Yaqin kunlarda O‘zbekistonda Janubiy Koreyaning INHA universiteti filiali ochiladi. Bu haqda dastlabki kelishuvlarga 2013-yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Azimovning Koreya Respublikasiga tashrifi davomida erishilgan edi, deb aytdi O‘zbekistonning Koreyadagi elchisi Alisher Kurmanov 16-fevral kuni The Korea Times gazetasiga bergan intervyusida.

Elchining so‘zlariga qaraganda, hozirgi paytda O‘zbekistonga Koreyadan tashrif buyurgan delegatsiya universitetning Toshkent filialini tashkil qilish bo‘yicha muzokaralarni olib bormoqda. Masala ijobiy hal etilgan taqdirda, INHA universitetining kampusi sentyabr oyida ochilishi mumkin va bu O‘zbekistonda chet el universitetining yettinchi filiali bo‘ladi.

Alisher Kurmanovning ta'kidlashicha, aynan shu universtitet tanlanganligining sababi, INHA universitetining IT va logistika kabi profil sohalarda kuchli mavqega egaligidir.

QS University Rankings'da INHA universiteti Osiyoning eng yaxshi universtitetlari ichida 85 o‘rinda joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda Toshkentda 6 ta xorij oliy ta’lim muassasasining filiali — Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiy akademiyasi, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Turin politexnika universiteti hamda Xalqaro Vestminister universiteti faoliyat yuritadi.