Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida Navro‘z bayrami tantanalari bo‘lib o‘tdi. Marosimda Prezident Islom Karimov Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tabrik so‘zi bilan chiqdi.

«Bugun, mana shu go‘zal maydonda bayramona kayfiyat bilan jamuljam bo‘lib o‘tirgan siz, azizlarga, sizlarning timsolingizda butun xalqimizga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromimni, mehr-muhabbatimni bildirib, Navro‘z ayyomi bilan tabriklash — men uchun katta baxt», — deb aytdi davlat rahbari.

«Navro‘zi olam o‘lkamizga qadam qo‘yishi bilan har birimiz yon-atrofimizdagi mavjudotning uyg‘onishi, kurtaklar va gul-chechaklar ochilishi, yeru ko‘k bag‘rida yuz berayotgan o‘zgarishlardan, bahor nafasidan bahramand bo‘lamiz, ona tabiatimizning uzviy va ajralmas bir qismi ekanimizni beixtiyor chuqur his qilamiz.Ayni shu pallada xuddiki tabiat olami bilan uyg‘un va mushtarak bo‘lib, bu osuda hayotni har bir kunining qadriga yetib, shukronalik hissiyoti bilan yashash kerakligini yana va yana bir bor anglaymiz», — deb ta'kidladi Prezident.

«Bunday ajoyib lahzalarda millati, tili, dinidan qat’i nazar, yurtimizda yashayotgan har qaysi inson, har qaysi oila shodu xurramlik bilan bahor sog‘inchi va orzu-niyatlarini, yorug‘ chehrasini namoyon etishga intiladi.
Shu fayzli, shodiyona kunlarda har qanday gina va arazlar, nizo va adovatlar unutiladi, yurtdoshlarimiz sumalak, halim, ko‘ksomsa kabi tansiq taomlar tortilgan dasturxonlar atrofida to‘planib, qalbini dunyoga keng ochib, Navro‘z ne’matlarini, bayram quvonchini yaqinlari, yoru birodarlari bilan baham ko‘rishni istaydi. Barcha-barchaga sog‘liq-omonlik, baxt-saodat tilaydi, tabarruk keksalarni ziyorat qilishga, ularning duosini olishga hozir bo‘ladi», — deb davom etdi Islom Karimov.

«Shu mo‘tabar ayyomda bemorlar, yetim-esirlarning, muhtoj insonlarning ko‘nglini, ruhini ko‘tarish, barcha savob ishlarni amalga oshirish — bularning hammasi xalqimizning qon-qoni, ong-ongiga singib ketganidan, yaxshilik va ezgulikni doimo yuragida saqlab kelayotganidan darak beradi. Ayni shunday paytlarda o‘zimga o‘zim bir savol beraman. Dunyoda bizning mehribon, mehmondo‘st xalqimizga o‘xshagan xalqni topish mumkinmi o‘zi? Aminman — hech qachon!» — deb alohida urg‘uladi u.

«Aziz do‘stlarim, birodarlarim, bizning xalqimiz nimani istaydi? Avvalo, o‘z yurtida va qo‘shni mintaqalarda, butun olamda tinchlik-osoyishtalik hukm surishini, turli-turli hududlarda davom etayotgan mojaro va qarama-qarshiliklar kuch ishlatmasdan, faqatgina tinchlik yo‘li bilan, siyosiy muzokaralar yo‘li bilan hal qilinishini xohlaydi. O‘z osmonining musaffo bo‘lishini, tinchlik barqaror bo‘lgan hayotni istaydigan xalqimiz o‘zgalarga ham ayni shunday tilaklarni ravo ko‘radi», -deb ta'kidladi davlat rahbari.

«Mana shu shukuhli, tarovat sochilib turgan damlarda shu muazzam bog‘da bizga mehr bilan boqib turgan buyuk Alisher Navoiy bobomizning „Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!“ — degan tilaklari xuddi yangitdan qulog‘imizga chalingandek tuyulsin, shunday xush kayfiyat siz, azizlarimga, butun el-yurtimizga doimo yor bo‘lsin»,- deb istagini bildirdi Islom Karimov.

«Bugun hayotga kirib kelayotgan, bilagi kuch-quvvatga to‘lib borayotgan yigit-qizlarimizning ochiq chehrasiga boqib, aytmoqchiman — barchamiz bir narsani esimizdan chiqarmasligimiz zarur: Vatanimizning taraqqiyoti haqida, dunyoning rivojlangan demokratik davlatlari qatoriga ko‘tarilishimizni avvalo siz, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizning salohiyati, bilimga chanqoqligi va ilmu fan cho‘qqilarini o‘zlashtirishingizga, yetuk va barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishingizga qarab xalqaro jamoatchilik bizning nimalarga qodir ekanimizga baho beradi», -deb davom etdi u.

«Shuning uchun ham biz o‘zligini, o‘z qadr-qimmatini, Vatani oldidagi o‘z burchini chuqur anglagan, o‘z oldiga baland marralar qo‘yib, dunyodagi barcha tengdoshlari bilan bellashuvga tayyor farzandlarimni bizning ishonchimiz va tayanchimiz, hal qiluvchi kuchimiz, deb yuksak qadrlaymiz va siz yoshlarimizni e’zozlab kamol toptirishda o‘zimizni hech qachon ayamaymiz», -deb nutqiga yakun yasadi Islom Karimov.