18-fevral kuni deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi navbatdagi majlisida «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasining konsepsiyasini ma’qulladi va uni birinchi o‘qishda qabul qilib, hujjatni ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlashni mas’ul qo‘mitaga topshirdi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish zarurligi 2010-yil noyabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida taklif etilgan O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida asoslab berilgan edi.

Qonun loyihasi fuqarolarning axborot olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan. Unda siyosiy plyuralizmni, mamlakatda va xorijda yuz berayotgan voqealar haqidagi fikrlarning xilma-xilligini inobatga olgan holda, jamoatchilikni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida xabardor qilish tartib-taomili belgilab berilmoqda, davlat organlari faoliyatining, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar siyosatining, davlat ichki va tashqi siyosatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash masalalari nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasida jismoniy va yuridik shaxslarning axborotdan foydalanishini ta’minlashdan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining va mansabdor shaxslarining qabul qilinadigan qarorlar uchun javobgarliligini oshirishdan, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborot tarqatish tartibini belgilashdan iborat qonunning asosiy vazifalari belgilangan.

Qonun loyihasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligining asosiy prinsiplari tartibga solingan. Ular tomonidan taqdim etiladigan axborotning hamma uchun qulayligi va ishonchliligi, ular faoliyatining oshkoraligi, axborot izlash, olish va tarqatish erkinligi, fuqarolarning izzat-nafsiga tajovuz qilinganda, shaxsiy hayotiga aralashilganda ularning himoyalanish bo‘yicha huquqlari va manfaatlariga, yuridik shaxslarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborot taqdim etishda o‘z obro‘-e’tiborini himoya qilishga oid huquqlariga rioya qilish shular jumlasidandir.

O‘zbekiston Prezidentining Farmoyishiga muvofiq 2013-yil mart-dekabr oylarida Samarqand va Buxoro viloyatlarida parlament amaliyotida ilk marotaba ushbu qonun loyihasining normalari sinovi bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazilgan edi. Eksperimentdan ko‘zlangan maqsad qonun loyihasining huquqiy qoidalarini yanada takomillashtirish, qonun loyihasi normalari amalga oshirilishining davlat boshqaruvi tizimi barqaror faoliyat olib borishiga, ushbu sohada axborot xavfsizligini ta’minlashga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’sirlarini baholashdan iborat bo‘ldi.

Huquqiy eksperiment chog‘ida qonun loyihasi qoidalarini amaliy jihatdan qayta ishlash, davlat organlari faoliyatining ochiqligi, oshkoraligini ta’minlash bo‘yicha uning normalari samaradorligini baholash, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari, aholining ularning faoliyati to‘g‘risidagi axborotni erkin olishi bo‘yicha talay chora-tadbirlar amalga oshirildi.