13-mart kuni O’zbekiston Respublikasining Kanadadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Baxtiyor G’ulomov (qarorgohi Vashingtonda) Kanada general-gubernatori Devid Lloyd Djonstonga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda «Jahon» AA xabar bermoqda.

Marosimdan keyin bo’lib o’tgan suhbat chog’ida O’zbekiston Respublikasi va Kanada o’rtasida turli sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, keyingi yillar davomida O’zbekiston — Kanada munosabatlari sezilarli darajada faollashib borayotgani qayd etilgani barobarida tomonlarning o’zaro manfaat kasb etadigan keng qamrovli masalalar yuzasidan ikki tomonlama va ko’p tomonlama hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligi tasdiqlandi.

General-gubernator Devid Djonston Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik ta'minlanishidagi faol ishtiroki uchun O’zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik izhor etdi.

U, shuningdek, barqaror ravishda 8 foizlik o’sishni namoyon etayotgan O’zbekistonning iqtisodiy muvaffaqiyatlariga hamda ko’pgina yo’nalishlarda amalga oshirilayotgan o’zgarishlarga yuqori baho berdi. Uchrashuv chog’ida o’zbek xalqining boy tarixiy va ma'naviy merosi, shu jumladan, o’zbek mutafakkirlarining jahon sivilizatsiyasi xazinasiga qo’shgan noyob hissasi alohida ta'kidlandi.