O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi (AATTDQ) o‘z saytida O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarida istiqbolda yagona to‘qqiz xonali telefon raqamidan foydalanish masalalari haqida izoh berdi.

Xabarda aytilishicha, yagona to‘qqiz xonali telefon raqamidan foydalanish AATTDQning 2013-yil 26-dekabrdagi «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlari numeratsiya tizimi va rejasi to‘g‘risida»gi buyrug‘ida ko‘zda tutilgan. Hujjat Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqi(ITU)ning E.164 «Umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiya raqamlari numeratsiyasi xalqaro rejasi», iE.212 «Abonentlar va umumiy foydalanishdagi tarmoqlar uchun xalqaro identifikatsiya rejasi»da keltirilgan tavsiyalariga binoan ishlab chiqilgan.

Yagona to‘qqiz xonali numeratsiya tizimida mamlakat bo‘ylab istalgan qo‘ng‘iroqni amalga oshirish uchun to‘qqiz belgidan iborat raqam teriladi. U mahalliy yoki shaharlararo, statsionar telefon yoki uyali aloqa telefonlaridan, yagona yoki boshqa hududga, simsiz yoki simli aloqa orqali amalga oshirilayotgan qo‘ng‘iroqlarning barchasi to‘qqiz belgidan iborat raqam bilan teriladi.

Ayni vaqtda Toshkent shahri yoki biror bir viloyat hududi doirasida mahalliy qo‘ng‘iroqni amalga oshirish uchun yettita belgidan iborat telefon raqami teriladi. Boshqa viloyatga qo‘ng‘iroq amalga oshirilganda (shaharlararo aloqa) oldin 8 raqami, keyin 3 raqamdan iborat hudud kodi, misol uchun 373 (Farg‘ona viloyati) va so‘ngra yettita raqam teriladi. Simli aloqa telefonlaridan mobil telefonlarga qo‘ng‘iroqni amalga oshirish uchun avval 8 raqami, keyin uchta raqamdan iborat operator kodi (misol:59X) va so‘ngra yettita raqam terilishi zarur.

O‘zbekistonda mavjud telekommunikatsiya tarmoqlari abonentlariga Xalqaro kirish qo‘ng‘iroqlari (xorijiy mamlakat abonenti qo‘ng‘iroq qilsa) quyidagicha amalga oshiradilar:
— xalqaro tarmoqqa chiqish kodi (muayyan mamlakatga tegishli kod);
— O‘zbekistonning telekommunikatsiya kodi — 998;
— Hududga tegishli yoki mobil kompaniyaga tegishli kodning so‘nggi 2 ta raqami, misol uchun 73 (Farg‘ona viloyati) yoki 90 («Beeline»);
— Abonent raqami — yettita raqamdan iborat (XXXXXXX).

Bu kabi qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishda qo‘ng‘iroqni amalga oshiruvchi abonent muayyan hududning o‘zi uchun noqulay bo‘lgan 3 yoki 2 raqamdan iborat bo‘lgan zona kodini terishiga to‘g‘ri keladi.

Aksariyat Yevropa mamlakatlarida mobil aloqa tarmoqlari abonentining xalqaro yoki mahalliy telekommunikatsiya tarmog‘iga chiqish kodi — 0 raqami hisoblanadi. Fransiya telekommunikatsiya tarmoqlarida yagona numeratsiya tizimidan foydalaniladi. Xitoy, Germaniya, Moldaviya va boshqa mamlakatlarda shaharlararo qo‘ng‘iroq uchun raqam oldidan 0, xalqaro telekommunikatsiya tarmog‘iga ulanish uchun esa 00 raqamlari teriladi.

Yagona to‘qqiz xonali numeratsiya tizimiga o‘tish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda viloyatlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tezkor xizmatlar(yong‘inga qarshi kurash xizmati, militsiya, tez yordam va boshqalar)ning 0 bilan boshlanuvchi tezkor telefon raqamlari 1 bilan boshlanadigan, 3 yoki 4 xonadan iborat raqamga o‘zgartiriladi (Bu bosqich Toshkent shahrida amalga oshirilgan).

Shundan so‘ng hozir shaharlararo telefon qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirishda foydalanilayotgan 8 raqami o‘rniga 0, xalqaro aloqalarda terilayotgan 8-10 raqamlari o‘rniga 00 raqamlari foydalaniladi. Mazkur bosqich amalga oshirilganidan so‘ng yagona to‘qqiz xonali numeratsiya tizimiga o‘tiladi.

Barcha viloyatlar va operatorlar o‘zlarining hudud kodlari numeratsiyasi va identifikatsiyasining so‘nggi ikkita raqamini saqlab qoladi. Faqatgina Navoiy viloyatiga amaldagi 436 kodi o‘rniga yangi — 79 kodi beriladi.
Mazkur tizimga o‘tishning qulayligi shundan iboratki, terilgan muayyan raqamning qaysi mobil operatorga tegishli ekanini bilish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, yagona nomerni aniklash tizimi o‘rnatish orqali mobil aloqa operatorlarining GSM standarti abonentlari uchun avtoqo‘ng‘iroq bilan bog‘liq muammolarning oldini olishga erishiladi.

Abonentlarning yangi — yagona to‘qqiz xonali numeratsiya tizimiga o‘tish jarayonidan ortiqcha tashvishga tushishlariga hojat yo‘q. Mazkur jarayonlarning barchasi ular tomonidan foydalanilayotgan telefon raqamlariga o‘zgartirish kiritmagan holda, faqatgina mazkur raqamlar oldiga qo‘shimcha 00 raqamlarini qo‘yish orqali amalga oshiriladi. Bu o‘zgarshilar xususida abonentlar xabardorligi ta’minlanadi.