Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”
Shaxsiy tajriba.
“Zangiota-2” koronavirus bemorlari shifoxonasida davolanganim haqida
Koronavirus pandemiyasi chekinishni boshladi, ammo “Zangiota-2” yuqumli kasalliklar shifoxonasida bemorlar hayoti uchun kurash to‘xtagani yo‘q. Tibbiyot muassasasi ichki tuzilmasi qanday tashkil etilganligi, bu yerda davolanish qanday kechishi, klinika nima uchun milliy tibbiyotning qayta uyg‘onishi deb atalishi va shifokorlar bu yerda to‘plangan tajribalar bilan nima qilishlari haqida “Gazeta.uz” fotoreportajida.
2-sonli Zangiota ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasi «Doktor Xaus» teleserialidagi klinikaga o‘xshaydi. Bu yerda yo‘laklar keng, binolar ichi salqin. Bemorlar yotgan “qizil” zonada laminar shamollatish tizimi o‘rnatilgan. U ifloslangan havoni yutib, shamollatish tizimiga o‘tkazadi va dezinfeksiya qilib, tashqariga chiqaradi. Birinchi toifali mutaxassislar qimmatbaho tibbiy asbob-uskunalarda ishlamoqda va ularning mehnati munosib qadrlanmoqda – kamsitadigan mablag‘lar bilan emas.
Bosh statist Yahyo Ziyayevning taʼkidlashicha, mazkur kasalxona – davlat tibbiyot muassasalari shifokorlarining orzusi. Uning mutaxassisligi – onkolog. Yahyo pandemiyaga qadar Respublika onkologiya markazida faoliyat ko‘rsatgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zangiota va onkologiyaning farqi shundaki, koronavirusga qarshi kurashga cheklanmagan miqdordagi resurslar sarflanmoqda.
«Ha, onkologiya va kovid – taqqoslab bo‘lmaydigan kasalliklar, – deydi Yahyo Ziyayev. – Lekin tuzilmasi, sog‘liqni saqlash tizimi, boshqaruv tizimi - ularni solishtirish mumkin. Har qanday holatda ham, shifokorga forma, kompyuter, ishlashi uchun lozim bo‘lgan asosiy narsalar kerak bo‘ladi. Bu yerda, agar ikkita kompyuter bo‘lsa va uchinchisiga zarurat tug‘ilib qolsa, ertasi kuni ertalab u allaqachon hozir bo‘ladi».

«Hamma shifoxona ham prokalsitonin, D-dimer, interleykinni tekshira olmaydi, – deya qo‘shimcha qiladi Yahyoning hamkasbi va meni davolagan 6B bo‘limidagi shifokor Rustam Norboyev. – “Zangiota”da mumkin, shuning uchun bu yerda ishlash maza. Asbob-uskunalar bor, dorilar bor, hamma narsa bor. Poliklinikalarda esa – yo‘q. Moliyaviy masala ham juda muhim omillardan. Poliklinikada siz qanday qilib ko‘proq pul ishlasam, yana qayerdan navbatchilik olsam ekan, deb bosh qotirasiz. Bu yerda esa ish haqi shunchalikki, siz hech narsadan xavotir olmaysiz, faqat bemorlar haqida o‘ylaysiz».
Men suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan ko‘plab tibbiyot xodimlari maoshlar yuqoriligi sababli bu yerda ishlashni xohlaganlarini yashirishmadi. Ammo bu yerga ishga kirish ham oson emas. Ish haqining yuqoriligi xodimlarni o‘qib-o‘rganishga undadi.

«Nimanidir bilmasangiz, o‘tolmaysiz. Va tasavvur qiling, ular rivojlanishni boshladilar!» – deya xursand bo‘ladi Yahyo Ziyayev. U puldan tashqari burch tuyg‘usi ham ularni ruhlantirganini qo‘shimcha qiladi: «Biz bo‘lmasak kim?»
реклама
реклама
Avvaliga katta tibbiyot xodimlariga oyiga 25 mln, o‘rtalariga – 15 mln va kichiklairga – 8 mln so‘mdan berilgan. Lekin anchadan beri kamroq to‘lash boshlangan: mos ravishda 15, 10 va 6 mln so‘mdan. Yahyo Ziyayevning so‘zlariga ko‘ra, Zangiotada ish haqi qisqartirilganidan keyin ham katta tibbiy xodimlar onkologiya markaziga qaraganda 10 baravar ko‘proq maosh olmoqda.

“Zangiota-2” – mamlakatdagi eng yirik tibbiyot muassasalaridan biri. U 2019 ta koykaga mo‘ljallangan. Koronavirusning ikkinchi to‘lqini avj olganda, shifoxona zo‘riqib ishladi. Kasalxona direktori Doniyor Mirazimovning aytishicha, O‘zbekistonda “delta” varianti aniqlangandan so‘ng, muassasa kuniga 600 bemor qabul qilib, bir necha kun ichida to‘lib qoldi.
«Kuz va qish sokin o‘tdi. 8 martdan keyin kasallar yana ko‘payayotganiniozroq his qildik. Bizda o‘sish kuzatildi, lekin unchalik tang holda emas edi. Martdan iyungacha bizda “britancha” shtamm bor edi. 12 iyun kuni mamlakatda “delta” qayd etildi, 16 iyundanoq bizga misli yo‘q oqim kirib kelishni boshladi», - deydi tibbiyot muassasasi rahbari.

11 sentyabr kuni ertalab shifoxonada 1530 nafar bemor davolanayotgan edi. Tibbiyot xodimlarining aytishicha, turg‘unlik kelgusi bahorgacha davom etadi va oldimizdagi qish mavsumida bizda anʼanaviy, ammo allaqachon «modadan qolgan» gripp kuzatiladi.

Men bu yerga kovid mavsumi oxirrog‘ida, bo‘sh koykalar ko‘proq bo‘lgan paytda past foizdagio‘pka shikastlanishi bilan keldim. Kasalxona hududiga faqat bemorlar va muassasa xodimlari kirishi mumkin. Dastavval bemorlar qabul bo‘limiga boradilar.
Qabul bo‘limida “shok” palatasi mavjud. Bu yerga ko‘chirilmaydigan bemorlar joylashtiriladi. Palatada bemorlar saturatsiyasi ko‘tariladi, so‘ngra jonlantirish bo‘limiga yotqiziladi. Joylar bo‘lmagan vaqtlarda, bemorlar reanimatsiya bo‘limiga yaqin bo‘limlarga o‘tkazilgan.
O‘rtacha og‘irlikdagi bemorlar statsionarga yotqiziladi. Har bir palata uch nafar bemorga mo‘ljallangan bo‘lib, har bir yotoqqa kislorod o‘tkazilgan. Kasalxona direktori Doniyor Mirazimov buni Zangiota kasalxonasining boshqa tibbiyot muassasalaridan ajralib turadigan asosiy xususiyati deb ataydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimiga qattiq bosim bo‘lgan vaqtlarda bu yerga faqat kislorod yordamiga muhtoj bemorlarni qo‘yish kerak.

Har bir palatada dush va hojatxona bor. Doktor Rustam Norboyevning bemori Vera Juravskayaning aytishicha, ularning mavjudligi qariyalar va kasallar uchun eng muhim shartlardan biridir. Bundan tashqari, bu odamlarga bo‘lgan hurmatning belgisi ham.

«Bizning doktorimiz – eng yaxshisi», – deydi Vera Juravskaya. U tibbiyot xodimlariga g‘amxo‘rlik, parvarish va tozalik uchun minnatdorchilik bildirdi.
Uning yoshi 77 da. U bilaklari ignalar natijasida ko‘karib ketganini ko‘rsatadi – vena tomirlari yosh o‘tgani sari ingichkalashib ketgan, lekin u chaqqalar tez orada tuzalib ketishiga ishonadi. Kasalxonaga tashrif buyurgan kunimizda Vera Juravskaya xonadoshi Dekabrina Kim bilan birga javob berilishini kutib turardi.

Ayollarning aytishicha, ular «Sputnik V» bilan emlanishgan, shuning uchun ular emlanmagan palatadoshiga qaraganda kasallikni osonroq o‘tkazishdi. Aytishlaricha, kasalxonadagi barcha vaqtlari bo‘sh bo‘lgan: soatlab kitob o‘qish, yaqinlariga qo‘ng‘iroq qilish, NTV tomosha qilishgan, kimdir ibodat qilgan.

Men 6B bo‘limida yotganimda, o‘z palatamizdan tashqariga chiqmadik. Keksa palatadosh qo‘shnim o‘z karavotidan tushmasdankuniga besh mahal oldidagi adyol ustiga gilamcha to‘shab, katta daftardagi namoz matnlarini chizg‘ich qo‘yib o‘qirdi. Uning sahifalari qora va qizil siyohda chiroyli qo‘l yozuvlari bilan to‘lgan edi.

Har kuni bir necha marta saturatsiya, harorat va qon bosimimizni o‘lchashardi. Davolovchi shifokor kuniga bir marta palatamizga tashrif buyurardi. Hamshiralar bizga tabletkalar olib kelishadi, osma ukol (kapelnitsa) qo‘yishadi.

Kechqurun ishlaydigan hamshira Mariya bizlar bilan baland ovozda «go‘zal qizlar» deb salomlashib palatamizga kirardi. Pandemiyadan oldin Mariya tez yordamda 15 yil ishlagan va charchagani uchun tibbiyot bilan xayrlashmoqchi.
«Salom, mening ismim Mariya, 35 yoshdaman va nima bilan shug‘ullanishni xohlashimni bilmayman, – deydi hamshira. – “Tez yordam” amaliyot uchun eng yaxshi joy. Harorat o‘lchashga borasan, insultga kelasan va aksincha. Har xil sertifikatlar oldim, malaka oshirdik, lekin menga marketing ko‘proq yoqadi».

«“Tez yordam”da ham shuncha to‘lashsachi?» – deb so‘rayman.

«Yo‘q. Mana, masalan, smena sutkalab davom etmaganida, qolgan bo‘lardim», – deya javob beradi Mariya. Men shifoxonadan chiqishdan avval u bilan xayrlasha olmadim.
реклама
реклама
“Zangiota”ga tushgan ko‘plab tanishlarim ichimlik suvi yo‘qligidan shikoyat qilishgandi. Yahyo Ziyayev ayrim tibbiyot xodimlarining vodoprovod suvini qaynatib ichayotganlarini aytdi. Biroq palatadoshlaring qadoqlangan idishdagi suvdan qaynatib ichar ekan, xohlasang-xohlamasang “peredachka”dan suv olayotganlar qatorida turishga majbur bo‘larkansan.

Meni dushanba kuni kasalxonaga yotqizishdi. Bir necha haftalar muqaddam Yahyo Ziyayevning shifoxona taomi solingan idishga qarab, haftaning qaysi kuni ekanini aniqlaganini eslar ekanman, chorshanba kuni tushlikda bizni tovuqli kotletlar va no‘xatli pyure kutishini bilardim. Yil davomida dam olishlarsiz ishlar ekan, Yahyo uchun shifoxona menyusi «sug‘ur kuni» doimo takrorlanib turmayotganini eslatuvchi yagona ermakka aylandi.
Dam olish kunlarisiz yil davomida ishlash mumkinligiga ishonishim qiyin. Ammo Rustam Norboyev, hamshira Mariya va boshqa ko‘plab tibbiyot xodimlarining aytishicha, ular biror kun ham dam olishmagan.

«Yangi yilchi, tug‘ilgan kunlarchi?» – deya so‘rayman hammadan.

Hamma, istisnosiz, smenadan keyin bayram qilishganini, ish va uning sharoitlariog‘irligidan smena oxirida rezina etikdan ter to‘kilganini, himoya kostyumidagi odamlarni ko‘rish shunchalik odatiy holga aylanganidan niqobsiz odamlar allaqachon boshqa irq vakilidek ko‘rina boshlaganini aytishdi.

«Avvaliga hamma bir xil ko‘rinardi. Vaqt o‘tishi bilan siz ularni taniy boshlaysiz. Endi men baʼzi xodimlarni niqobsiz tanimayman», – deydi Yahyo Ziyayev.
U bizga shifoxona bo‘limlarini tanishtirar ekan, biz qizil zonaga o‘tayotganda nafas o‘tkazmaydigan kombinezon, bosh kiyim, qo‘lqop, baxilla, ko‘zoynak va ikkita niqob kiydik. Nafas olish qiyin edi, ko‘zoynaklar kondensat yig‘ardi, shifokorlar esa jilmayib, ular issiqqa allaqachon o‘rganib qolishganini, ikkita niqobga ko‘nikishganini aytishardi.

Biz uzun nimqorong‘u yo‘laklar orasidan goh jarrohlik xonasi, goh jonlantirish bo‘limi tomon yurardik vago‘yoki biz aylanib yurgandek tuyulardi.

«Vaqt o‘tishi bilan siz bu yerda mo‘ljal olishni o‘rgana boshlaysiz, – deydi Yahyo Ziyayev. – Kasalxona qurilayotganda bu yerda hammasi ochiq edi. Bir smenada 2000 quruvchi ishlardi. Biz har bir palataga kirib, nima borligini ko‘rardik va nima qilish kerakligini yozardik: unitaz, smesitel o‘rnatish. Devorga qog‘ozcha yopishtirib ketardik, ertalab esa hammasini qabul qilib olardik. Shuning uchun bu yerlarni yaxshi bilamiz».
Jonlantirish bo‘limidagi har bir boks oltita koykaga mo‘ljallangan. Bu bo‘lim boshqalarga qaraganda ko‘proq daho shifokor haqidagi mashhur teleserial sahnalarini eslatadi. Pandemiya cho‘qqiga chiqqanida biz shu yerda edik, o‘shanda bo‘sh koykalar umuman yo‘q edi – ularga faqatgina shoshilinch yordamga muhtojlar yotqizilardi. Tibbiy texnikalar tovushlari kishini allalagandek bo‘ladi.

Reanimatolog-shifokor Jahongir O‘lmasovning aytishicha, joriy yildagi kasalliklarning kechishi o‘tgan yilgidan keskin farq qiladi – bu “delta” variantining ishi.

«Kasallikning kechishi boshqacha, tezroq. O‘tgan yili holat bunaqa emas edi. O‘shanda ko‘pchilik murojaat qilmasdi, hozir esa biror kishi kasal bo‘lsa, darhol ahvoli og‘irlashib ketmoqda. O‘rnidan tura olmayapti, to‘rt kundan keyin MSKT qildirsa, allaqachon 60 foiz chiqyapti. Ayniqsa juda ko‘p yosh bemorlar jonlantirish bo‘limiga tushib qolmoqda. O‘pkasi 90 foizga zararlangan 25 dan 40 yoshgacha bo‘lganlar – hamroh kasalliklarsiz, emlanmaganlar», – deydi reanimatolog.
Jahongir O‘lmasov bunday zo‘riqishlar va o‘limlarga ko‘nikib qolganini aytadi. Oldin u Shoshilinch tibbiy yordam markazida (16-kasalxona) ishlagan.

«Ko‘ngli bo‘shlik ishlashga xalaqit beradi, – deydi u. – Hamma hissiyotlarni chetga surib, mashina, robot singari ishlash kerak. Lekin men bu ishni – odamlarga yordam berishni yaxshi ko‘raman».

Shifokorlar ko‘pincha o‘zlariga zarar yetkazib bo‘lsa ham odamlarga yordam berishadi.“Zangiota-2” eski tarkibining barchasipandemiyaning dastlabki bir necha oyi davomida kasalxona hududidagi konteyner shaharchasida yashagan. Keyin ko‘plar ijaraga kvartira oldi. Ko‘pchilik vaksina olgandan keyingina o‘z oilalariga qaytdi. Ammo Jahongir O‘lmasov qaytmadi. Uning go‘dak farzandi bor, shifokor unga virusdan yuqtirib olishdan qo‘rqadi.

«Odamlar faqat chiroyli tomonlarini ko‘rishadi va shifokorlarni qahramonlar deb o‘ylashadi», – deydi Yahyo Ziyayev.

«Shifokorlar chindan ham qahramonlar emasmi?» – deb so‘rayman men.

«Qahramonlar, lekin biz Xudo emasmiz. Agar sizga bir bo‘lak tort berilsa, siz yeysiz. Besh bo‘lagini yesangiz, o‘zingizni yomon his qilasiz. 20 tasida esa bo‘kib qolasiz», –deydi u. Uning qo‘shimcha qilishicha, pandemiya cho‘qqiga chiqqan vaqtlarda Toshkentdagi ko‘plab shifoxonalar kovid uchun qayta ixtisoslashtirildi, vaholanki boshqa kasalliklar hech qayerga yo‘qolmagan. Boshqa bemorlar tibbiy yordam ololmadilar, chunki kimdir emlanmagandi. Yahyo Ziyayevning fikricha, emlashdan bosh tortish g‘ayriinsoniylikdir.
«Bizda hatto lo‘lilar ham emlanmoqda, – deydi shifoxona direktori Doniyor Mirazimov. – Mamlakat bosh vrachi ularning baroni huzuriga boradi va vaksinatsiya haqida kelishadi, masalan, poliomiyelitga qarshi. Va buni barchasi indamay qiladi, chunki hech kim bolasining poliomiyelit bilan kasallanishini xohlamaydi».

U odamlarni emlanishga chaqirdi. Tibbiyot muassasasi rahbari emlashga qarshi bo‘lganlarning hech qanday dalillari yo‘qligiga amin.

«Odamlar vaksina kam sinovdan o‘tkazilgan, deyishadi: "Bir-ikki yildan keyin bizga nima bo‘ladi?" Ular: "Ikki haftadan keyin men bilan nima sodir bo‘lishi mumkin", degan savolni o‘zlariga berishmaydi, ular butun sog‘liqni saqlash tizimi kovidga qarshi bor kuchini sarflar ekan, bu holatning bilvosita qurbonlari bo‘lishi haqida o‘ylab ko‘rmaydilar».

Pandemiya cho‘qqisi, bu – dahshatli zo‘riqish, statsionar va jonlantirish bo‘limlarida koykalar yetishmasligi, bemorlarning yaqinlari bilan kunda-kunora janjallar, deya davom ettiradi Doniyor Mirazimov.
реклама
реклама
«O‘pkasining 60 foizi zararlangan buvisi bilan kelgan kishiga joy yo‘qligini tushuntirib ko‘ringchi. Italiyada eng katta to‘lqin vaqtida saralash bo‘lgan – bu harbiy-tibbiy atama. Unga faqat urush vaqtlarida murojaat qilinadi. Tibbiyot xodimlarining kuchi faqat sog‘ayish ehtimoli yuqori bo‘lgan kasallarga yo‘naltiriladi. Xudo asrasin, bizda bundayi bo‘lmadi».

Yahyo Ziyayevning fikricha, ilm-fan urushdan o‘rgangani singari, milliy tibbiyot ham koviddan foyda ko‘radi. U pandemiya tugashini va bu binolar shifokorlarga topshirilishini kutmoqda.

«Shifokorlarga bo‘lmasa, kimga? Bu yerda yana nima qila olasiz?» – deb so‘raydi u.
Yahyo Ziyayev eng ko‘p onkologiyadagi bemorlari, “Zangiota-2”dagi maʼmuriy ishlar va statistika sifatiga qo‘yiladigan talablar unga bu yerda davolashga imkon bermayotganidan afsusda.

«Jon deb onkologiyaga qaytgan bo‘lardim», – deydi u.

«Nimaga, u yerda na bunaqa maʼmuriy resurslar, na operatsiya xonasi va laboratoriya, na bunday pul bo‘lmasa?»

«Bularning barchasiga erishish uchun. Shular u yerda ham bo‘lishi uchun. Mening asosiy maqsadim – xospis yaratish. Shuning uchun men ortga qaytmoqchiman. O‘layotgan odamlar azob chekishadi. Ularda osonroq o‘lim topishlari uchun hech qanday sharoit yo‘q. Men bu yerda tashkilotchi sifatida yaxshi tajribaga ega bo‘ldim, endi uni xospis yaratish uchun ishlatish mumkin».

Bu material eʼlon qilinayotganda, Yahyo Ziyayev allaqachon Respublika onkologiya markaziga qaytgan edi. Kasalxona bosh statisti lavozimini esa uning hamkasbi Rustam Norboyev egalladi.
Matnni Sabina Bakayeva tayyorladi
Fotosuratlar muallifi: Yevgeniy Sorochin
Materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. www.gazeta.uz saytiga joylashtirilgan va “Gazeta.uz”ga tegishli foto-, grafik va boshqa materiallardan uchinchi shaxslar tomonidan har qanday ko‘rinishda foydalanish taqiqlanadi.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi, u haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni info@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting