Toshkent tarixi xaritalarda:
1865 yilgi qalʼa devori va shaharning 12 darvozasi
Muqova fotosurati: 1872 yildagi Toshkent xaritasi fragmenti (birinchi marotaba eʼlon qilinmoqda)
Toshkent hokimligi shaharning qadimiy 12 ta darvozasi va qalʼa devori o‘rnini aniqlamoqda. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturiga muvofiq, «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash» yilida poytaxt maʼmuriyatiga Toshkent shahrining qadimiy 12 ta darvozasini tiklash va turizm namoyishi obyektlariga kiritish choralarini ko‘rish topshirilgan.

Toshkent shahar hokimligining raqamli rivojlanish departamenti poytaxt uchun geografik axborot tizimini yaratish ustida ish olib bormoqda. Ushbu tizimning asosini zamonaviy va arxiv xaritalari tashkil etadi. Shu sababli, bo‘lim mutaxassislari eski Toshkentni o‘rganib, shaharning turli yillardagi xaritalarini taqqoslashmoqda.

Raqamli rivojlanish departamentining fazoviy maʼlumotlar infratuzilmasi, geografik axborotlar tizimlari va kartografiya bo‘yicha direktor o‘rinbosari Kamoliddin Fayzullayev ushbu masalani o‘rganmoqda. “Gazeta.uz” uning xaritalarni izlash va shaharning bir yarim asr davomida qanday o‘zgargani haqidagi maqolasini eʼlon qiladi.
Suratlar haqidagi qo‘shimcha maʼlumotni o‘qish uchun ustiga bosing.
Toshkent – qadimiy shahar. U 2200 yoshdan oshgan. Bu uzoq davr mobaynida uning tashqi qiyofasi keskin o‘zgardi - o‘rdalar, qalʼalar, uylar qurildi, turar joy dahalari va mahallalar vujudga keldi. Qadimgi davrda shaharning aniq qanday bo‘lganini bilish juda qiyin. Ko‘pchilik tadqiqotchilarni poytaxtimiz 150-200 yil oldin qanday bo‘lgani haqidagi savol ko‘proq qiziqtiradi.

Ayniqsa Toshkentning qalʼa devori va darvozalarining tarixi qiziq. Devor shahar atrofini o‘rab olgan hamda uni dushman hujumlari va boshqa tashqi tahdidlardan himoya qilgan. Turli davrlarda qalʼa darvozalari soni o‘zgarib turgan. Masalan, X asrda Toshkent Binket deb nomlangan va shaharda 7 ta darvoza bo‘lgan, XIX asr boshlarida esa 8 ta, shaharning kengayishi bilan 1864 yilga kelib ularning soni 12 taga yetgan.

Toshkent rus qo‘shinlari tomonidan bosib olinganidan so‘ng, yangi shahar aholisi qurilish materiallari uchun devorlarni buzib tashladi. Ishonchli maʼlumotlarga ko‘ra, 1865-1872 yillarda Qashg‘ar va Beshyog‘och darvozalari orasidagi devrning 3700 metr uzunlikdagi qismi, shu jumladan Qo‘qon va Qo‘ymas darvozalari buzib tashlangan.
реклама
реклама
2021 yilgi davlat dasturiga muvofiq, 12 ta darvoza tarixiy ko‘rinishlari asosida qayta tiklanishi lozim. Dastavval buni amalga oshirish juda murakkab ko‘rinar edi, chunki ilgari ularning joylashuvi 1890 yilgi xaritalarga asoslanilgan. Biroq bu paytda devorning katta qismi va darvozalar buzib tashlangan edi. Ammo noyob arxiv materiallari sharofati bilan biz Raqamli rivojlanish departamentida ularning joylashgan o‘rnini aniq topdik.

Noyob arxiv materiallari deganda biz Toshkentning 1865-1872 yillardagi xaritalarini nazarda tutmoqdamiz. Ular na O‘zbekiston arxivlarida va na internetda mavjud edi. Biz ularni Rossiya Federatsiyasidagi arxivlardan topdik.
1865-1866 yillardagi «Toshkent shahri va atrofining xaritasi» fragmenti
Ushbu hujjatlardan biri «Toshkent shahri va atrofining xaritasi» deb nomlangan. Uni podporuchik (chor armiyasidagi harbiy unvon – tahr.) Kolesnikov va praporshik Timofeyev 1865-1866 yillarda —Toshkent ishg‘olidan so‘ng darhol tuzishgan.

Hozircha bizda yana-da qadimiyroq xaritalar mavjudligi to‘g‘risida maʼlumot yo‘q. Shu sababli, bu hozirgi kunga qadar Toshkent shahri va unga yaqin hududlar aks ettirilgan eng eski xaritadir.

Xarita o‘lchami 180x194 smni tashkil etadi. Xarita masshtabi — 1 dyuymda 100 sajen (1 dyuym 2,54 sm ga teng, 1 sajen esa 2,1336 m ga). Metr tizimida masshtab 1:8400 ni tashkil etadi.

Xarita Toshkent vohasining taxminan 15x15 kmlik maydonini qamrab oladi: janubda - Janubiy vokzal hududi, shimolda – Xasanboy hududidagi Quloqtepa, g‘arbda - O‘rikzor bozori hududi, sharqda - Toshkent botanika bog‘i hududi.

Ayrim statistik maʼlumotlar: 1865 yilda Toshkentning devorlar ichidagi hududi 17 kv. km. ni tashkil etgan. Shaharda 52 mingga yaqin kishi yashagan. Bugungi kunda poytaxtimizning maydoni 434 kv. km. dan oshadi va avvalgidan 25 marta kattaroq maydonni egallaydi. Aholisi 2,62 million kishi yoki 150 yil oldingi holatdan 50 baravar ko‘p.
1865-1866 yillardagi «Toshkent shahri va atrofining xaritasi» fragmenti
Yuqoridagi xaritada Toshkentning barcha qadimiy darvozalari belgilangan(tasvirni kattalashtirganda darvozalar nomlarini o‘qishning deyarli imkoni yo‘q, ammo keyingi maqolalarda ularning har biri haqida alohida aytib o‘tamiz). Bundan tashqari, xaritada Toshkent qalʼasining butun devori uzunligi (qizil chiziq bilan) ko‘rsatilgan.

Biz ushbu xaritaga zamonaviy xaritani joylashtirib, darvozalarning aniq joylarini va qalʼa devori qayerlardan o‘tganini bilib oldik. Darvozalar joylashuvining aniqligi taxminan 10 metrni tashkil qiladi.
Misol sifatida Sag‘bon darvozasini keltiramiz. 1-rasmda sariq chiziq bilan Sag‘bon darvozasiga olib boradigan yo‘l ko‘rsatilgan. 1977 yildagi Toshkentning topografik planiga xuddi shu chiziqni chizamiz (2-rasm) va xuddi shu yo‘l Sag‘bon ko‘chasi shaklida saqlanib qolganini ko‘ramiz. 3-rasmda Sag‘bon darvozasi bugungi oriyentirlarga nisbatan qayerda joylashganini aniqlashimiz mumkin. Xuddi shu yo‘l bilan, biz Toshkentning barcha darvozalari joylashgan joylarni aniqlab chiqdik.
Surat bo‘ylab o‘ngga va chapga suring.
Chapda: 1865-1866 yillardagi xaritada No‘g‘oyqo‘rg‘on qishlog‘i. O‘ngda: No‘g‘oyqo‘rg‘on mahallasi 2019 yilgi ortofotoplanda shu nomdagi sobiq qishloq konturlari bilan.
Praporshik Kolesnikov xaritasining janubiy tomoni Janubiy vokzalning hozirgi maydoni bilan chegaralangan. 1866 yil xaritasida o‘sha joyda No‘g‘oyqo‘rg‘on qishlog‘i aks etgan bo‘lib, u bugun Sergeli tumanidagi shu nomli mahallaga aylangan. Ushbu hududdagi ko‘chalarning joylashuvi bugungi kunda ham saqlanib qolgan. 1866 yilda No‘g‘oyqo‘rg‘on Toshkentda kartoshka yetishtiriladigan yagona joy edi. Bu qishloq aholisi Rossiyaning musulmon hududlaridan kelganligi bilan izohlanadi.

Yana bir tarixiy topilma: eski shahar qalʼa devorining taxminan 350 metr uzunlikdagi qismi 1865 yilda Toshkent bosib olingandan so‘ng qurilgan yangi qalʼa devori sifatida ishlatilgan.
Surat bo‘ylab o‘ngga va chapga suring.
Chapda: 1865-1866 yillardagi xaritada yangi qalʼa devorlari. O‘ngda: shu joyning zamonaviy qiyofasi.
1810 yildan 1821 yilgacha bo‘lgan davr orasida yangi qalʼa o‘rnida Qo‘qon qalʼasi, yaʼni O‘rda (shahar hukmdori yashagan qo‘rg‘on) bo‘lgan. Keyinchalik u shimolga ko‘chirilgan. Ko‘chib o‘tgandan so‘ng, o‘rdaning o‘lchami taxminan 420x480 m ni tashkil etgan (eski qalʼaning o‘lchamlari nomaʼlum). O‘rdada Toshkent hukmdorining saroyi (Xon saroyi) bo‘lgan.
1866 yilda tuzilgan xon saroyi xaritasi
Tarixiy hujjatlar 1865 yilda Toshkent qo‘lga kiritilgandan so‘ng darhol O‘rda qayta qurilgani va yangi kvartallar paydo bo‘lganini tasdiqlaydi. Yangi kvartallarning rejasi harbiy topograflar tomonidan tuzilgan.
1869 yilda tuzilgan Anhor kanali va Chovli arig‘i o‘rtasidagi yevropacha kvartalning rejasi
Shahar qurilishi rejasini ishlab chiqishga harbiy muhandis Kolesnikov rahbarlik qilgan. Anhor kanali va Chovli arig‘i orasidagi qismda shahar to‘g‘riburchaklar usulida loyihalashtirilgan. 1870 yilga kelib Anhor kanali va Chovli arig‘i orasidagi hududni aholi uylari egallagan.
реклама
реклама
1870 yildagi praporshik Vasilyev xaritasida (quyidagigalereyada birinchi rasm) Chovli arig‘i va Salar kanali orasidagi birinchi binolarning joylashuv rejasini ko‘rishingiz mumkin. Bu yerda no‘qtadan chiqayotgan nurlar bo‘yicha rejalashtirish qo‘llanilgan va ushbu usul Toshkent markazida hozirgacha saqlanib qolgan(Amir Temur xiyoboni).
Amir Temur xiyobonidan 700 m janubda, maydoni 12 gektar bo‘lgan Mingo‘rik bog‘i ham bo‘lgan (yuqoridagi galereyadagi dastlabki ikkita xaritada pastki o‘ng burchak hamda quyidagi tasvirlarda xarita parchasining markaziy yuqori qismida).

Shimoliy vokzalga yaqinroq joyda, shu nomdagi arxeologik yodgorlik — Mingo‘rik harobalari saqlanib qolgan. Ilgari uning maydoni 16 gektarni tashkil etgan. Toshkent qo‘lga kiritilganidan so‘ng yangi shahar qurilishi bilan Mingo‘rik arxeologik yodgorligi asta-sekin yo‘q bo‘lib ketdi: uning atigi 13 sotixlik qismi qolgan.
Surat bo‘ylab o‘ngga va chapga suring.
Chapda: tasvirning markaziy yuqori qismida joylashgan Ming-o‘rik bog‘i va 1865-1866 yillar xaritasida bog‘ning o‘ng tomonidan va undan pastda joylashgan Mingo‘rik arxeologik yodgorligi.
O‘ngda: Ming-o‘rik arxeologik yodgorligining bugungi kundagi hududi (sariq rang bilan belgilangan) 2019 yilgi ortofotoplanda.
Xaritada devor va darvozadan tashqari boshqa qiziqarli narsalar ham mavjud. Masalan, bizni rus topograflarining Toshkentdagi joylarni qanday nomlagani hayron qoldirdi. Mingo‘rik «Мынъ-Урюкъ», Oqtepa – «Охъ-тюбе», Ko‘kaldosh – «Кугандашъ», Kamolon darvozasi — «Камеланские ворота» deb atalgan. Anhor kanali «арык Ангаръ» deb keltirilgan. Bunga topograflar nomlarni qanday eshitgan bo‘lsalar, shunday qayd qilganliklari sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, Chuqurko‘prik arig‘i xaritada Toshkent lahjasiga mos ravishda «Чукур купру» deb yozilgan.

Quyidagi galereyada 1865-1866 yillar xaritasida Toshkentdagi obyektlarning nomlanishiga misollar keltirilgan.
Xaritada vaqt o‘tishi bilan Quloqtepaga aylangan (hozirda bu Yunusobod tumanidagi “Tiklanish” mahallasi hududi) «Кулакъ-чинъ тюбе» tepaligi ham ko‘rsatilgan. Mazkur obyekt hozirda moddiy-madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan.
Surat bo‘ylab o‘ngga va chapga suring.
Chapda: «Кулакъ-чинъ тюбе» tepalagi 1865-1866 yillar xaritasida.
O‘ngda: Quloqtepaning zamonaviy hududi (sariq bilan belgilangan) 2019 yilgi ortofotoplanda.
Shuni qo‘shimcha qilish joizki, tarixdagi barcha o‘zbek davlatlarida (Qo‘qon xonligi, Buxoro amirligi va boshqalar) rasmiy yozishmalar fors tilida yuritilgan. Biroq Toshkent davlatida (1784-1808) rasmiy til o‘zbek tili bo‘lgan.

Va yana kalligrafiyani ham qayd etib o‘tish joiz: barcha xaritalar qo‘lda tuzilgan.
Bu maqola – boshlanishi, xolos. Biz o‘quvchilarimiz uchun qiziqarli, tadqiqotchilarimiz uchun esa foydali bo‘lgan ko‘plab maʼlumotlarni qo‘lga kiritdik. Ular orasida xon saroyi tarixi, Toshkentning turli qismlari, shahar bosib olinganidan keyin yangi Toshkentning qurilishi, chegaralarining kengayishi va aholisining ko‘payishiga oid maʼlumotlar mavjud.

Hozirda qadimgi darvozalarning har birini batafsil ko‘rish, ularning tarixi va aniq joylashgan o‘rnini bilish imkonini beruvchi interaktiv sayt ustida ishlamoqdamiz. Ushbu saytda poytaxtimizning qisqacha tarixi, jumladan, shahar atrofini o‘rab turgan devor haqida hikoya qilamiz. Sayt ochilishi haqida “Gazeta.uz” orqali xabar beramiz.
Matnni Kamoliddin Fayzullayev tayyorladi.
Matn va grafik materiallarga bo‘lgan barcha huquqlar Toshkent shahar hokimligining Raqamli rivojlanish departamentiga tegishli.
“Gazeta.uz” internet-nashrida joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havola orqali tanishishish mumkin.

Qiziqarli maʼlumotlarga egamisiz, ularni dunyo bilan bo‘lishishni xohlaysizmi? Hikoyalaringizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting