Eronning Dizin shahrida tog‘ chang‘isi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 1 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldilar.

O‘zbekiston Olimpiya qo‘mitasining axborot xizmati xabar berishicha, terma jamoa hisobiga oltin medalni Artem Voronov slalom bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqada keltirdi. Sochi shahri (Rossiya)da o‘tkazilgan XXII qishki Olimpiada o‘yinlari yakunlanishi bilan Osiyo chempionatiga yo‘l olgan Artem Voronov oltin medal bilan birga 2 ta kumush va 1 ta bronza medaliga ham sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston terma jamoasi yetakchilaridan yana biri Svetlana Baranova bir yo‘la to‘rt yo‘nalishning (slalom, slalom-gigant, super-gigant, super-kombinatsiya) barchasida bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Qit’a chempionatida terma jamoa tarkibida Komiljon To‘xtayev va Arkadiy Semenchenko ham qatnashgan edilar. Ular uchun Osiyo chempionati bahslari o‘ziga xos maxorat maktabi vazifasini o‘tadi.