25-fevral kuni Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar «Sudyalarning malaka hay’atlari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun qabul qildilar. Bu haqda Qonunchilik palatasining axborot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 30-noyabrda qabul qilingan «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq ishlab chiqildi. Unda sudyalar lavozimlariga nomzodlarni tanlash, tayyorlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari tizimini tubdan yaxshilash, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini bundan buyon ham ta’minlash, sudyalarning malaka hay’atlari faoliyatining tashkil etilishini takomillashtirish chora-tadbirlari nazarda tutilgan.

Muhokama chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda Qonunchilik palatasi ushbu qonunni qabul qildi. Qonun ma’qullash uchun Oliy Majlis Senatiga yuboriladi.

So‘ngra deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Qonun loyihasi O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligining O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi etib o‘zgartirilishi munosabati bilan ishlab chiqildi. Ayrim huquqiy normalarni amaldagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish maqsadida «Radiochastota spektri to‘g‘risida»gi, «Aloqa to‘g‘risida»gi qonunlarga, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Havo kodeksiga tuzatishlar kiritilmoqda.

Har tomonlama moddama-modda muhokama chog‘ida deputatlar qonun loyihasini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar va fikr-mulohazalarni bildirdilar. Mas’ul qo‘mitaga qonun loyihasini keyingi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlash chog‘ida deputatlar fikrlarini inobatga olish topshirildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi o‘z vakolat doirasiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi.