24-fevral kuni Prezident Islom Karimov Navro‘z bayramini yuksak saviyada, munosib tarzda nishonlash to‘g‘risidagi qarorga imzo chekdi. Qarorning to‘liq matni O‘zA sahifasida keltirilgan.

Qarorda ushbu umummilliy bayramning insonlarning ma’naviy hayotidagi o‘rni va ta’siri, insonning tabiat bilan uyg‘un bo‘lib yashashi, uning qalbida ezgulik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik kabi olijanob tuyg‘ularni uyg‘otish, jamiyatda o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodimizni milliy qadriyat va an’analarimiz ruhida kamol toptirish borasidagi ahamiyati tobora ortib borayotgani ta'kidlangan.

Navro‘z bayramini yuksak saviyada, munosib tarzda nishonlash maqsadida bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita va ijodiy guruh tarkibi tasdiqlangan. Tashkiliy qo‘mita va uning hududiy bo‘limlariga Navro‘z bayramini Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga qaratilgan, «Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!» degan shiorni asosiy g‘oya sifatida o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish topshirilgan.