O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Shuhrat Arslonov (-81 kg) Germaniyaning Dyusseldorf shahrida o‘tkazilayotgan Gran-Pri turnirida bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Olimpiya Milliy qo‘mitasining axborot xizmati xabar berishicha, Shuhrat Arslonov dastlab gollandiyalik Van de Kamera Nilni, so‘ngra esa Konstantin Tip (Moldova) va Sirajuddin Magametovni (Rossiya) yengib, yarim finalda amerikalik Stevens Travisga imkoniyatni boy berdi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan musobaqada rossiyalik Stanislav Semenovni yengan sportchi yakunda sovrindorlar safidan o‘rin egalladi.

24-fevral kuni yana ikki nafar O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Erkin Doniyorov (-90 kg) va Kamoliddin Xolmatov (-90 kg) tatamiga chiqadilar. Bunga qadar terma jamoamiz a’zolaridan Baxrom Inoyatov (- 60 kg), Ulug‘bek Norqobilov (- 66 kg), Hamidjon Mo‘minov (- 66 kg), Muhammadlaziz Qayumov (- 73 kg), Sarvar Shomurodov (- 73 kg) va Temurxon To‘rayev (- 81 kg) ishtiroklarini yakunlashdi.

Gran-Pri turkumiga kiruvchi mazkur nufuzli musobaqada dunyoning 55 davlatidan 400 nafardan ziyod dzyudochilar ishtirok etmoqda.