O‘zbek qizlari o‘rtasida birinchi xalqaro grossmeyster — Nafisa Mo‘minova Vetnamdagi xalqaro turnirning xotin-qizlar bahsida birinchi o‘rinni egalladi.

To‘rtinchi marotaba tashkil etilgan «HDBank Cup International Open Chess Tournament — 2014» xalqaro turnirida dunyoning yigirmaga yaqin mamlakatidan sakson nafar shaxmatchi o‘zaro raqobatlashdi.

O‘zA xabar berishicha, Nafisa Mo‘minova turnir davomida to‘qqizta uchrashuvdan to‘rttasida g‘alaba qozondi va uch marotaba durang o‘ynab, jami besh yarim ochko jamg‘ardi. Bu natija turnirda qatnashgan xotin-qizlar o‘rtasida eng yuqorisi bo‘ldi va Nafisa Mo‘minova oltin medal va kubokni qo‘lga kiritdi.

Ushbu g‘alaba Nafisa Mo‘minovaning joriy mavsumdagi ikkinchi yutug‘idir. U yaqinda Rossiyada «Moscow-Open — 2014» xalqaro shaxmat festivali doirasidagi talaba grossmeysterlar ishtirokidagi turnirda kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.