Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev bir guruh iqtidorli yoshlar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Qizg‘in fikr almashuvlar tarzida o‘tgan tadbirda yoshlar o‘z taklif-mulohazalari, hayotda uchraydigan ayrim muammolar to‘g‘risidagi fikrlari bilan faol qatnashdi.

Viloyatning barcha tumanlarida yoshlar markazi, ruhiy ko‘mak markazi, Qarshi shahrida esa elektron kutubxona tashkil etish, shuningdek, noan’anaviy talabalar bog‘i barpo etib, u yerda kutubxona, kitob do‘koni, simsiz internet va boshqa xizmatlarni yo‘lga qo‘yish kabi takliflari ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Uchrashuvda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yoshlar ham o‘zlari amalga oshirayotgan ishlar va kelgusi rejalari haqida fikr almashdi. Masalan, viloyat markazida tikuvchilik to‘garagiga rahbarlik qilayotgan yosh tadbirkor Gulmira Xidirova faoliyatini kengaytirish uchun qo‘shimcha tikuv mashinalariga ehtiyoji borligini aytdi. Viloyat hokimi bu taklifni qo‘llab-quvvatladi va Gulmiraning to‘garagi 20 tikuv mashinasi bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.

Tadbir yakunida o‘z yo‘nalishi bo‘yicha salmoqli yutuqlarga erishayotgan iste’dodli yigit-qizlarga viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi.