Bosh prokuraturaning jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan yolg‘iz yashovshi keksalarga nisbatan sodir etilgan qotillik va bosqinchilik holatlari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov tamomlandi. Bu haqda Bosh prokuraturaning matbuot xizmati xabar berdi.

Tergov davomida, uyushgan jinoiy guruh a'zolari J.Qosimov va N.Urazova o‘zlarni kommunal, tibbiyot yo‘hud ijtimoiy ta'minot xizmatlari xodimlari sifatida tanishtirib, keksalarni xonadonlariga to‘siqsiz kirib, ularga nisbatan qotillik, bosqinchilik va boshqa og‘ir turdagi jinoyatlarni qasddan sodir etganligi aniqlandi.

Prokuratura va ichki ishlar xodimlaridan iborat tarkibdagi tergov-tezkor guruhi tomonidan keng qamrovli tergov tadbirlari olib borildi. J.Qosimov va N.Urazova yashash joyida tintuvar o‘tkazilib, jinoyatchilar tomonidan jabrlanuvchilardan o'g‘irlangan ashyoviy dalillar topilib, olib qo‘yilgan.

Shuningdek, ayblanuvchilarning ko‘rsatuvlari hodisa sodir bo‘lgan joylarda tekshirilib, bir qator ekspertizalar tayinlangan hamda ish yuzasidan haqiqatni anishlashga qaratilgan boshqa tergov harakatlari o‘tkazildi.

Dastlabki tergov jarayonida, mazkur uyushgan jinoiy guruh tomonidan sodir etilgan barcha jinoyatlar fosh qilinib, har bir holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e'lon qilindi.

Tergov natijasiga ko‘ra, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan Oliy sudga yuborildi.