21-fevralda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2013- yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobot ko‘rib chiqildi.

Qonunchilik palatasi axborot xizmatining xabar berishicha, o‘tgan davrda Hisob palatasi tomonidan bir qator vazirlik va idoralarda Davlat byudjeti mablag‘laridan qonuniy, maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan belgilangan tartibda nazorat tadbirlari hamda Namangan, Surxondaryo va Jizzax viloyatlari mahalliy byudjetlarining 2012- yilgi ijrosi va mablag‘larning sarflanishi, byudjet xarajatlarini optimallashtirish rezervlarini aniqlash va ulardan samarali foydalanish yuzasidan tekshirishlar amalga oshirilgan.

Tadbirda ayrim mahalliy hokimiyatlarda byudjet daromadlarini ko‘paytirish chora-tadbirlarini izlash, mavjud imkoniyatlarni ishga solish o‘rniga davlat byudjetidan berilgan mablag‘larni maqsadsiz va samarasiz sarf qilinishiga yo‘l qo‘yayotganliklari, mutasaddi rahbarlarning ushbu muhim masalaga e’tiborsizlik qilayotganliklari va boshqa kamchiliklar keskin tanqid qilindi.

Muhokamalar chog‘ida Hisob palatasi aniqlagan kamchiliklar va qonun buzilish holatlarining kelib chiqish sabablarini bartaraf etish masalasiga vazirlik, idora va mahalliy hokimlik mutasaddi rahbarlari tomonidan prinsipial yondashilmagani, byudjet mablag‘laridan foydalanishda va byudjetlar ijrosini ta’minlashda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilayotganligi deputatlar tomonidan alohida qayd etildi.

Hisob palatasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida 2013- yilda 79 mlrd.so‘mlik Davlat yoki xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning iqtisodiy manfaatlariga yetqazilgan zararning undirilishiga erishildi.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda deputatlar Hisob palatasi tekshirish o‘tkazgan vazirlik, idoralar, mahalliy hokimliklar, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar rahbarlarining mamlakatda yaratilgan qulay iqtisodiy muhit va imkoniyatlardan unumli foydalanishga, mavjud rezervlarni izlab topish va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratishlari lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda 2014- yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish, barcha yo‘nalishlarda samaradorlikni ta’minlash, moliyaviy intizomga qat’iy rioya qilish, shuningdek byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish sohalarida Hisob palatasining nazorat tadbirlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha tavsiya va takliflar berildi.