15 mart bo‘lib o‘tgan umumxalq xayriya hasharida12 million nafardan ziyod o‘zbekistonliklar qatnashdi, shulardan 8 mln. nafardan ortig'ini yoshlar tashkil etdi. Bu haqda «Mahalla» fondi xabar bermoqda.

Hashar davomida 28 ming gektardan ziyod maydonda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. 12 mingga yaqin maxsus texnika vositalarini jalb etish orqali 45 ming tonnadan ziyod maishiy va qurilish chiqindilari belgilangan joylarga olib chiqib tashlandi.

19 ming kilometrdan ortiq ariq-zovurlar tozalanib, 9 mingdan ortiq ziyoratgoh va qabristonlar tartibga keltirildi. 19 mln.dan ortiq daraxtlarga shakl berilib, oqlandi.

Bundan tashqari, hashar kuni 9 million tupga yaqin manzarali va 7 million tupdan ziyod mevali daraxt nihollari hamda 10 million tupdan ortiq gul ko'chatlari o'tqazildi.

Hashar kuni mahallalarda aholiga maishiy xizmat ko'rsatish shoxobchalari, sport inshootlari, guzarlar, bolalar maydonchalari foydalanishga topshirildi.

An'anaga ko'ra, bu galgi xayriya hasharida ham keksa va nogironlar, yolg'iz qariyalar, boquvchisini yo'qotgan, kam ta'minlangan oilalarga mehr-muruvvat yordamlari ko'rsatildi.

Hashar kuni O‘zbekiston bo'ylab kam ta'minlangan oilalar, yolg'iz qariyalar, nogironlarning 310 ming kvadrat metrdan ziyod hajmdagi turar-joylari ta'mirlab berildi. Ko'makka muhtoj oilalar, nogiron va yolg'iz keksalarga 3,5 mlrd. so'mdan ortiq, shundan «Mahalla» fondi tomonidan 125 mln. so'mdan ziyod moddiy yordam ko'rsatildi.