Toshkentda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zA.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda Koreya Respublikasi xalqaro savdo uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbir o‘zaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.

Biznes-forum doirasida Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bilan Koreya Respublikasi xalqaro savdo uyushmasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Forumda Koreya Respublikasi ishbilarmonlari mamlakat iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususiylashtirish jarayoni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy, «Jizzax» va «Angren» maxsus industrial zonalaridagi qulaylik va imtiyozlar, Janubiy Koreyaning mamlakat da muvaffaqiyatli ish yuritayotgan kompaniyalari faoliyati bilan atroflicha tanishtirildi.
Koreya Respublikasining o‘ttizdan ziyod yirik kompaniyasidan vakillar ishtirok etgan forumda ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi. Savdo, iqtisodiyot, sarmoya, mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, kimyo va qurilish kabi sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga, Koreya Respublikasi kompaniyalarini mamlakatdagi xususiylashtirish jarayoniga keng jalb etishga oid masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekistonning qator kompaniya va korxonalari hamda Koreya Respublikasi ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperatsion birja bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat tadbirkorlari o‘zaro manfaatli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan fikrlashib oldilar.

Koreya Respublikasi bilan O‘zbekiston o‘rtasida savdo aloqalari borasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan. Koreya O‘zbekiston iqtisodiyotiga umumiy hajmi 5 milliard AQSh dollarlik sarmoya kiritgan.
O‘zbekistonda Koreya Respublikasining 78 firma va kompaniyasining vakolatxonasi, 418 qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 2013-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2,1 milliard AQSh dollaridan oshdi. Janubiy koreyaliklar ishtirokida qator strategik loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, «Surg‘il» koni negizida Ustyurt gaz-kimyo kompleksi barpo etilmoqda, Toshkent viloyatida to‘qimachilik majmuasi tashkil qilinmoqda.

Avvak xabar berganimizdek, koreyalik tadbirkorlar tashrif doirasida «Angren» maxsus industrial zonasida ham bo‘ldi. «Angren quvur», «Angren shakar» zavodlari, diodli yorug‘lik lampalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «EGL-NUR» korxonasi hamda «Angren» xalqaro logistika markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.