O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 15-noyabrdagi qarori 2014-yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylarni qurish Dasturining parametrlarini belgilab berdi.

Hujjatga binoan, ushbu yilda «tayyor holda topshirish» sharti bilan 388 turar-joy massivlarida 11000 ta uy qurilishi kutilmoqda. Bu 2013-yildagidan bir ming uyga ko‘p.

Qurilgan uy-joylarning eng ko‘p qismi Toshkent (1050), Samarqand (1127) va Qashqadaryo (1172) bo’ladi. Andijonda — 977, Farg‘onada 927, Surxondaryoda — 887, Xorazmda — 807, Buxoroda — 839, Namanganda — 777, Navoiyda — 677, Qoraqalpog‘istonda -627, Jizzax viloyatida — 627, Sirdaryoda — 506 uy qurilishi rejalashtirilgan.

Kompleks qurilish joylarida 37 ta guzar, 26 ta savdo majmuasi, 36 ta bozor, 47 ta novvoyxona, 39 ta maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari va 2 ta mini bank qurish ham ko‘zda tutilgan.

Turar-joy posyolkalarida 343 kilometrdan ziyod vodoprovod tarmog‘i, qariyb 307 km elektr liniyalari, 433 km gaz tarmoqlari va 263 km ichki yo‘llar qurilishi rejalashtirilgan.

Dasturning amalga oshirishda Osiyo taraqqiyot bankining Qishloq joylarda uy-joy qurilishini rivojlantirishning 2015-yilgacha mo‘ljallangan dasturi uchun ajratilgan 500 mln dollar miqdoridagi kreditdan 100 mln dollarini yo’nalltirish rejalashtirilgan.

Qishloq joylarda uy-joy qurilishini rivojlantirishning 2015-yilgacha mo‘ljallangan davlat dasturi 2009 yilda boshlangan. O’sha yili 847 uy, 2010-yil — 6800 ta uy, 2011-yil — 7400 ta uy, 2012-yilda — 8510ta uy qurilgan. Jami, 2015-yilning oxirigacha viloyatlarda 41,4 ming uy qurilishi ko’zda tutilgan.