Tarmoqlarda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sodir bo‘lgan kuchli yong‘in aks etgan video tarqaldi. Foto va videolarda uzoqdan kulrang tutun ko‘rinayotganini payqash mumkin.

Poytaxt Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 7-may kuni soat 11:25 da Favqulodda vaziyatlar xizmatiga Muxtor Ashrafiy ko‘chasida joylashgan mebel ishlab chiqarish korxonasida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushganini ma’lum qildi.

Soat 11:30 da voqea joyiga o‘t o‘chirish va qutqaruv brigadasi yetib keldi. Ayni damda jami 11 ta o‘t o‘chirish va qutqaruv brigadasi jalb qilingan.

“Hozirgi vaqtda yong‘inni o‘chirish ishlari davom etmoqda”, — deyiladi FVBning 12:33 da e’lon qilingan bayonotida.

Yong‘in oqibatida jabrlanganlar yo‘q.

To‘ldirish

Ushbu yong‘in soat 13:00 da to‘liq o‘chirildi. Yong‘inni o‘chirishga jami 15 ta yong‘in-qutqaruv texnikasi va 2 ta suv tashuvchi texnika jalb etildi. Hodisa oqibatida fuqarolarning kuyish jarohati olish va halok bo‘lish holatlari yo‘q, deyiladi FVB xabarida.