Osiyo Kubogining saralash musobaqasining "E" guruhidan joy olgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi so‘nggi — oltinchi tur uchrashuvini Birlashgan Arab Amirliklari futbolchilariga qarshi 1:1 durang natija bilan o‘tkazdi.

Saralash musobaqasi yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 11 ochko bilan o‘z guruhida ikkinchi o‘rinni egalladi va kelasi yili qit’aning futbol bo‘yicha eng nufuzli musobaqasi — Osiyo kubogida ishtirok etadi.

Birinchi bo‘limda ustunlik o‘zbekistonliklar tomonida bo‘lganiga qaramay, butun jamoa bo‘lib himoyalangan raqib darvozasiga yo‘l topishning imkoni bo‘lmadi.

O‘yinning ikkinchi yarmida Vitaliy Denisovning xatosidan unumli foydalangan Ismoil Al-Hammadiy hisobni ochdi. Futbolchilarimiz mag‘lubiyatdan qutulish uchun hujumni yanada kuchaytirdi. Bu urinishlar o‘z samarasini berdi. 84-daqiqada Sardor Rashidovning qanotdan oshirgan to‘pini hujumchi Igor Sergeyev boshi bilan raqib darvozasi to‘riga aniq joyladi.

Uchrashuvning qolgan daqiqalarida o‘zbekistonliklar oldinga intilgan bo‘lsa-da, g‘alaba to‘pini kiritish uchun vaqt yetishmadi — 1:1.