Koreya Axborot jamiyati Milliy agentligi mutaxassislari 4 oy davomida O‘zbekistonda «elektron hukumat» tizimini joriy qilish jarayonlari va holati yuzasidan tadqiqot olib bordilar.

«Elektron hukumat» tizimini joriy qilish doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha o‘z tavsiyalarini koreyalik mutaxassislar 18-fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘quv seminarda taqdim etdilar. Bu haqda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo'mitasining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur tadqiqot davlat organlariga faoliyatlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashuvchi biznes va boshqaruv jarayonlarini qisman yoki tubdan qayta tashkil etish (business process reengineering, BPR), korxona va tashkilotning moddiy va moliyaviy manbaalaridan foydalanishda tejamkorlikka erishish, maqsad-vazifalarni bajarishda samaradorlik va tezkorlikka erishish maqsadida olib borildi.

Boshqaruv jarayonlarini qayta tashkil etish o‘z navbatida biror bir tashkilot faoliyatini bosqichma-bosqich o‘zgartirish emas, mehnat resurslarini yangi imkoniyatlarga jalb qilish, axborot texnologiyalari hamda biznes jarayonini qayta tashkil etish orqali natijadorlik va ishni tashkil etishda sezilarli o‘sishga erishishni anglatadi.

Biznes va boshqaruv jarayonlarini qayta tashkil qilish tashkilot va davlat idoralarining axborot texnologiyalariga zaruriyat mavjud bo‘lgan muayyan yo‘nalishlarida, jumladan, ish jarayonida, istiqbolli rejalashtirish va innovatsiyalarni joriy qilish va tashkillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Seminar mobaynida koreyalik mutaxassislar ishtirokchilarning boshqaruv kodlari(klassifikator)ni shakllantirish va yurgizish, markazlashgan kodlarni shakllantirish uslubini bir xillashtirish, davlat organlarining mavjud ma’lumotlar bazasi to‘g‘risidagi axborotlarni mufassal tahlil qilish, to‘plash, saqlash va o‘zgartirish qoidalari va tamoyillari, ma’lumotlar bazasini shakllantirishning shartlari va jarayonlari, zarur bosqichlari haqidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladilar

Seminarda davlat va xo‘jalik boshqaruvi, joylardagi mahalliy davlat boshqaruvi organlarining 100 dan ortiq mas’ul xodimlari qatnashdilar.
.