7-16- mart kunlari Rossiyaning Sochi shahrida bo‘lib o‘tadigan XI Paralimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida O‘zbekiston bayrog‘ini Ramil Gayazov ko‘tarib o‘tadi, deb xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasining matbuot xizmati.

Ramil Gayazovdan tashqari Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekistondan Yevgeniy Slepov ham qatnashadi. Har ikki sportchi ham 2013 yili Gollandiyaning Landgraf shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmalarini qo‘lga kiritishgan.

Yevgeniy Slepov snoubord musobaqalarida bahslarga kirishsa, Ramil Gayazov tog‘ chang‘i sporti bo‘yicha o‘tkaziladigan bahslarda g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Bahslarni birinchi bo‘lib 13-mart kuni (Toshkent vaqti bilan soat 17:15da) Ramil Gayazov boshlab beradi. 14-mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 11:00da Yevgeniy Slepov bahslarga kirishadi. Ayni paytda Ramil Gayazov Toshkent viloyatining «Chimyon» sport bazasida, Yevgeniy Slepov esa Belgiya davlatida tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

XI qishki Paralimpiya o‘yinlarining ochilish tantanalari 7- mart kuni Toshkent vaqti bilan 20:00da boshlanadi. O‘zbekiston delegatsiyasi Sochi shahriga 4-mart kuni jo‘nab ketadi. 5- mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00da Paralimpiya shaharchasida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tadi.