Firibgarlik va odam savdosi jinoyatini sodir etishda ayblanayotgan, 1979-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan Raximov Ozod Sadullayevich Istanbul shahrining Fatix tumanida qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi ma’lum qildi.

Foto: O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi Foto: O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi

U 2024-yilning 6-may kuni O‘zbekiston va Turkiya IIV hamkorligida amalga oshirilgan tezkor tadbir natijasida ushlangan.

Ozod Raximov Samarqand viloyatida fuqarolarning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishda, shuningdek, Istanbul shahrida bo‘lgan davrida 2022−2023-yillar mobaynida bir qancha O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarini Turkiya-Ispaniya-Nikaragua-Meksika yo‘nalishi bo‘ylab AQShga yuborishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan ularning har biridan 10−15 ming AQSh dollari olib, va’dasini bajarmasdan, o‘zining shaxsiy manfaatlariga ishlatib yuborganlikda ayblanmoqda.

“Ushbu shaxsning jinoiy xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan vatandoshlarimizdan Bosh konsulxonaga yoki O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga xabar berish so‘raladi. Jinoiy javobgarlikdan qochib, xorijiy davlatlarda, shu jumladan, Turkiyada yashirinib yurgan har bir shaxsga nisbatan jinoiy ta’qib izchil ravishda davom ettiriladi va jinoyat uchun javobgarlik prinsipi qat’iy ta’minlanadi”, — deyiladi konsulxona xabarida.