1-apreldan O‘zbekiston aholisi va ulgurji iste’molchilarga beriladigan tabiiy gaz uchun Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan yangi tariflar joriy qilinmoqda, deb xabar berdi «O‘zbekneftegaz».

Yangi preyskurantga ko‘ra, aholiga beriladigan tabiiy gazning 1 kubometri hisoblagich bo‘lgan holda 151,74 so‘mdan 162,24 so‘mga yoki 8,9 foizga oshiriladi.

Hisoblagich bo‘lmagan holda ovqat pishirish va issiq suv ta’minoti uchun ishlatiladigan gazning 10 kubometri 2857,65 so‘mni tashkil qiladi (joriy tarif — 2624,15 so‘m).

Isitish uchun foydalaniladigan gazning 10 kubometri 1216,95 so‘mdan 1325,25 so‘mga ko‘payadi.

Aholi 1-aprelgacha foydalanilgan gaz uchun 10-aprelgacha joriy narxlar bo‘yicha hisoblagich ko‘rsatkichlariga muvofiq to‘lashi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, gaz tariflari bundan oldin o‘tgan yilning oktabr oyida 8,5 foizga oshirilgan edi.

Avval xabar berganimizdek, 1-apreldan elektr energiyasi, issiq suv va sovuq suv ta’minoti hamda isitish uchun tariflar ham oshirilmoqda.