Boks bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari Rossiyaning Anapa shahrida o‘tkazilgan an’anaviy xalqaro turnirda ikkita kumush, to‘rtta bronza — jami oltita medalni qo‘lga kiritishdi, deb xabar bermoqda O‘zA.

56 kilogramm vazn toifasida ringga chiqqan Abdulhay Shorahmatov rossiyalik Nodirxon Zagidov, AQSh terma jamoasi a’zosi Karlos Balderas, armanistonlik Erik Petrosyan ustidan qozongan g‘alabalari evaziga kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Vazni 81 kilogramm bo‘lgan Tohirjon Obidov ham ozarbayjonlik Nijat Sodiqovni 3:0 hisobida, rossiyalik Nikita Isimbekovni nokaut bilan mag‘lub etib, shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolaridan Shukurjon Rahimov, Sunnatulla Bahodirov, Muzaffar Rashidov, Mahmud G‘oipov bronza medallariga loyiq topildi.

Musobaqada dunyoning yigirmaga yaqin mamlakatidan 140 nafardan ziyod yosh bokschi ishtirok etgan.