7-16- mart kunlari Rossiyaning Sochi shahrida XI qishki Paralimpiya o‘yinlari o‘tkaziladi. Bu o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini Yevgeniy Slepov va Ramil Gayazovlar himoya qiladilar. Har ikki sportchi ham 2013- yili Gollandiyaning Landgraf shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmalarini qo‘lga kiritishgan.

Yevgeniy Slepov snoubord musobaqalarida bahslarga kirishsa, Ramil Gayazov tog‘ chang‘i sporti bo‘yicha o‘tkaziladigan bahslarda g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Hamyurtlarimizdan birinchi bo‘lib bahslarni 13 mart kuni (Toshkent vaqti bilan soat 17:15 da) Ramil Gayazov boshlab beradi.14 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 11:00 da Yevgeniy Slepov bahslarga kirishadi.

O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Umidjon Ahmadjonov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari 4 mart kuni Sochi shahriga jo‘nab ketishdi. 5-mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da Paralimpiya shaharchasida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tadi.

XI qishki Paralimpiya o‘yinlarining ochilish tantanalari 7 mart kuni Toshkent vaqti bilan 20:00 da boshlanadi. Ushbu marosimda Davlatimiz bayrog‘ini Ramil Gayazov stadion uzra olib o‘tadi.

Mazkur musobaqada 47 davlatdan 1600 nafar sportchi 72 ta komplekt medallar uchun bahs yuritadi. Paralimpiya o‘yinlarida tog‘ chang‘isi, chang‘i poygasi, slej-xokkey, biatlon va kerling (kolyaskada) sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi.