12-mart kuni deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi siyosiy partiyalarning 2013-yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlarini ko‘rib chiqdi.

Qonunchilik palatasining axborot xizmati xabar berishicha, ushbu masala bo‘yicha Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasining raisi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashining raisi, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasining raisi, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasining raisi hisobot ma’ruzalari bilan so‘zga chiqdilar.

Ma’ruzachilar O‘zbekistonning barcha siyosiy partiyalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda moliyaviy hamda buxgalterlik hisobotini taqdim etganligini ta’kidladilar. Ular hisobot davrida moliyaviy va boshqa mablag‘larning kelib tushishi va sarflanishi haqidagi moliyaviy hujjatlarni moliya organlariga, davlat soliq xizmati organlariga, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga va Adliya vazirligiga o‘z vaqtida topshirdilar.

Ushbu masalani muhokama etish chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari so‘zga chiqdilar. Deputatlarning fikricha, siyosiy partiyalarning moddiy-moliyaviy, tashkiliy-kadrlar hamda boshqa resurslari ularning o‘z dasturiy maqsadlari va vazifalarini amalda ro‘yobga chiqarishda katta ahamiyatga ega, shu sababli ular shaffof va qonuniy, doimo jamoatchilik nazoratida bo‘lishi muhimdir. Shuningdek, ko‘ppartiyaviylik tizimi rivojlanayotgan, parlamentda va jamiyatda siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobat kuchayib borayotgan sharoitlarda bu masala doimo deputatlarning diqqat-e’tiborini talab qiladi. Xususan, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayotgan davrda byudjet mablag‘laridan juda oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish lozim.

Muhokama chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, deputatlar siyosiy partiyalarning 2013-yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlarini ma’lumot uchun qabul qildilar.

Shundan so‘ng Oliy Majlisning quyi palatasi O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2013-yilgi hisobotini ko‘rib chiqdi. Hisob palatasi raisining o‘rinbosari Q.Akmalov hisobot bilan so‘zga chiqdi.

Byudjet to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2012-yilgi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotning tashqi auditi va uni baholash o‘tkazildi, soliq va byudjet siyosatining 2014-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari hamda mamlakatimizning 2014-yilgi Davlat byudjeti loyihasi ekspertiza qilindi. Hisob palatasi tomonidan respublika va mahalliy miqyosda Davlat byudjetining shakllanishi va ijrosi ustidan nazorat tashkil etildi, byudjet mablag‘larining qonuniyligi, maqsadli yo‘naltirilishi va ulardan samarali foydalanilishi tekshirildi.

Davlat byudjetining daromad qismi to‘g‘ri shakllantirilishi, shuningdek, hududlarda va tarmoqlar bo‘yicha byudjetdan moddama-modda va to‘liq foydalanilishi tahlil qilindi, asosiy daromad manbalari bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarining haqiqiyligiga baho berildi. Bundan tashqari, Hisob palatasi tomonidan davlat byudjetiga jamlanadigan byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘larining shakllantirilishi, ularning maqsadli, oqilona va samarali sarflanishi ustidan uzluksiz nazorat amalga oshirildi, boshqa muhim yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar olib borildi. «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi qonunni ijro etish maqsadida Hisob palatasi siyosiy partiyalarning moliyaviy mablag‘lari shakllantirilishini, shuningdek, ulardan maqsadli foydalanilishini tekshirdi.

Muhokama chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2013-yilgi hisobotini tasdiqladi va tegishli qaror qabul qildi.