11-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildi. Endi qonun Oliy Majlis Senatiga yuboriladi, deb xabar bermoqda Qonunchilik palatasining axborot xizmati.

Mazkur hujjat fuqarolarning axborotga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishga qaratilgan, unda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilish tartib-taomillari belgilab qo‘yilgan, davlat organlari faoliyatining, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar siyosatining, davlatning tashqi va ichki siyosatining shaffofligini, ochiqligini, siyosiy plyuralizmni, mamlakatda va undan tashqarida ro‘y berayotgan hodisalar haqidagi fikrlar xilma-xilligini hisobga olgan holda ta’minlash masalalari nazarda tutilgan.

Qonunda jismoniy va yuridik shaxslarning axborotdan foydalanishini ta’minlashga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining hamda ular mansabdor shaxslarining qabul qilinayotgan qarorlar uchun javobgarligini oshirishga, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni tarqatish tartibini belgilashga doir asosiy vazifalar belgilangan hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligining asosiy prinsiplari tartibga solingan.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi, deputatlar fikriga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan foydalanishining, bunday axborotni olishga bo‘lgan kafolatni ta’minlashning huquqiy asoslarini mustahkamlaydi.