O‘zbekistonda Konstitutsiyaning ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining axborot xizmati xabar berishicha, quyi palatada Konstitutsiyaning ayrim moddalariga (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga) o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasining muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013- yil 7-dekabrda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 21 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi mamlakatda olib borilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni sezilarli darajada chuqurlashtirish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining huquqlari va vakolatlarini yanada kengaytirish, Vazirlar Mahkamasining, umuman, ijro etuvchi organlarning javobgarligini, jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirishga doir ustuvor vazifalarni belgilab bergan ma’ruzasida bayon etilgan qoidalar va g‘oyalarga muvofiq tayyorlandi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, Prezident vakolatlarining bir qismini Bosh vazirga o‘tkazishni, umuman olganda, Vazirlar Mahkamasining vakolatlari va huquqlarini oshirishni nazarda tutuvchi tuzatishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, ilk bor jamoatchilik va fuqarolik nazorati institutini konstitutsiyaviy yo‘l bilan mustahkamlanishi rejalashtirilgan. Bu, jamiyatning davlat bilan samarali aloqasini ta’minlashning, odamlar kayfiyatini, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarga bo‘lgan munosabatini aniqlashga yodam berishi kerak.

Qonun loyihasida ijro etuvchi hokimiyat ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini ta’minlash yuzasidan yaxlit tizim shakllantirilish nazarda tutilgan. Mahalliy hokimiyat vakillik organlarining huquqlarini ancha
kengaytiruvchi qoidalar kiritilmoqda.

Bosh vazir lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotgan va tasdiqlanayotganida Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etishi haqidagi norma konstitutsiyaviy mustahkamlab qo‘yilmoqchi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi demokratik tuzilishining mustaqil tizimi, shuningdek, uning faoliyatining asosiy prinsiplari konstitutsiyaviy yo‘l bilan mustahkamlanadi.

Majlis yakunlariga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini birinchi o‘qishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining muhokamasiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.