Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida paralimpiyachilar o‘rtasida davom etayotgan yengil atletika bo‘yicha Gran­-pri turnirida Faxriddin Hamroyev Osiyoning yangi rekordini o‘rnatdi.

O‘zA xabar berishicha, musobaqaning erkaklar o‘rtasidagi 1500 metr masofaga yugurish bahsida paralimpiyachi Faxriddin Hamroyev 4 daqiqayu 03,94 soniyada yugurdi. Natijada, Hamroyev Osiyoning yangi rekordini o‘rnatdi.

Yana bir sportchi Ubaydulla Imomqulov 800 metr masofaga 2 daqiqayu 07,20 soniyada yugurib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Uzunlikka sakrash bahsida jahon chempionati sovrindori Doniyor Soliyev 6,56 metrga sakrab, kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Miran Saxatov 5,49 metr natija bilan to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Dubayda dunyoning qirqqa yaqin davlati vakillari ishtirok etayotgan turnirda O‘zbekiston sharafini sakkiz nafar paralimpiyachi himoya qilmoqda.