Britaniya-shved farmatsevtika kompaniyasi AstraZeneca o‘zining koronavirusga qarshi vaksinasini butun dunyo bo‘ylab sotish va qo‘llashga ruxsatnomalarni qaytarib olmoqda, deb xabar bermoqda Telegraph.

Mart oyida kompaniya vaksinasini Yevropa Ittifoqida sotish ruxsatini ixtiyoriy ravishda bekor qilish uchun ariza topshirgandi, u 7-maydan kuchga kirdi. Shunga o‘xshash arizalar kelgusi oylarda vaksina Vaxzevria nomi bilan sertifikatlagan Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda ham topshiriladi.

Kompaniya bayonotida aytilishicha, vaksina tijorat maqsadlarida sotuvdan olib tashlanmoqda. Vaksina endi ishlab chiqarilmaydi yoki yetkazib berilmaydi, chunki u COVID-19`ning yangi shtammlariga qarshi kurashish uchun moslashtirilgan yangilangan vaksinalar bilan almashtirildi, deydi ishlab chiqaruvchi.

Vaxzevria so‘nggi oylarda tromboz shakllanishi va qon tarkibida trombotsitlar darajasi kamayishiga olib keluvchi kam uchraydigan nojo‘ya ta’sir tufayli tekshirilgandi. Fevral oyida AstraZeneca sud hujjatlarida birinchi marta COVID-19`ga qarshi vaksinasi TTS sindromi (trombotsitopeniyali tromboz sindromi) deb ataladigan kam uchrovchi nojo‘ya ta’sirga olib kelishi mumkinligini tan olgandi.

TTS Buyuk Britaniyada kamida 81 kishining o‘limi va yana yuzlab jiddiy jarohatlarga aloqador. 50 dan ortiq jabrlanuvchi va qurbonlarning qarindoshlari Angliya va Uels Oliy sudiga AstraZeneca`ga qarshi jamoaviy da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

AstraZeneca vaksinani qaytarib olish to‘g‘risidagi qaror sud jarayoni yoki u TTSga olib kelishi mumkinligini tan olishi bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi. Farmatsevtika kompaniyasi bu shunchaki tasodif ekanini bildirdi.

“Biz Vaxzevria`ning global pandemiyaga barham berishdagi rolidan g‘oyat faxrlanamiz. Mustaqil hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, preparatdan foydalanishning birinchi yilidayoq 6,5 milliondan ortiq odamning hayoti saqlab qolingan, butun dunyo bo‘ylab uch milliarddan ortiq doza yetkazilgan”, — deyiladi kompaniya bayonotida.

Buyuk Britaniya hukumati 2021-yilning kuziga kelib AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni deyarli to‘xtatgandi. O‘sha yilning oxiridagi vaksinatsiyaning qishki kuchaytirilgan kampaniyasi davrida u Pfizer va Moderna bilan almashtirilgan.

Ayrim davlatlar allaqachon vaksina importini to‘xtatgan. Guardian`ning qayd etishicha, u Avstraliyada 2023-yil mart oyidan buyon foydalanish uchun mavjud emas, uning ishlatilishi yangi vaksinalarning keng tanlovi sabab 2021-yildan boshlab bosqichma-bosqich to‘xtatilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 2021-yil fevral oyida COVID-19`ga qarshi AstraZeneca vaksinasini tasdiqlagandi. O‘sha yilning o‘zida kompaniya vaksina nomini Vaxzevria deb o‘zgartirgan. Vaksinani 18 va undan katta yoshdagi insonlarda qo‘llashga ruxsat berilgan va taxminan uch oylik interval bilan ikki marta in’eksiya qilingan. Ba’zi mamlakatlarda preparat kuchaytirilgan doza sifatida ham ishlatilgan.

Vaxzevria adenoviruslar oilasidagi boshqa virusdan iborat bo‘lib, u COVID-19`ni keltirib chiqaruvchi virus — SARS-CoV-2 oqsilini yaratishga javob beradigan genni o‘z ichiga oladi. Vaksina tarkibida virusning o‘zi yo‘q va uni keltirib chiqarmaydi.

AstraZeneca vaksinasining milliardlab dozalari BMT tomonidan muvofiqlashtirilgan dastur doirasida kambag‘al mamlakatlarga yetkazilgan, chunki u arzonroq va ishlab chiqarish hamda tarqatishga osonroq edi. Keyinchalik tadqiqotlar Pfizer-BioNTech va Moderna kompaniyalarining RNK vaksinalari COVID-19 va uning ko‘plab variantlaridan yaxshiroq himoya qilishini ko‘rsatgan va ko‘pchilik mamlakatlar shu vaksinalar bilan emlashga o‘tgan, deya aniqlik kiritdi AP.