Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.

Avvalroq Ukraina nashrlarida Demyanenko Lutskning “Volin” klubiga bosh murabbiy etib tayinlanishi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqalgandi. Murabbiyning o’zi ukrainalik jurnalistlarga bergan intervyusida barcha masalalar 8-yanvar kuni hal bo‘lishini aytib o‘tgandi. “Nasaf” rasmiy sayti esa 4-yanvar kuni e’lon qilgan xabarida bu boradagi barcha xabarlarni “mish-mishdan boshqa narsa emas” deya baholagandi.

Klub rasmiy saytida 6-yanvar kuni e’lon qilingan xabarda, jumladan, shunday deyiladi: “Nasaf” jamoasida oxirgi bir yarim yil davomida bosh murabbiy lavozimida ishlagan ukrainalik mutaxassis Anatoliy Demyanenko qarshiliklar bilan xayrlashishga qaror qildi”.

Anatoliy Demyanenko 2010-yilning sentabrida “Nasaf” bosh murabbiyi etib tayinlangan edi. Jamoa uning qo‘l ostida, 2011-yilgi O‘zbekiston chempionati yakunlariga ko‘ra, o‘z tarixida birinchi marta O‘zbekiston vitse-chempioni bo‘ldi, O‘zbekiston Kubogi bahslarida ikkinchi marta finalga qadar yetib bordi. Bundan tashqari, “Nasaf” 2011-yilgi OFK Kubogida g‘olib chiqib, qit’a miqyosidagi musobaqada g‘alaba qozongan O‘zbekistonning dastlabki jamoasiga aylandi.

Ayni vaqtda jamoani murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev boshqarib turibdi. Demyanenkoning o‘rnini kim egallashi haqida hozircha hech qanday ma’lumot yo’q.

“Nasaf” 2012-yilgi Osiyo Chempionlar ligasi ishtirokchisi hisoblanadi. Qarshiliklar musobaqaning “A” guruhida Qatarning “Ar-Rayyan”, BAAning “Al-Jazira” klublariga qarshi bahs olib borishadi. Guruhning to‘rtinchi jamoasi 18-fevral kuni bo‘ladigan pley-off uchrashuvidan so‘ng ma’lum bo‘ladi. Ushbu o‘rin uchun Eronning “Istiqlol”, “Zob Ohan” va Saudiya Arabistonining “Al-Ittifoq” klublari kurashishadi.