14- fevral kuni «O‘zbekkino» Milliy agentligida kengaytirilgan majlisida ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar studiyasi faoliyati qoniqarsiz topildi, studiya rahbariyati va ijodkorlari oxirgi yillarda hujjatli filmlarni professional, davr talabi va ruhiga mos ravishda ishlab chiqara olmayotgani va ular mavzusini to‘laqonli ochib bera olmayotgani keskin tanqid qilindi.

Agentlik matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston mustaqilligining 22 yilligiga bag‘ishlab, hukumat topshirig‘i bilan yaratilgan hujjatli filmlarga buyurtmachilar e’tiroz bildirgan, agentlik qoshidagi badiiy kengash ularni bir necha marta qayta ishlab chiqarishga tavsiya qilganiga qaramasdan ahvol o‘nglanmagan.

Shuningdek, agentlik bosh direktori Jahongir Qosimov majlis ishtirokchilari e’tiborini agentlik viloyat bo‘limlarining faoliyati tahliliga qaratdi va ularning aksariyati faoliyati qoniqarsiz ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Viloyatlardagi kinoteatrlar faoliyati tahlil qilib chiqilganda mavjud 241 ta kinoteatrdan faqat 92 tasi belgilangan talab asosida faoliyat yuritayotgani, 144 tasi esa kinofilmlar namoyishi bilan umuman shug‘ullanmay, savdo majmuasi, restoran, ombor yoki ma’muriy binolarga aylantirilgani, ustav fondida davlat ulushi 25 foizdan 100 foizgacha bo‘lgan 33 ta kinoteatrdan faqat 13 tasi ishlab turgani qayd etildi.

Viloyat kinoteatrlardagi qoniqarsiz ahvol Toshkent shahridagi kinoteatrlarda ham mavjud.

18-fevral kuni «O‘zbekkino» Milliy agentligi rahbariyatining Toshkent shahridagi kinoteatrlar rahbarlari bilan uchrashuvda, bosh direktor Jahongir Qosimov bugungi kunda poytaxtdagi aksariyat kinoteatrlar kinofilmlar namoyishi bilan shug‘ullanmayotgani, mavjud 15 ta kinoteatrdan (Kinochilar uyi bilan A. Navoiy nomidagi kino saroyini istisno qilganda) faqat 5 tasi litsenziya olib, kino namoyishi bilan shug‘ullanayotgani, qolganlari esa yo ishlamayotgani, yoki binosidan asosiy faoliyat turi qolib, (masalan, «Farangiz Yulduzi» MCHJga qarashli "Sharq kinoteatrida o‘simliklardan dori tayyorlash sexi faoliyat ko‘rsatmoqda) boshqa maqsadlarda foydalanilayotganidan tashvish bildirdi.

Yagona film namoyishi tizimi yo‘qligi sababli respublikada har yili ishlab chiqarilayotgan 70 ga yaqin kinofilmning namoyishini tashkil qilishda bir qancha muammolar mavjudligi bildirildi.

Bugungi kunda ishlab turgan kinoteatrlar kinozallarining jami 4000 ta o‘rindig‘i bor. Toshkent shahrida 220 ming nafar maktab, 110 ming nafar kollej va litsey o‘quvchisi hamda 20 ming nafar oliy o‘quv yurti talabasi borligi hisobga olinsa, bu juda kam.

«O‘zbekkino» Milliy agentligi viloyat bo‘limlari va kinoteatrlar rahbarlaridan ushbu kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha muayyan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishni talab qilindi.

Majlisda milliy kinematografiya bilan bog‘liq boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, 2013- yil mobaynida «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasi bilan «Vijdon», «Odnoklassniki.ru», «Xonadon egasi», «Quduq», «Bekatdagi odam», «Tog‘a», «Poyga», «Qo‘rg‘on» singari tasvirga olingan badiiy filmlar respublika kinoteatrlarida namoyish etilmoqda. «Ko‘rgim keladi» badiiy filmining premerasi yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadi. «Men yoningdaman», «Sehrli qalpoqcha-2», «Zarba» singari badiiy filmlarini ishlab chiqarish ishlari ham nihoyasiga yetkazilib, yaqin kunlarda ular ham tomoshabinlar hukmiga havola qilinadi.

Agentlik buyurtmasi bilan 2013- yilda «O‘zbekfilm» kinostudiyasida «Rahmat senga, ertak!», «Ochko‘z xo‘roz», «Donishqishloq hangomalari», «Qilich botir», «Tanballarning jazosi», «Chalpak yoqqan kun», «Sinema-servis» studiyasida «Tilbilistonga sayohat» nomli multiplikatsion filmlar ishlab chiqarildi va birin-ketin namoyish etilmoqda.

2013- yilda «Zumrasha» hajviy videojurnalining navbatdagi to‘plami yaratildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar studiyasi va «Qoraqalpoqfilm» kinostudiyasi va boshqa studiyalarda «Ijtimoiy hamkorlik makoni», «Andijonlik qahramon», «Zararli aqidalar», «Hayot kushandasi», «Lochinlar», «Kelajak — yoshlar qo‘lida», «Toshkent geologiya muzeyi», «Mahmud Koshg‘ariy», «Millatimiz faxri», «Ravnaq yo‘lida», «Zargar», «Uzoq o‘tmishdan meros» «Sog‘lom millat buyuk ishlarga qodir», «Jo‘shqin ranglar asiri», «Oltin beshik davri adabiyoti» (2 qism) singari hujjatli filmlar yaratildi.