2014-yilgi jahon chempionati uchinchi saralash bosqichi so‘nggi turida Vadim Abramov shogirdlari 1:0 hisobida ustun kelishdi. O‘yindagi yagona gol Aleksandr Shadrin hisobiga yozildi, xabar berdi O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida yetti nafar asosiy tarkib futbolchilari maydonga tushmagani e’tiborga molik. Server Jeparov, Sanjar Tursunov, Vagiz Galiulin, Islom To‘xtaxo‘jayev, Shavkat Mullajonov kabi futbolchilar disvalifikatsiya sabab o‘yinni qo‘yib yuborgan bo‘lishsa, Odil Ahmedov va Aleksandr Geynrixni bosh murabbiy bezovta qilishni istamadi. Shuningdek, Vitaliy Denisov va Maksim Shatskixga ham taklifnoma jo‘natilmagandi.

Birinchi bo‘limning dastlabki yarim soatida ustunlik mezbonlar tarafida bo‘ldi. Qolgan 15 daqiqa ichida maydon va undagi bosimga moslashib olgan O‘zbekiston jamoasi ajoyib o‘yin namoyish etdi.

Ikkinchi bo‘limda maydonda teng kurash bordi. To‘p bilan nazorat qilish borasida ustunlik Yaponiya tomonida bo‘lsada, xavfli hujumlar tashkil etish borasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi anchagina samarali harakat qildi. Ayniqsa o‘yin yakunlanib borayotgan paytda Bahodir Nasimovda ikkita yaxshi imkoniyat yuzaga keldi. Uchrashuvni ajoyib o‘tkazgan hujumchiga esa ozgina aniqlik yetishmadi.

Mazkur g‘alabadan keyin O‘zbekiston milliy terma jamoasi ochkolari sonini 16taga yetkazib, “C” guruhini 1-o‘rinda yakunladi. O‘tkazilgan oltita o‘yinda Vadim Abramov jamoasi biror marta bo‘lsin imkoniyatni boy bermadi. Agar 29-fevral kuni “F” guruhida ishtirok etayotgan Eron Qatarga imkoniyatni boy bersa, O‘zbekiston Osiyoning eng kuchli 20 ta mamlakati orasida uchinchi bosqichni mag‘lubiyatsiz tugatgan yagona mamlakat bo‘ladi.

Vadim Abramov jamoasi uchinchi bosqich yakuniga ko‘ra eng ko‘p ochko jamg‘argan mamlakat nomini qo‘lga kiritib bo‘ldi.

Guruhdagi ikkinchi o‘yinda KXDRni qabul qilgan Tojikiston 1:1 hisobiga imzo chekdi.