahrida trolleybus tizimlari noldan boshlab qurila boshlandi. Yana beshtasi loyihalashtirishning turli bosqichlarida edi. Aholi Chirchiq, Guliston, Qo‘qon, Termiz, Qarshi va Navoiy yo‘llarida trolleybuslar paydo bo‘lishini kutayotgandi.

1999-yilda qabul qilingan «Respublikada shahar yo‘lovchi tashish transportini rivojlantirish to‘g‘risida»gi hukumat qaroriga asosan harakatlanuvchi tarkiblar parkini yangilash, kengaytirish va modernizatsiya qilish maqsadida 2000-2005-yillarda 3460 ta avtobus va 660 ta trolleybus, 240 ta tramvay va 50 ta metro vagonini sotib olish rejalashtirildi.
O‘zbekiston elektr transporti yangi ming yillikka ijobiy kayfiyatda kirdi, to‘g‘ri, mablag‘larning katta qismi faqat ko‘rinib turgan tomonga investitsiya qilindi, lekin kunlik ekspluatatsiyaga eʼtibor qilinmadi. Natijada shaharlardagi eskirgan kontakt tarmog‘i o‘zgarishlarsiz qolib ketdi. Chaqqon avtobus tezligida harakatlana oladigan trolleybus yangi liniyalarning ayrim uchastkalarini 10-15 km/soat tezlikda bosib o‘tardi.
реклама
реклама
O‘tgan asrning 90-yillarida Toshkent uch turdagi transport vositalariga ega bo‘ldi: Mercedes Benz negizidagi avtobuslar, Chexiyaning “Tatra” tramvaylari va Skoda trolleybuslari. Ularning birinchi ikkitasi omadli chiqib, ishlab chiqaruvchi bilan qo‘shma xizmatlar tashkil etilgan bo‘lsa, yangi trolleybuslar yomon texnik xizmat ko‘rsatilishi sababli olti oy ishlagandan so‘ng devorlar ortida qolib ketishni boshladi.
«Xarid qilishga millionlarni ajratib, texnik xizmat ko‘rsatishga minglar ajratilmaganligini kelajakda hali ko‘p guvohi bo‘lamiz», deyiladi «Ko дну» materialida.
Ostapin Toshkent trolleybus parkining avtomobil vagon taʼmirlash zavodi ishchisi trolleybus g‘ildiragi shinasini vulkanizatsiyalash jarayonida. Toshkent, 1955-yil.
Foto: O‘zbekiston kinofotofonohujjatlar milliy arxivi
5 maydagi bo‘rondan keyin trolleybus tarmog‘ini taʼmirlash, Toshkent, 1966-yil.
Foto: O‘zbekiston kinofotofonohujjatlar milliy arxivi

2000-yilda burilish nuqtasi keldi. Trolleybus zavodi qurilishi to‘xtatildi, yangi tizimlar qurish bo‘yicha barcha loyihalar muzlatib qo‘yildi, keyin esa butunlay to‘xtatildi, jumladan, Navoiy shahrida 90 foiz tayyor tizim va foydalanishga topshirilgan Buxoro-Kogon shaharlararo liniyasi. Yangi texnika sotib olish rejalari puchga chiqdi, respublikada elektr transportini moliyalashtirish minimal darajaga qisqartirildi, shartnomalar bekor qilindi.

25-sonli marshrut oxirgi Qora-Qamish ½ bekatida
Foto: Wilfried Wolf, «Ko дну»
«Ajablanarlisi: 2018 yilda Toshkent yo‘nalishlarida qancha katta sig‘imli avtobuslar harakatlansa, 2000 yilda poytaxtda shuncha trolleybus bor edi», — deya qayd etadi «Ко дну».
2001-yilda shahar markazidagi 1-sonli avtobazaning yopilishi Toshkent trolleybusiga birinchi jiddiy zarba bo‘ldi. Marshrutlar, liniyalar, harakatlanuvchi tarkibning bosqichma-bosqich degradatsiyasi kuzatildi. Birinchi bo‘lib yo‘nalishlar yopildi. Eng yaxshi kadrlar ishdan bo‘shab, ketishni boshladi. Yangi transport bog‘lamalari va ko‘priklar qurilgach, trolleybuslarni yo‘nalishlarga qaytarmaslik odatiy holga aylandi. O‘zgartirilgan transport oqimlari ustidan nazorat yo‘qoldi, shahar yangi voqelikka moslasha olmadi. Natijada transport yo‘lovchilarini yo‘qota boshladi.

2007-yilda ortga qaytib bo‘lmaydigan nuqtaga yetib kelindi. Oxirgi mashhur 4 va 28-sonli yo‘nalishlar yopildi. 2009-yilda Toshkent negadir beshta trolleybus sotib oldi, biroq keyin ularni ishlab chiqaruvchiga qaytardi. 2009-yilning noyabr oyida 3-depo va 17, 18, 26-marshrut yo‘nalishlari yopilib, bir qancha mashinalar o‘zining oxirgi olti oyini yashayotgan 2-depoga o‘tkazildi.
«3061 - eng yaxshi mashinalardan biri. Foydalanishda bo‘lgan butun davri davomida, turli xil xo‘jayinlar ixtiyorida bo‘lsa ham, ishonchli qo‘llarda bo‘ldi. Oxirigacha asl ko‘rinishini saqlab qoldi. Muzey bo‘lganida, uning ajoyib eksponatlaridan biri bo‘lishi mumkin edi. 2010-yil, fevral»
Foto: Wilfried Wolf, «Ko дну»

2010-yilning 29-aprel kuni 6-yo‘nalish bo‘ylab harakatlanuvchi 2567-sonli trolleybus Toshkent trolleybusi tarixida eng oxirgisi bo‘ldi.

реклама
реклама

Samarqand

Samarqand trolleybus tizimi 1957-yildan 2005-yilgacha faoliyat yuritgan. Shaharda jami oltita yo‘nalish mavjud edi. Mashinalar liniyaga soat 6:00 da chiqib ketishgan, biroq baʼzida ertalabki 5:30 da jo‘nab ketish holatlari ham bo‘lgan. Soat 23:30 da oxirgi mashina parkka kirib kelgan. Yarim tundan keyin podstansiya navbatchisi chaqiruviga ko‘ra, shahardagi trolleybus tarmog‘i quvvatdan o‘chirilgan. Kamdan-kam holatlarda haydovchi mashinani depoga olib borishga ulgurmay, shaharda uning ichida tunab qolgan vaqtlar ham bo‘lgan.

Harakatlanuvchi tarkib 70-80 ta trolleybusdan iborat edi. Eng yaxshi paytlarda park yiliga besh yoki oltita mashina bilan to‘ldirilgan, yangi trolleybuslarning eng katta ommaviy yetkazib berilishi 1989-yilda sodir bo‘lgan. O‘shanda shahar to‘qqizta mashinani qabul qilib olgandi.
Registon maydonida yangi yo‘nalishdagi trolleybuslar. Samarqand, 1958-yil.
Foto: O‘zbekiston kinofotofonohujjatlar milliy arxivi
1990-yillar boshida aksariyat trolleybus yo‘nalishlari uchun eng muhim yo‘lovchi tashish nuqtasi hisoblangan Siyob bozoridan trolleybus olib tashlanganidan keyin tizim asta-sekin qulashga tushdi. Bundan tashqari, vaqt o‘tishi bilan trolleybus yo‘nalishlarini takrorlaydigan ko‘plab avtobus yo‘nalishlari paydo bo‘ldi. Kontakt tarmog‘ining yomon holati ham asta-sekin ushbu turdagi transport mashhurligining yo‘qolishiga olib keldi.

1992-yilda shaharda 6-sonli «Registon – Sartepo massivi» yo‘nalishi bo‘yicha yangi trolleybus liniyasini qurishga qaror qilindi. Bu marshrut Samarqandda trolleybus yopilgan paytdagi oxirgisi edi. Aniqlashtirilmagan maʼlumotlarga ko‘ra, yopilish vaqtiga yaqin yo‘nalish o‘zgargan va 6-sonli trolleybus Registonga emas, balki vokzalga qatnashiga ruxsat berilgan.

Samarqandda trolleybus transporti uchun elektr tarmog‘ini o‘rnatish. 1959-yil.
Yangi mashinalarni yetkazib berishning to‘xtatilishi va mavjudlarining asta-sekin ishdan chiqishi 2005-yilda tizim yopilishiga asosiy sabablardan bo‘ldi.

Olmaliq

Olmaliqda trolleybus tizimi 1967-yilda ishga tushirilgan. Eng yaxshi yillarda, birinchi jo‘nash soat 5:00 da amalga oshirilgan, oxirgi trolleybus depoga taxminan 20:00 da qaytib kelgan.

Har bir yo‘nalishda besh-oltitadan mashina bo‘lgan. 2-sonli marshrut eng uzuni edi. Unga ko‘proq trolleybuslar chiqarilishi mumkin edi.

Tizim 90-yillar oxirida trolleybus yo‘nalishini takrorlaydigan ko‘p sonli “marshrutka”lar yo‘lga qo‘yilishi sababli inqirozga yuz tutishni boshlaydi.
Olmaliq shahridagi yangi trolleybus liniyasi. 1968-yil.
Foto: O‘zbekiston kinofotofonohujjatlar milliy arxivi.
2001-yilga kelib, shaharda faqat ikkita yo‘nalish qoladi — 90-yillarning boshidagi kabi yo‘nalishga ega 6-sonli hamda markazgacha qisqartirilgan 2-sonli. Bundan tashqari, 6-sonli yo‘nalish faqat bozor ochiq bo‘ladigan dam olish kunlari ishlagan.

2000-yillarda park barcha mashinalar bilan birga kimoshdi savdosiga qo‘yildi. O‘z vaqtida shaharga trolleybuslar sovg‘a qilgan OKMK ularni xarid qilish uchun mablag‘ topa olmadi. Natijada trolleybus parki barcha avtomashinalar bilan birga bo‘kalik xususiy tadbirkorga sotildi va u trolleybuslarni faol ishlata boshladi, hatto texnik nosoz avtomobillarni ham marshrutga chiqardi.

Tizim yakuni oxirgi avtomashinalar ishdan chiqa boshlaganda va yo‘nalishlarga chiqish tartibsiz holga kelgan vaqtga to‘g‘ri keldi. Trolleybus butunlay o‘z ahamiyatini yo‘qotdi va yopildi. Boshqa versiyaga ko‘ra, tizim taʼminot podstansiyasi ishlamay qolishi sababli yopilgan.

Trolleybuslardan birida kafe tashkil etishga urinish bo‘lgan, biroq u muvaffaqiyatga erishmagan. Ochilganidan bir oy o‘tib «trolleybus kafesi» yopildi. Olmaliq shahrining trolleybus tizimi 2009-yilda butunlay yopildi.
реклама
реклама

Andijon

Andijonda trolleybus tizimi 1970-yilda ishga tushirilgan. Ushbu transport 2000-yillarning boshlarigacha shahar aholisiga xizmat qilgan. Harakat butunlay to‘xtatilgan aniq sana «Kо дну»ga maʼlum emas.

Eng yaxshi yillarda shaharda oltita yo‘nalish faoliyat ko‘rsatgan. Shu bilan birga, 1981-yilda Kuyganyor posyolkasiga ochilgan 5-sonli yo‘nalish shahar tashqarisiga harakatlanadigan yo‘nalish hisoblangan.

Mustaqillik boshida Andijon trolleybusi og‘ir kunlarni boshidan kechirdi. Kontakt simlarining doimiy ravishda o‘g‘rilanishi marshrutlarning to‘xtab qolishiga olib kelardi. Harakat tarkibi eskirgan, uni taʼmirlash uchun esa moddiy baza yo‘q edi.

Trolleybus asta-sekin o‘z mashhurligini yo‘qota boshladi va 1994-yilda ushbu transport yo‘lovchilarni tashish bo‘yicha asosiy funksiyasini bajarishni deyarli to‘xtatdi. Bu ish bilan ko‘plab “marshrutka” va shaxsiy tashuvchilar shug‘ullana boshladi.

90-yillarning oxiriga kelib, shahar ko‘chalarida trolleybus allaqachon kamdan-kam uchrashni boshlagan, yo‘nalishlarning aksariyati yopilgan edi.

O‘zbekistonning boshqa shaharlardagi trolleybuslar fotosuratlari

Matn: “Gazeta.uz”.

Foto: tashtrans.uz, Transport vazirligi, “Ко_дну”,

Kinofotofonohujjatlar milliy arxivi.

Matnga oid barcha huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashri saytiga joylashtirilgan barcha materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.

Qiziqroq biror narsani dunyo bilan bo‘lishishni xohlaysizmi? Bu haqda hikoyani sp@gazeta.uz elektron pochtasiga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting