O‘zbekistonda yuqori lavozimdagi mansabdor shaxslar endilikda xorijga faqat mamlakat Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va Prezident devonining tegishli xizmatlarining maxsus ruxsati bilan chiqa oladilar.

Bunday chora amaldorlarning xizmat safarini samaradorligini oshirish, O‘zbekiston Respublikasi milliy xavfsizligini ta’minlash va davlat sirlarini saqlash maqsadida qabul qilingan, deb aytilmoqda 5-martda qabul qilingan O‘zbekiston Prezidentining «Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risi»dagi qarorida.

Xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga chiqishi uchun maxsus kelishuv talab qilinganlar qatoriga Bosh Vazir, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining rahbarlari va o‘rinbosarlari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Oliy xo‘jalik sudi sudyalari kabi davlat hokimiyatining barcha yuqori mansabdor shaxslari kirgan. To‘liq ro‘yxat hujjatda keltirilgan.