Toshkent tarixi xaritalarda:
eski shahar qalʼasining
12 darvozasi va O‘rdaning aniq joylashgan o‘rni

Muqova fotosurati: 1870 yildagi Toshkent xaritasi fragmenti. Masshtabi: 1 dyuymda 200 sajen (metr tizimida – 1:16 800)

Toshkent shahar hokimligining Raqamli rivojlanish departamenti direktori o‘rinbosari Kamoliddin Fayzullayev eski shahar qalʼasining 12 darvozasi va O‘rdaning joylashgan o‘rni qidirilayotganligi haqida avval gapirib bergan edi. Ushbu maqolada muallif mazkur obyektlar joylashgan o‘rnining bugungi kunda mavjud oriyentirlarga nisbatan joylashuvi haqida batafsil so‘zlab beradi. Poytaxtning qadimiy xaritalari va yuqorida sanab o‘tilgan obyektlarning bugungi kundagi joy holatiga nisbatan joylashishi bilan Toshkent hokimligi tomonidan ishga tushirilgan interaktiv platformada tanishish mumkin.

Mazkur obyektlarning aniq joylashuvini kartografik arxiv materiallarini bugungi kundagi joyga geografik bog‘lash orqali aniqlash imkoni bo‘ldi. Buning uchun biz 1866-1872, 1890, 1912, 1977 va 2019 yillarda yaratilgan xaritalardan foydalandik.

Eski shahar qalʼasining devori va 12 darvozasi hamda O‘rdaning tarixini ishtiyoq bilan o‘rganishingiz uchun Toshkent shahar hokimligining Raqamli rivojlanish departamenti his.tashkent.uz interaktiv platformasida bir yarim asrga taalluqli xaritalarni joylashtirdi.
Fotosuratlarni kattalashtirish uchun ularning ustiga bosing.
Maqola so‘nggida faylga havola topasiz. Mazkur faylning formati eski shahar qalʼasining devori va 12 darvozasi hamda O‘rdaning joylashgan o‘rnini Google Earth (Google Planeta Zemlya) geoaxborot tizimida batafsil o‘rganish imkoniyatini yaratadi.

KMZ formatidagi faylni Google Earth ilovasi yuklangan uskunalarda ochish mumkin.

Windows, Mac, Linux operatsion tizimlar o‘rnatilgan kompyuterlar uchun Google Earth ilovasi;
Android uchun Google Earth ilovasi;
AppStore servisida Google Earth ilovasini bizning mintaqadan yuklab bo‘lmaydi. Google Earth ilovasini Iphone telefonlariga yuklash uchun telefon sozlamalarida mintaqani o‘zgartirish kerak – aks holda Google Earth ilovasi AppStore servisida ko‘rinmaydi.
реклама
реклама
1865 yilda Toshkent shahri 4 ta maʼmuriy-hududiy birliklar – dahalardan iborat bo‘lgan: janubi-sharqda – Beshyog‘och, janubi-g‘arbda – Ko‘kcha, shimolda –Sebzor va sharqda Shayhontohur dahalari.
Toshkent shahri maʼmuriy-hududiy birliklari maydonlari
Beshyog‘och
441 gа
Ko‘kcha
341 ga
Sebzor
311 gа
Shayhontohur
624 gа
Shaharning umumiy maydoni
1717 gа

Beshyog‘och darvozasi

Beshyog‘och darvozasi qadimiy Toshkentning janubida joylashgan edi. Podporuchik Kolesnikovning xaritasida (1a-rasm) sariq chiziq bilan Beshyog‘och darvozasiga olib boradigan yo‘llar ko‘rsatilgan. Ushbu ko‘chalarning geometriyasi 1890 yilga kelib ham deyarli o‘zgarmagan (1b-rasm).

Bugungi kunda esa, 2019 yilgi ortofotoplanda ko‘ringanidek (1d-rasm), ushbu darvoza Beshyog‘och maydonida, Beshyog‘och ko‘chasi va Magic City ko‘ngilochar bog‘ining markaziy kirish joyi o‘rtasida joylashgan bo‘lar edi.

Bu va keyingi xaritalardagi yashil chiziq qalʼa devori o‘rnini bildiradi.

Kamolon darvozasi

Bugungi kunda Kamolon darvozasi (boshqa manbaalarga ko‘ra Tersariq, Qangli deb nomlangan) Shayhontohur tumanidagi Kamolon ko‘chasida Oftob va Qozirobod ko‘chalari oralig‘ida joylashgan bo‘lar edi.

Buni aniqlash uchun biz 1866 va 1890 yillar xaritalaridagi yo‘llar trayektoriyasini (sariq chiziq bilan belgilangan) 2019 yilgi ortofotoplan bilan solishtirdik.

Darvozalardan tashqari shahar qalʼasida bir nechta o‘tish joylari, yaʼni teshiklar bo‘lgan. Shahar aholisi ulardan asosan qishloq xo‘jaligi ishlari mavsumida foydalanishgan. Mavsum yakunlanishi bilan yoki shahar xavfsizligiga tahdid bo‘lganda mazkur teshiklar yopib tashlangan. Shunday o‘tish joylaridan biri Beshyog‘och va Kamolon darvozalari orasida joylashgan.

Samarqand darvozasi

Mashhur Samarqand darvozasi shaharning janubi-sharqiy qismida joylashgan edi. Bu darvozadan chiqadigan yo‘l Samarqandga olib borar edi – o‘sha yo‘l xaritada sariq chiziq bilan belgilangan.

Qadimiy xaritalarni va shaharning zamonaviy ortofotoplanlarini taqqoslash orqali bugungi kunda darvozalarning mavjud oriyentirlarga nisbatan joylashuvini aniqladik: darvoza Samarqand darvozasi ko‘chasida Termiz tor ko‘chasi va Kamolon ko‘chasi oralig‘ida joylashgan.
Ko‘kcha darvozasi
Shayx Zayniddin bobo maqbarasidan 980 metr sharqda Ko‘kcha darvozasi joylashgan edi. Kolesnikovning xaritasida (4a-rasm) sariq chiziq bilan mazkur maqbaraga boradigan yo‘l (rasmning chap tomonida) ko‘rsatilgan.

Rasmda sariq chiziq bilan ko‘ndalang turgan ko‘cha 1977 yilgi topoplanda (4b-rasm) Uyg‘ur nomi bilan ko‘rsatilgan. Bu ko‘chadan tramvay yo‘li o‘tgan edi. XX asrda darvozalar xuddi mana shu ko‘chada joylashgan bo‘lar edi.

Bugungi kunda Ko‘kcha darvozasi shu nomdagi ko‘chada xuddi shu nomdagi tor ko‘cha va Jalolobod ko‘chalari oralig‘ida joylashgan bo‘lar edi.

Chig‘atoy darvozasi

Chig‘atoy darvozasi nomini mashhur sarkardaning o‘g‘li nomi bilan bog‘lashadi. Darvoza shaharning shimoli-g‘arbiy tomonida joylashgan edi. Uning yaqinidan Kalkovus arig‘i oqib o‘tar edi.

Kolesnikov xaritasida (5a-rasm) sariq chiziq bilan shimoli-g‘arbga boradigan yo‘l ko‘rsatilgan, 100 yil o‘tgandan keyin esa (5b-rasm) bu yo‘l Farobiy ko‘chasi deb atala boshlandi.

Bugungi kunda esa, 2019 yilgi ortofotoplanda ko‘ringanidek
(5d-rasm), ushbu darvoza Farobiy va Chig‘atoy Darvoza ko‘chalarining kesishmasida joylashgan bo‘lar edi.

Sag‘bon darvozasi

Chorsu bozoridan shimolga ketadigan yo‘l Sag‘bon darvozasi orqali o‘tgan. Kolesnikovning xaritasida (6a-rasm) o‘sha yo‘l vertikal sariq chiziq bilan belgilangan.

Agar shu chiziqni 1977 yilgi topografik planga tushursak (6b-rasm), XXasrning ikkinchi yarmida mazkur yo‘l Sag‘bon ko‘cha deb atalganligi maʼlum bo‘ladi.

Bugungi kundagi oriyentirlarga nisbatan Sag‘bon darvozasi Nurafshon aylanma va Sag‘bon ko‘chalarining kesishmasidan 100 metr shimolda joylashgan bo‘lar edi.

Qorasaroy darvozasi

Qorasaroy darvozasi shaharning eng shimoliy nuqtasida joylashgan edi. Kolesnikovning xaritasida (7a-rasm) ko‘rinib turibdiki, yo‘l to‘g‘ri chiziq bo‘ylab shimolga tik yo‘nalgan bo‘lsa-da (sariq chiziq bilan ko‘rsatilgan), darvoza yo‘l o‘qida joylashmagan. Balki bu shahar mudofaasini taʼminlash bilan bog‘liqdir.

1977 yilgi topoplanda (7b-rasm) mazkur yo‘l Qorasaroy ko‘chasi deb nomlangan. Bugungi kunda darvoza Qorasaroy va Ziyovuddin Boboxon ko‘chalarining kesishmasida joylashgan bo‘lar edi.

Qorasaroy darvozasidan 430 metr sharqda qalʼa devoridan o‘tish joyi – Teshik-qopqa joylashgan edi (7a-rasm). Teshik asosan zarurat tug‘ilganda ochilgan: qalʼadan tashqarida qabriston bor edi. Ammo u darvoza maqomiga ega bo‘lmagan.

Taxtapul darvozasi

Taxtapul darvozasi Kalkovus arig‘i ustidagi ko‘prikdan shimolroqda joylashgan edi. Kolesnikov xaritasiga ko‘ra (8a-rasm) darvozadan shahar tashqarisiga uch tomonga yo‘l ketgan.

1977 yilgi topoplanda (8b-rasm) yo‘llar va ko‘chalar konfiguratsiyasi hamda chorrahaning joylashuvi qisman saqlanib qolgan.

2019 yilga kelib (8d-rasm), joyning ko‘rinishi 1866 yildagidan tubdan farq qiladi. Shu bilan birga, xaritalarning fragmentidan tashqari ularni to‘liq solishtirish hisobiga ham darvozaning o‘rnini aniqlash mumkin.

Bugungi kunda ushbu darvoza Nurafshon, Ahmad Donish, Taxtapul Darvoza, Taxtapul va Sebzor ko‘chalarining kesishmasida joylashgan bo‘lardi.
реклама
реклама
Labzak darvozasi
Labzak darvozasi Anhor kanalining o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan edi (qirg‘oq daryoning oqimi bo‘yicha aniqlanadi). Kolesnikovning xaritasida (9a-rasm) Labzak darvozasiga olib chiqadigan ko‘cha 1912 yilgi xaritada ham (9b-rasm), 2019 yil ortofotoplanda ham (9d-rasm) saqlanib qolgan.

Bundan tashqari Minor qabristoni ichidagi yo‘lakcha (o‘ngda past burchakdagi sariq chiziq) ikkala eski xaritalarda ko‘cha sifatida ko‘rsatilgan. Obyektning uchchala xaritada mavjudligi xaritalarni Labzak darvozasi yaqinida bir-biriga aniqroq bog‘lashga yordam berdi.

Yana bir qiziq maʼlumot: Kolesnikov xaritasida Labzak arig‘i Anhordan boshlanadigan qilib ko‘rsatilgan va bu haqida boshqa manbalarda ham yozilgan, ammo keyin tuzilgan xaritalarda Labzak arig‘i ancha pastroqdan boshlanadi.

Qashg‘ar darvozasi

Kolesnikov xaritasida (10a-rasm) Qashg‘ar darvozasi qalʼa mudofaa istehkomlaridan birining janubiy qismida turibdi. Qalʼa ichidan chiquvchi yo‘llardan biri sariq chiziq bilan ko‘rsatilgan, va yo‘l Toshkentdan 24 km shimoli-sharqda joylashgan Niyozbek qalʼasiga olib borgan. Bugungi kunda ham ushbu yo‘l Niyozbek yo‘li ko‘chasi deyiladi (10b-,10d-rasmlar).

Qashg‘ar darvozasining 1890 yilgi xaritada (10b-rasm) joylashgan o‘rnini aniqlash uchun sariq chiziq bilan belgilangan yo‘l trayektoriyasini ikkala xaritada solishtirdik.

Sariq chiziq tugagan joyda 1890 yil xaritasida qora rangga bo‘yalgan binolar joylashganini ko‘ramiz. Ushbu binolarning joylashgan o‘rni Kolesnikov xaritasida ko‘rsatilgan Qashg‘ar darvozasi o‘rniga to‘g‘ri keladi. Bu fakt ikkala xaritani geografik bog‘laganda ham tasdiqlandi.

Shunday qilib, darvozaning joyi 1890 yilgi xaritada ham aniqlandi. Endi darvozaning joylashuvini bugungi kundagi obyektlarga nisbatan ham aniqlab olishimiz kerak.

1890 yilgi xaritada ko‘rsatilgan qamoqxona yonidagi ikki bino eʼtiborimizni tortdi. Mazkur binolardan biri bugungi kunda ham mavjud (10d-rasm) va ungacha darvoza o‘rnidan masofa 365 metrni tashkil qiladi.

Shunday qilib, 1890 yilgi xaritada darvozadan mazkur binogacha masofani o‘lchagan bo‘lsak, 2019 yilgi ortofotoplanda shuning teskarisini, yaʼni mavjud binodan o‘sha yo‘nalishda 365 metr masofa o‘lchab, Qashg‘ar darvozasining bugungi kundagi joyini aniqladik.

Aniqlashimizcha, Qashg‘ar darvozasi Amir Temur shoh ko‘chasi bo‘ylab, Qiyot (S-5) mavzesidagi 16 qavatli 2a-uy yonida bo‘lar edi.
Qo‘qon darvozasi
Qo‘qon darvozasi O‘rdadan uzoq bo‘lmagan joyda, Chovli arig‘ining chap qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lgan. Darvozadan Farg‘ona vodiysiga yo‘l ketgan. Podporuchik Kolesnikovning xaritasida (11a-rasm) keyingi xaritalar bilan aynan mos tushadigan obyektlar yo‘q.

Ammo praporshik Vasilyevning 1870 yilgi xaritasida (11b-rasm) Qo‘qon darvozasidan tashqari bugungi kungacha saqlanib qolgan bino (chapdagi yuqori burchakdagi qizil chiziq) va Amir Temur xiyoboni markazi aks ettirilgan.

Bu obyektlar bizga Qo‘qon darvozasining bugungi kundagi oriyentirlarga nisbatan joylashuvini aniqlashga yordam berdi: darvoza hozirda Istiqlol ko‘chasida, Hyatt mehmonxonasidan janubroqda joylashgan bo‘lardi.

Qo‘ymas darvozasi

Qo‘ymas darvozasi (Qatag‘on, Qirilmos) Anhorning chap qirg‘og‘ida, O‘rdadan janubroqda joylashgan edi.

Kolesnikov xaritasida (12a-rasm) 1866 yilda qurilgan yangi rus qalʼasining darvozasi ko‘rsatilgan. Maʼlumot o‘rnida: ushbu qal'aning darvozalaridan biri bugungi kunda ham saqlanib qolgan – u «Yunus Radjabiy» mahallasida joylashagan. 1977, 1992 va 2005 yilgi topoplanlarda rus qalʼasi qoldiqlari o‘z aksini topgan. Yuqoridagi xaritalarda rus qalʼasi qoldiqlari sariq chiziq bilan ko‘rsatilgan.
«Yunus Radjabiy» mahallasidagi rus qalʼasining saqlanib qolgan darvozasi.
Foto: mytashkent.uz saytidan olindi
Yana hisob-kitoblarga qaytamiz. Kolesnikovning xaritasida (12a-rasm) yangi rus qalʼasi oltiburchak shaklida tasvirlangan. Qalʼa bo‘ylab Mesyatsev, Xmelyov va Obux darvozalari belgilangan. Kolesnikov xaritasida ko‘rsatilgan qalʼa ichidagi rejalashtirish amalga oshmay qolgan. Masalan, xaritada xoch bilan belgilangan cherkov qurilmay qolgan.

Bundan tashqari Kolesnikov xaritasida Toshkentning yangi kvartalida cherkov yonida uy belgilangan (12a-rasmning o‘ng tomonida yuqori burchakda). Xuddi shu uy 1890 yilgi xaritada ham (12b-rasm) tasvirlangan.

Shunday qilib, «Yunus Radjabiy» mahallasida joylashgan rus qalʼasi darvozasining va cherkov yaqinidagi uyning aniq joylashuvini bilamiz. Ularga asoslanib, Qo‘ymas darvozasigacha bo‘lgan masofani aniqlaymiz. Masofa tegishlicha 420 va 250 metrni tashkil qiladi.

Bugungi kunda Qo‘ymas darvozasi Anhor bo‘yida Senat binosining janubiy tomonidan 150 m masofada joylashgan bo‘lar edi (12d-rasm).

Qalʼa devorlarining darvozalar orasidagi uzunligi

Beshyog‘och - Teshik
955 m
Teshik – Kamolon
541 m
Kamolon – Samarqand
999 m
Samarqand – Ko‘kcha
1542 m
Ko‘kcha – Chig‘atoy
2353 m
Chig‘atoy – Sag‘bon
909 m
Sag‘bon – Qorasaroy
1038 m
Qorasaroy – Teshik-qopqa
486 m
Teshik-qopqa – Taxtapul
1030 m
Taxtapul – Labzak
1651 m
Labzak – Qashg‘ar
1373 m
Qashg‘ar – Qo‘qon
1247 m
Qo‘qon – Qo‘ymas
1416 m
Qo‘ymas – Beshyog‘och
1818 m
Qalʼa devorining umumiy uzunligi
17 358 m
O‘rdaning joylashgan joyi
Shu o‘rinda Toshkent tarixida muhum o‘rin egallagan O‘rdaning joylashuvi to‘g‘risida maʼlumot berishni joiz deb bildik. Bugungi kunda O‘rda deganda Anhorning o‘ng qirg‘og‘idagi Alisher Navoiy va Abdulla Qodiriy ko‘chalari orasidagi hudud tushuniladi. Hattoki 1912 yilda chop etilgan xaritalarda ham O‘rda Anhorning o‘ng qirg‘og‘ida ko‘rsatilgan.

Ammo, endi biz aniq bilamizki, O‘rda Anhorning chap qirg‘og‘ida bo‘lgan: janubda Mustaqillik monumenti va Tasviriy sanʼat galereyasigacha (Buyuk Turon ko‘chasi, 2-uy) va shimolda “Turkiston” konsert zaligacha bo‘lgan hududni egallagan.

Toshkent shahri qalʼasi darvozalarini tiklash 2021 yil uchun Davlat dasturida poytaxt hokimligi oldiga qo‘yilgan vazifalardan biridir.

Toshkentning 12 darvozasi va qalʼa devori xaritasi

KMZ formatidagi faylni Google Earth ilovasi yuklangan uskunalarda ochish mumkin.

Windows, Mac, Linux operatsion tizimlar o‘rnatilgan kompyuterlar uchun Google Earth ilovasi;
Android uchun Google Earth ilovasi;
AppStore servisida Google Earth ilovasini bizning mintaqadan yuklab bo‘lmaydi. Google Earth ilovasini Iphone telefonlariga yuklash uchun telefon sozlamalarida mintaqani o‘zgartirish kerak – aks holda Google Earth ilovasi AppStore servisida ko‘rinmaydi.

Matnni Kamoliddin Fayzullayev tayyorladi.
Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar Toshkent shahar hokimligining Raqamli rivojlanish departamentiga tegishli.
“Gazeta.uz” internet-nashrida joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havola orqali tanishishish mumkin.

Qiziqarli maʼlumotlarga egamisiz, ularni dunyo bilan bo‘lishishni xohlaysizmi? Hikoyalaringizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting