18-fevral kuni deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Xo‘jalik-protsessual kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni loyihasini ko‘rib chiqdilar. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu qonun loyihasida xo‘jalik sud ishlarini yuritishni yanada takomillashtirish, odil sudlovni ta’minlash, tadbirkorlik subyektlarining vaqtini tejash va xarajatlarini kamaytirish, sudlar faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanishning huquqiy normalari belgilab berilgan.

Bugun xo‘jalik protsessual qonunchilik hujjatlarida videokonferensiya-aloqa tizimlaridan foydalanish orqali majlislar o‘tkazish imkoniyati hali ham nazarda tutilmagan. Amaldagi normalarga muvofiq ishlarni ko‘rib chiqish ishni ko‘rib chiquvchi sud joylashgan yerda o‘tkaziladigan sud majlisida amalga oshiriladi. Bunday tartib sud joylashgan yerdan boshqa hududda joylashgan taraflarning, ish kassatsion instansiya sudida ko‘rib chiqilganda esa ikkala tarafning ko‘p vaqti va mablag‘lari sarflanishi bilan bog‘liq. Shu munosabat bilan qonun loyihasida nazarda tutilgan o‘zgartishlarning kiritilishi ushbu jarayon ishtirokchilariga, shu jumladan, sudda ishi ko‘rib chiqilayotgan, boshqa hududda joylashgan tadbirkorlik subyektlariga o‘zlari joylashgan hududdan chiqmagan holda sud jarayonlarida ishtirok etish, ularning moliyaviy va vaqt bilan bog‘liq xarajatlarini kamaytirish imkoniyatini beradi.

Videokonferensiya-aloqa tizimining joriy etilishi sud orqali himoya qilish huquqlarini amalga oshirish uchun qulayroq shart-sharoitlar yaratib beradi, odil sudlovni ta’minlaydi, shuningdek, butun xo‘jalik sudlari tizimining faoliyatini tashkil etish va bu faoliyat ustidan nazorat qilishda Oliy xo‘jalik sudi faoliyatining samaradorligini oshiradi.