«Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi va «O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat aksiyadorlik kompaniyasi hamkorligida Navoiy viloyatiga salomatlik poyezdi jo‘natildi.

O‘zA xabar berishicha, Navoiy viloyatiga jo‘natilgan salomatlik poyezdidagi oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va tibbiyot anjomlari, sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat muruvvat yuklarini shakllantirishda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi, «Diva-teks», «Braibanti tecnology», «Jahon invest plast», «Diyor biznes» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, «Nestle-Uzbekistan», «Remedi» qo‘shma korxonalari, AQShning «Ameri Cares» va «Toms Shoes» tashkilotlari yaqindan ko‘mak berdi.

Salomatlik poyezdi tarkibidagi shifokorlar joriy yilning 1-apreliga qadar Navoiy, Tinchlik, Konimex, Qara-Qata, Mustaqillik, Qizilquduq, Buzaubay va Uchquduq II stansiyalariga yaqin hududlarda yashaydigan aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi. Shu bilan birga, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondining Navoiy viloyati filiali tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi orqali hududdagi markaziy va bolalar shifoxonalari, tug‘ruq majmualari, bolalar maxsus maktab-internatlariga xayriya yordami ko‘rsatish rejalashtirilgan.

Tadbir davomida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini mustahkamlashga oid keng ko‘lamli targ‘ibot-tushuntirish ishlari tashkil etiladi.